Xoʻjakoʻrsinga oʻrnatilgan soʻritoklar

16:29 30 Sentyabr 2024 Jamiyat
172 0

Saminjon HUSANOV/“Xalq soʻzi”. Andijon viloyatida har bir qarich yerdan unumli foydalaniladi. Aholini qoʻshimcha daromadga yoʻnaltirish maqsadida tomorqadan uch marta, ayrim tumanlarda toʻrt martagacha hosil olish tajribasi yoʻlga qoʻyilgan. Buloqboshi, Andijon, Xoʻjaobod, Oltinkoʻl, Qoʻrgʻontepa, Jalaquduq kabi tumanlarda esa hatto ichki koʻchalar ham daromad manbaiga aylantirilgan. Bunda har bir hovli roʻparasiga soʻritoklar oʻrnatilib, uzumdan bir yilda oʻrtacha 5 mln. dan 10 mln. soʻmgacha daromad olinmoqda.

Baliqchi tumanida ham 2022-yili ushbu usulni joriy etishga kirishildi. Jumladan, “Qahramon” MFYdagi “Bogʻ” koʻchasida bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Natijada 14 ta xonadon roʻparasiga soʻritoklar oʻrnatildi. Buning uchun 11 ta xonadon sohiblari va “Agrobank” ATB Baliqchi tuman filiali oʻrtasida shartnoma tuzildi. Kredit mablagʻlari ajratildi. Aslida bunday saʼy-harakatlar mahalladoshlarning imkoniyati, xohishi, talab va ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda amalga oshirilsa maqsadga muvofiq boʻlar edi. Biroq buning aksi boʻlgan koʻrinadi.

— Biz bu ishga rozi boʻlmaganmiz, — deydi shu koʻchadagi xonadonlardan birida yashovchi Isroiljon Abdullayev. — Oilam misolida aytadigan boʻlsam, turmush oʻrtogʻim kasalxonada ishlaydi, 1,5 mln. soʻm oylik maoshi roʻzgʻordan ortmaydi. Men 20-yilga 90 mln. soʻm kredit olganman. Soʻritok oʻrnatish uchun salkam 15 mln. soʻm miqdoridagi kreditni toʻlash imkonimiz yoʻq. Oʻsha paytdagi MFY raisi Mavludaxon Karimova: “Agar rozi boʻlmasang mahalladan koʻchib ketasan”, deya shart qoʻydi. U soʻritok oʻrnatish uchun subsidiya, dehqonchilik qilish uchun yer maydoni va voyaga yetmagan farzandlarim uchun “Bola puli” ajratilishini vaʼda qilganidan keyingina rozi boʻldim. Biroq, bunday boʻlmadi. M. Karimova ayni paytda rais emas. Xullas, bizni aldashdi...

“Kredit pulini toʻlay desam...”

“Bizning xonadonimizda boquvchimiz yoʻq, — deydi shu koʻchadagi 61-uyida yashovchi Choʻlponxon Soliyeva. — Oilamizdagi 4 kishi mening 1 mln. 400 ming soʻm nafaqa pulimga yashaymiz. Shu bois qoʻshimcha daromad topishga qarshiligim yoʻq. Biroq bunga erishish uchun kredit olishim kerakligi meni oʻylantirib qoʻydi. Oʻzi tirikchilikka pul yetkaza olmayotgan boʻlsam, kreditni qanday toʻlayman, deya eʼtiroz bildirdim. Shundan soʻng mahalla idorasidagilar kelinimdan “Bola puliga hujjat tayyorlayapmiz” deb pasportini olib, bank bilan tuzilgan shartnomani uning nomiga rasmiylashtirib qoʻyibdi. Bundan na kelinimning, na mening xabarim bor.

Avvaliga 8 mln. soʻm kredit toʻlaysiz, deyishgandi. Keyin bu mablagʻ ortib ketdi. Surishtirsam, ikki qoʻshnimning soʻritogi uchun toʻlanishi kerak boʻlgan mablagʻni ham mening nomimga yozib qoʻyishibdi. Ularning zimmasida boshqa kredit shartnomasi boʻlgani uchun toʻlash qobiliyatiga ega emas ekan. Ha mayli, boʻlar ish boʻldi, buyogʻiga bir amallab kredit pulini toʻlab olay, har tugul soʻritokli boʻlib oldik-ku, desam, endi roʻzgʻorga pul yetkaza olmayapman...”

Suhbat davomida tushundikki, bu xayrli ishga mahalladoshlardan birortasi rozi boʻlmagan. Sababi kredit mablagʻini toʻlash qobiliyatiga ega emas.

— Men mahalladagilarga ham, hokimiyatdagilarga ham sharoitimni tushuntirdim, — deya izoh berdi Shoyatbek Kamolov. — Toʻlov qobiliyatim yoʻqligini aytdim. Oʻzi mahalladan yordam soʻrab turgan boʻlsam, qanday qilib kreditga rozi boʻlayin? Shundan soʻng bank bilan tuziladigan kredit shartnomasini Toshkent axborot texnologiyalari universitetida tahsil olayotgan oʻgʻlimning nomiga rasmiylashtirib qoʻyishibdi. Uning esa bu gʻavgʻolardan xabari yoʻq.

— Qoʻlimizga shartnomani tutqazishganida hayron boʻldik, — deya suhbatga qoʻshiladi Patiddin Xolmirzayev. — Axir bankka bormagan boʻlsak yoki bank xodimlari oldimizga kelmagan boʻlsa, bu shartnoma qayerdan paydo boʻldi? Mahalla idorasidagilar bilan tuman hokimligidan kelgan vakillar hozir bu kabi rasmiy hujjatlar Davlat xizmatlari markazi orqali onlayn amalga oshiriladigan boʻlib qolgan, deyishdi. Surishtirsam, buning uchun elektron raqamli imzo kalitini roʻyxatga olish kerak ekan. Biz na bunday idora qayerdaligini, na elektron kalitni bilamiz. Xullas, oʻsha paytda qancha eʼtiroz bildirsak ham bizga quloq solishmadi.

“Tomorqani sugʻorish uchun suvni sotib olamiz”

Biz koʻcha boʻylab aylanar ekanmiz, nafaqat hujjat ishlari, balki soʻritoklarning oʻzi ham xoʻjakoʻrsinga tiklab qoʻyilganligiga guvoh boʻldik. Oradan ikki yil oʻtayotgan boʻlsada temir ustunlar boʻyalmagani uchun zanglamoqda. Oʻsha paytda har bir xonadonga besh ming soʻmdan koʻchatlar yetkazib berilgan, biroq uch-toʻrt tup koʻchatdan boshqasi allaqachon qurib qolgan. Ayrim xonadonlar roʻparasiga esa ekilmagan ham. Bunyodkorlik ishlari aniq reja asosida bajarilmaganligi uchun koʻchada yuk mashinalarining harakatlanishi cheklanib qolgan. Shunga qaramasdan qoʻshnilarni yupatishga harakat qildik:

— Bu soʻritoklarni qurish uchun katta mablagʻ sarflanibdi, qolaversa, ikki yilda kredit mablagʻining ancha qismini toʻlash imkoningiz bor edi. Balki yaratilgan sharoitdan unumli foydalanib, tok parvarishlab koʻrarsizlar? Zero, buning natijasida oʻrtacha 5-6 mln. soʻm daromad topish mumkin.

— Aslida koʻchamizda ekin parvarishlash muammo, — deydi Patiddin Xolmirzayev. — Sababi tomorqani sugʻorish uchun suvni sotib olamiz. Shuning uchun qoʻshimcha daromad olishning boshqa usuli oʻrgatilsa yaxshi boʻlardi. Bu soʻritokni buzib olib ketishadimi yoki foydalanish uchun boshqa birovlarga berib yuborishadimi, bizga farqi yoʻq. Boʻynimizdagi kredit toʻlovidan xalos qilishsa boʻldi.

Bir soʻz bilan aytganda, aholini qoʻshimcha daromadga yoʻnaltirish maqsadida bajarilgan ish oʻz samarasini bermadi. Masalaga oydinlik kiritish uchun tuman hokimligi va “Agrobank” ATB tuman filialida boʻldik, biroq masʼullar bilan yuzlasha olmadik. Shu bois umid qilamizki, holat yuzasidan tegishli idoralar oʻz munosabatini bildiradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер