Xotin-qizlar Kengashi — ijtimoiy hayotimizdagi muhim organ

14:32 18 Yanvar 2021 Jamiyat
1896 0

Prezidentimiz Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasida «Davlat va jamiyat boshqaruvida ayollarning oʻrni va mavqeini yana-da mustahkamlash – islohotlarimizning eng ustuvor yoʻnalishlaridan biridir» deya taʼkidladi.

Bugun respublikamiz davlat va jamoat tashkilotlari tizimida 1 ming 400 ga yaqin xotin-qizlar rahbarlik lavozimlarida faoliyat olib borishmoqda. Ularning ulushi sogʻliqni saqlash va ijtimoiy xizmat sohasida 82 foizni, ilm-fan, taʼlim-tarbiya, madaniyat va sanʼat sohasida 72 foizni, qishloq xoʻjaligida 45 foizni, sanoatda 38 foizni tashkil etmoqda.

Maʼlumki, Xotin-qizlar bandligini taʼminlash bugungi kundagi eng muhim masaladir. Yechimini kutayotgan muammolarning aksariyati shu masala bilan bogʻliq. Mamlakatimizda 1 millionga yaqin ishsiz ayol boʻlib, bunga doimiy ish oʻrniga ega boʻlmagan, mavsumiy ishlarda band ayollar qoʻshilsa, ularning soni 2-2,5 millionga yetadi. Ogʻir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan yolgʻiz onalarni uy-joy bilan taʼminlash masalalari ham bugungi kundagi ogʻriqli muammolardan biridir. Ammo koʻplab xotin-qizlar mana shu masalalar boʻyicha qayerga murojaat etishni bilmaydi.

Davlatimiz rahbari Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasida davlat boshqaruvidagi samaradorlikka oid islohotlar yuzasidan fikr bildirar ekan, Xotin-qizlar masalasiga alohida toʻxtalib oʻtdi.

2020-yilda yuzaga kelgan pandemiya sharoitida respublikamiz boʻylab 6 milliondan ortiq xotin-qizlarning muammolari puxta oʻrganildi. Shular asosida “Ayollar daftari” shakllantirildi va bu jarayonda xotin-qizlarni qiynayotgan koʻplab ijtimoiy-iqtisodiy muammolar mahalliy hokimiyatlarning diqqat markazidan joy egalladi. Bu jarayonga mahallalarda yangi tashkil etilgan “Ayollar maslahat kengashlari” ham yaqindan koʻmak bermoqda.

“Biz mamlakatimizda istiqomat qilayotgan 17 milliondan ziyod opa-singillarimiz, qizlarimiz, onaxon va momolarimizga munosib sharoit yaratib berish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishimiz lozim”, - deb taʼkidladi davlat rahbari oʻz Murojaatnomasida. 

Xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi rolini oshirish boʻyicha olib borgan islohotlar natijasida parlament yangi tarkibining 30 foizi ayollardan iborat boʻldi. Viloyat, shahar va tuman hokimlarining xotin-qizlar masalalari boʻyicha maslahatchisi lavozimi joriy etildi. 

Endilikda, davlatimiz rahbari xotin-qizlarning jamiyat hayotidagi oʻrni va nufuzini oshirish, ularga yangi imkoniyatlar yaratish boʻyicha navbatdagi muhim qadam sifatida Respublika Xotin-qizlar jamoatchilik kengashini tashkil etish taklifini ilgari surdi. Joylardagi Xotin-qizlar kengashlari faoliyatiga esa hokimlarning ushbu masalalar boʻyicha maslahatchilari rahbarlik qilishi belgilab berildi.

Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha respublika va hududiy jamgʻarmalarni yangi tashkil etiladigan kengashlar ixtiyoriga oʻtkazib berish taklifi ham ushbu masalani bajarishning ijtimoiy-iqtisodiy mexanizmini belgilab beradi. 

Xotin-qizlar kengashi xotin-qizlarning jamiyatdagi manfaatlarini va munosib mavqeini munosib himoya qilish, ularning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy hayotdagi rolini oshirish maqsadida xotin-qizlar tashabbusi bilan tashkil etiladigan ixtiyoriy, oʻz-oʻzini boshqaradigan, notijorat, mustaqil jamoat tashkilotidir. Kengashning asosiy maqsadi sifatida quyidagilarni koʻrish mumkin:

- oʻzini-oʻzi boshqarish mahalliy organlari va xotin-qizlar tashkilotlarining oʻzaro hamkorligi;

- jamiyatda erkaklar va ayollar tengligining konstitutsiyaviy tamoyilini amalga oshirish boʻyicha umumiy strategiya va davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlarini amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish;

- siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy, psixologik va boshqa omillarning erkaklar va ayollarga tegishli konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirishga nisbatan taʼsirini oʻrganish;

- huquqiy ehtiyojlarini amalga oshirish, erkaklar va ayollarning manfaatlari va imkoniyatlarini hisobga olish, ularni mehnat va ijtimoiy faoliyatda oʻz-oʻzini anglash, ayollarni yangi iqtisodiy sharoitlarga moslashtirish;

- jamiyatda oilaning rolini mustahkamlash, onalik, otalik, bolalikni muhofaza qilish, erkaklar va ayollarning reproduktiv huquqlarini amalga oshirish uchun shart-sharoitlarni taʼminlash;

- oilaning oʻz vazifasini amalga oshirishi, oila hayotining sifatini oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish.

Xotin-qizlar Kengashining asosiy vazifalari etib quyidagilarni belgilash maqsadga muvofiq hisoblanadi :

- tuman xotin-qizlar birlashmalarini ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va fuqarolik huquqlari boʻyicha harakatlarda birlashtirish, voyaga yetmaganlarning va oila aʼzolarining noqonuniy xatti-harakatlarining oldini olish, joylardagi xotin-qizlar uyushmalariga amaliy yordam koʻrsatish;

- xotin-qizlarning jamiyatdagi manfaatlarini va munosib mavqeini munosib himoya qilish, ularning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy hayotdagi rolini oshirish.

- oilani mustahkamlash, onalikning ahamiyatini oshirish;

- bolalarni barkamol qilib rivojlantirish, moddiy va maʼnaviy ehtiyojlarini qondirish, vatanparvarlik va insonparvarlik gʻoyalarini tarbiyalash uchun qulay shart-sharoitlarni shakllantirishga koʻmaklashish.

- antisotsial harakatlarni amalga oshirishga yordam beradigan sabablar va shart-sharoitlarni aniqlashda ishtirok etish, huquqni muhofaza qilish organlarini xabardor qilish;

- bolalarning nazoratsiz qolishi va oʻsmirlik davri jinoyatlarining oldini olishda koʻmaklashish;

- notinchlikning dastlabki bosqichida oilalarni aniqlash va barcha manfaatdor idoralar va muassasalar tomonidan salbiy holatlarni bartaraf etish boʻyicha oʻz vaqtida chora koʻrishda ishtirok etish;

- xotin-qizlar va bolalarning huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilgani, voyaga yetmaganlar va noqonuniy xatti-harakatlar sodir etishga moyil boʻlgan oila aʼzolarini aniqlash boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida tuman rahbarini tizimli ravishda xabardor etish.

Prezidentimiz xotin-qizlar kengashini tuzish taklifini ilgari surar ekan, jamiyatimiz turmush darajasining oshishi aynan ayollarga bogʻliq ekanini aniq koʻrsatib oʻtdi.

Taʼkidlash joiz, 2020-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Birlashgan Millatlar Xalqaro Tashkilotining muhim organi boʻlgan Inson Huquqlari boʻyicha Kengashiga aʼzo boʻlib kirdi. Bu oʻz-oʻzidan boʻlgani yoʻq. Buning uchun mamlakatimiz inson huquqlari boʻyicha jahon miqyosida qabul qilingan xalqaro talablar va standartlarga muvofiq ravishda qator islohotlarni olib bordi va ushbu jarayonni davom ettirmoqda. BMTning Inson Huquqlari Kengashiga aʼzo boʻlganimizdan keyingi jarayon ham oʻziga xos murakkab vazifalarni oldimizga qoʻyadi. Bu vazifalarning eng muhimi esa, xotin-qizlarning haq-huquqi, ularning jamiyatdagi roli, turmush darajasini oshirish borasidagi amaliy harakatlardir.

Oydin ABDULLAYEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
“Adolat” SDP fraksiyasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?