Xush kelding, aylanay, husn-u malohatingdan!

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Yurt gavhari va marvaridi boʻlgan Fargʻonada shu kunlarda ona tabiat zebo kelinchakdek orolanib, muzaffar hayot tantanasi nafaqat ona tabiatda, balki inson qalbida ham yangilanish va yasharish ishtiyoqi, ajib tuygʻularni joʻsh urdirayotgani ayni haqiqatdir.
Davlatimiz rahbarining qarori bilan joriy yilgi Navroʻz umumxalq bayrami “Qadriyatlaring boqiy boʻlsin, Navroʻz!” degan bosh gʻoya asosida viloyatning barcha hududlarida umumxalq sayllari shaklida keng nishonlanmoqda.
Fargʻona shahrida bunyod etilgan Ekoshahardagi amfiteatrda Navroʻzi olam munosabati bilan viloyatning asosiy bayram tadbiri boʻlib oʻtdi. Tadbir avvalida shahar-tumanlardan kelgan tadbirkorlar, hunarmandlar koʻrgazmasi tashkil etildi. Xalq sayllari, milliy sport oʻyinlari uyushtirilib, barchaga xush kayfiyat ulashildi.
Muhtasham amfiteatrda jam boʻlgan tadbir qatnashchilarini viloyat hokimi, Oliy Majlis Senati aʼzosi Xayrullo Bozorov samimiy muborakbod etdi.
— Shu fursatdan foydalanib, viloyat ahlini yangilanish va yasharish ayyomi – Navroʻz bayrami bilan chin qalbimdan qutlayman, — dedi viloyat hokimi. — Qutlugʻ Ramazon oyi bilan uygʻunlashgan shukuhli kunlarda barchangizga sihat-salomatlik, baxt va omad, xonadoningizga fayz-u baraka, el-u yurtimizga tinchlik-omonlik hamda farovonlik tilayman.
Taʼkidlab oʻtilganidek, bu yil har jihatdan Fargʻona uchun yuksalish, taraqqiyot yili boʻladi. Davlatimiz rahbari tomonidan 2025-yilda Fargʻona viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha alohida qaror qabul qilindi. Ishlab chiqilgan maqsadli koʻrsatkichlarga koʻra, joriy yilda viloyatda 6 milliard dollar miqdoridagi investitsiya loyihalari amalga oshiriladi. Shuningdek, 1,5 milliard dollarlik mahsulotlar eksport qilinadi, 3,7 milliard dollar hajmidagi investitsiyalar oʻzlashtiriladi.
Tantanali tadbirda teatrlashtirilgan badiiy dastur namoyish etildi. Mumtoz kuy-qoʻshiqlar, bolajonlarning shoʻx-shodon chiqishlari, millatlararo doʻstlik va hamjihatlikni madh etuvchi taronalar, poytaxtdan tashrif buyurgan estrada yulduzlari ijrosidagi qadrdon ohanglar kattayu kichikka xursandchilik ulashdi.
Darhaqiqat, Navroʻz eng qadimiy bayramlarimizdan biri va asrlar mobaynida xalqimizning oʻzligini namoyon etib kelayotgan qadriyatdir. Bu ayyom insoniylik, mehr-muruvvat, mehnatsevarlik kabi xislatlarimiz bardavomligini taʼminlaydi.
— Sevimli bayramingizda ilk bor qatnashib, samimiy, hamisha tabassum qilib turadigan xalqingizning bir-biriga boʻlgan mehriga qoyil qoldim, — deydi Fargʻona shahridagi Prezident maktabining matematika fani oʻqituvchisi, Buyuk britaniyalik Poul Roubotom. — Birinchi taassurotdayoq ushbu bayram menga juda yoqdi. Ayniqsa, bayram avvalida qoʻligul chevarlar menga oʻzbekona doʻppi sovgʻa qilishgani hayotimdagi eng unutilmas voqealardan biri boʻlib qoladi.
Bayram tadbirida dunyoning koʻplab davlatlaridan kelgan mehmonlarni koʻrib, shunday baxtli davrada ekanligimdan behad mamnun boʻldim. Bilimga chanqoq yoshlar, shodon davrada yayrab raqsga tushayotgan yigit-qizlar, nuroniylarga juda ham havasim keldi. Yurtingizdagi tinch-osoyishta hayotga aslo koʻz tegmasin!
Ayni kunlarda Navroʻzi olam tantanalari viloyatimiz shahar-tumanlari boʻylab davom etmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
- “Leapmotor” Oʻzbekistonda oʻtkazilgan avtomobil testi natijalaridan noroziligini bildirdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring