Kim Chen Inning jahlini kim chiqardi yoxud “Osiyo NATOsi” tuzilishi mumkin

18:28 01 Iyul 2024 Dunyo
340 0

Koreya Xalq Demokratik Respublikasi uzoq masofali ikkita raketa sinovini oʻtkazdi. Bu haqda Janubiy Koreya harbiylari maʼlum qilgan. “Deutsche Welle” nashriga koʻra, Pxenyan ikkita ballistik raketa uchirdi: ulardan biri taxminan 600 kilometr masofani bosib oʻtgan, ikkinchisi esa taxminan 120 kilometr uzoqlikka borib tushgan. Kim Chen In ushbu harakatni AQSH, Janubiy Koreya va Yaponiyaning “Osiyo NATOsi”ni tuzishda ayblaganidan koʻp oʻtmay sodir boʻldi.

Janubiy Koreyaning “Yonhap” axborot agentligi xabariga koʻra, raketalar Janubiy Xvanxe provinsiyasidan uchirilgan. Seul harbiy maʼmuri Shimoliy Koreyaning ushbu harakatlari mintaqadagi tinchlikka tahdid solishini bildirib, AQSH bilan kuchli mudofaa pozitsiyasini saqlab qolishni maʼlum qilgan.

Shimoliy Koreyaning KCNA axborot agentligi raketa sinovlari “yangi muhim texnologiya”ni oʻz ichiga olganini daʼvo qildi. Raketa uchirilishi Shimoliy Koreyaning Janubiy Koreya, Yaponiya va AQSH oʻtkazayotgan qoʻshma harbiy mashgʻulotlaridan norozilik belgisi boʻlishi mumkin.

Pxenyan ushbu harakatlarni “NATOning Osiyo versiyasi” deb atadi va oʻz suvereniteti hamda xavfsizligini himoya qilish uchun kuchli qarshi choralar koʻrishini bildirdi. “Kim Chen In boshchiligidagi KXDR xalqaro sanksiyalarga qaramay, yadroviy quvvatga ega raketalarni ishlab chiqmoqda”, deyiladi xabarda.

Maʼlumot uchun aytish uchun mumkinki, “NATOning Osiyo versiyasi” rasman mavjud emas, ammo u haqidagi “mish-mish”lar urchigan. Bu ehtimoliy ittifoqqa AQSH bilan yaxshi aloqalarga ega Yaponiya, Janubiy Koreya, Avstraliya va Hindiston kabi mamlakatlar kirishi mumkin.

Avvalroq Shimoliy Koreya va Janubiy Koreya oʻrtasidagi keskin munosabatlar haqida “Chegarada otilgan oʻq Koreya yarim orolida eskalatsiyaga sabab boʻladimi?” nomli maqola orqali maʼlumot berilgandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер