Kichik mahallada katta imkoniyat

Har bir tadbirkor oʻz ishini rivojlantirib, yangi imkoniyatlarni qoʻlga kiritishni orzu qiladi. Surxondaryo viloyati Shoʻrchi tumani Koʻklam mahallasida Yoʻlchi Ulugʻov rahbarlik qilayotgan “Shoʻrchi-Grand-Mebel” xususiy korxonasi aynan shunday tarixni yaratayotgan joydir. Dastlab faoliyatini ikki nafar ishchi bilan boshlagan boʻlsa, bugun korxonada 15 nafardan ziyod doimiy ishchi-xodim mehnat qilmoqda.
— Boshida bizda katta imkoniyatlar boʻlmagan, — deydi korxona rahbari. — Oddiy dastgohlarda bir necha turdagi kichik jihozlar ishlab chiqarish bilan cheklanganmiz. Qiyinchiliklar koʻp boʻldi, kredit, soliq masalalarida muammolar ham uchradi. Ammo davlatimizning tadbirkorlarga yaratgan qulayliklari yordamida barchasi osonlashdi. Imtiyozli kreditlar va soliq yengilliklari bizga yoʻl ochdi. Hozirda har yili 2100 dona mebel ishlab chiqaramiz. Rossiya, Xitoy va Turkiyadan keltirilgan uskunalar sifatli va bejirim mahsulotlar ishlab chiqarishimizda qoʻl kelmoqda. Mahsulotlarimiz nafaqat Surxondaryoda, balki qoʻshni viloyatlar, hatto Tojikiston bozorlarida ham talabgir.
Korxonada ustoz-shogird anʼanasi yaxshi yoʻlga qoʻyilgan. Bunda yoshlar mahoratini oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Toshkentdagi yirik mebel korxonalarida tajriba orttirgan ustozlar mahalliy yoshlarga ishlab chiqarish sirlarini oʻrgatmoqda. Bu orqali nafaqat “Shoʻrchi-Grand-Mebel”, balki tumanning boshqa kichik mebel ishlab chiqaruvchilari ham rivojlanmoqda.
Korxona xomashyo sifatiga ham katta ahamiyat beradi. Mahalliy yongʻoq, chinor, dub, qayragʻoch daraxtlari bilan bir qatorda, tashqi bozordan olib kelinayotgan sifatli materiallardan ham unumli foydalaniladi. Bu esa mahsulotlarning bozorda raqobatbardosh boʻlishiga xizmat qilmoqda.
Oʻtgan yili korxona qariyb 2 milliard soʻmlik mahsulot ishlab chiqarib, oltmish million soʻmdan ortiq sof foyda olgan. Yil boshidan buyon ish hajmi yanada oshgan. Qolgan daromadlardan ishchi-xodimlarga moddiy yordam beriladi, mahallada ijtimoiy homiylik koʻrsatiladi hamda korxonani kengaytirish ishlariga sarflanadi.
“Shoʻrchi-Grand-Mebel”da mehnat qilgan Ulugʻbek Ikromov oʻz tajribasi haqida shunday soʻzlaydi:
— Mebel yasashga qiziqishim boʻlsa-da, lekin tajribam yoʻq edi, — deydi korxona ishchisi Ulugʻbek Ikromov. — Bu yerda ishlash davomida katta tajriba ham orttiryapman. Ustozlar yordamida qattiq va yumshoq mebel tayyorlash sirlarini oʻzlashtirdim. Kelajakda men ham kichik ustaxona ochib, oʻz ishimni boshlash niyatidaman. Ish joyimiz yaxshi, sharoitlar juda qulay. Har birimizga oʻzimizga yarasha masʼuliyat beriladi. Jamoada hamjihatlik kuchli. Bu esa ishlashga boʻlgan ishtiyoqimizni oshiradi.
Kichik ustaxonadan boshlangan ish shunday qiyinchiliklar orqali oʻsib, mahalliy bozorda oʻz oʻrnini topmoqda. Yoʻlchi Ulugʻov rahbarligidagi “Shoʻrchi-Grand-Mebel” xususiy korxonasi nafaqat tadbirkorlikdagi oʻziga xos gʻoya va tajriba, balki yoshlarni kasbiy rivojlantirish, mahalliy mahsulotlar sifati va raqobatbardoshligini taʼminlashda ham muhim omil boʻlmoqda.
Bunday korxonalar tadbirkorlikning boshlangʻich nuqtalaridagi qiyinchiliklarni yengib oʻtishda, barqaror rivojlanishda namuna boʻlib xizmat qiladi. Zero, mehnat va sabr-matonat orqali har bir ishbilarmon oʻz orzusini amalga oshira oladi.
Farhod ESONOV
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring