Xorijlik ekspertlar: Atom elektr stansiyasining qurilishi Oʻzbekistonga qanchalik foyda keltiradi?

02:31 19 Dekabr 2018 Iqtisodiyot
4474 0

Oʻzbekistonda quriladigan AES maketi. Foto: Hasan Paydoyev/“Xalq soʻzi“.

Yaqin kelajakda Oʻzbekistonda atom elektr stansiyasi (AES) quriladi. Bu haqda ijtimoiy tarmoqlarda turli fikr-mulohazalar bildirilmoqda. Savollar oʻrtaga tashlanyapti. Xoʻsh, AES qurilishi biz uchun nega kerak va uning ahamiyati nimada? Bu atrof-muhit hamda aholi yashash tarzi uchun nechogʻliq xavfsiz? Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish qanday amalga oshiriladi? Rossiya Federatsiyasi Novovoronej AES faoliyati bilan yaqindan tanishuv ana shu kabi savollar va masalalarga oydinlik kiritdi.

Igor GUSЕV,
Novovoronej AESning 4-energoblokini ekspluatatsiya qilish boʻyicha bosh muhandis oʻrinbosari:

— VVER-1200 energoblokning maksimal elektr quvvati koʻrsatkichini anglatadi. Ayni paytda biz 1 185 megavatt kuchlanishdagi elektr quvvatini ishlab chiqarmoqdamiz va bu birinchi koʻrsatkich. Ikkinchidan, energobloklarimizda yuqori xavfsizlik darajasi taʼminlangan. Xususan, avvalgi VVER-1000 seriyasidagi energobloklarning reaktorlari bilan solishtirganda, bunisida zamonaviy xavfsizlik texnologiyalari qoʻllanilgan. Ular reaktordan kafolatlangan issiqlik chiqarish, favqulodda holatlarda shikastlanishning oldini olish, radiaktiv moddalarning atrof-muhitga tarqalmasligini taʼminlaydi.

1200 megavatt quvvatga ega VVER, yaʼni suvli reaktor 3+ avlodiga mansub. Bu eng zamonaviy yadro texnologiyalari qoʻllanilgan mazkur reaktorning xavfsizlik darajasi boʻyicha boshqalaridan yaqqol ustun ekanini anglatadi. Gapning indallosini aytganda, “passiv xavfsizlik tizimlari” hisobiga mazkur qurilma inson aralashuvisiz va hattoki, elektr tarmogʻidan butunlay uzilib qolgan taqdirda ham bir maromda ishlayveradi. Loyihaning yana bir oʻziga xos xususiyati uning ikki qobiqli himoyadan iboratligidir.

Xavfsizlik atom elektr stansiyasining barqaror ishlashini taʼminlab beruvchi immun tizimi boʻlsa, nazorat boshqaruv boʻlimini esa butun bir yirik korxonaning “bosh miya”siga oʻxshatish mumkin. Tuzilmadagi barcha maʼlumot oqimi aynan boshqaruv pultiga kelib tushadi. Bu yerda faoliyat olib boradigan xodimlar shunchaki mutaxassis emas, balki oʻz kasbining professionallaridir.

Vladimir LOBANOV,
Novovoronej AESning oʻquv markazi direktori:

— Ushbu oʻquv markazida malakasini oshirgan mutaxassislar aynan atom elektrostansiyasining boshqaruv pultiga ishga yuboriladi. Bu yerda barcha texnologik oʻqitish jarayonlari amalga oshiriladi. Nazorat boshqaruv pultiga oʻtiradigan xodim juda murakkab sinovlardan oʻtishiga toʻgʻri keladi. AESda reaktorlarni boshqarish boʻyicha yetakchi mutaxassis boʻlish uchun markazda 3 yil tayyorlovdan oʻtishi kerak.

Darhaqiqat, Novovoronej AES nafaqat issiqlik va elektr energiyasi bilan taʼminlash, balki koʻplab zamonaviy ijtimoiy obyektlar — sport komplekslari, maktabgacha taʼlim muassasalarini qurib berish, aholini ijtimoiy himoyalash borasidagi tadbirlarda ham faol ishtirok etib, homiylik yordamlarini koʻrsatib kelayotgani eʼtiborga molik.

Novovoronej shahar okrugi rahbari Nikolay Netyaganing soʻzlariga koʻra, hozirgi kunda stansiyada 4 000 nafar, atom elektr stansiyasiga xizmat koʻrsatuvchi korxonalarda esa 3 yarim mingdan ziyod xodimlar ishlaydi. Stansiya sharofati bilan 32 ming aholi istiqomat qiladigan shu kichkina shaharning oʻzi butun Voronej oblasti sanoat ishlab chiqarish hajmining 11,6 foizini qoplaydi. 2017 yilda mahalliy byudjetga ajratmalar 6 mlrd. rublni tashkil etgan.

AESning xavfsizligiga hamon ikkilanayotgan yoki oʻtkinchi gaplarga ishonib, xavotiri bosilmaganlar uchun yana bir taskin bor. Agar sizda radiatsion faollik xavfiga nisbatan bir oz boʻlsa-da, gumon saqlanib qolayotgan boʻlsa, unda sizga ASKRO tizimi haqida maʼlumot beramiz. Xoʻsh, u qanday ishlaydi?

Gap shundaki, ushbu datchiklar atom elektr stansiyasi joylashgan shahar yoki hududda avtomatik rejimda ishlab turadi. Ular doimiy ravishda har daqiqa va soatdagi oʻzgarishlarni qayd etib boradi. Maʼlumotlar esa markaziy pultga yuboriladi. Oʻziga xos monitoring natijalari avtomatik ravishda maxsus veb-saytda ham aks etadi. Misol uchun, Novovoronej shahridagi radiatsion faollikning meʼyoriy koʻrsatkichi 10 mikrorentgen soatni tashkil etsa, bu koʻrsatkich poytaxtimiz — Toshkent shahrida 12 — 14 mikrorentgen soatdan iborat ekan.

Vladimir POVAROV,
Novovoronej AES direktori:

— Mazkur atom elektr stansiyasining ish boshlaganiga 50 yil boʻldi. Oʻtgan vaqt davomida atrof-muhitga xavf tugʻdiradigan biron-bir holatni kuzatmadik. Bu aholining AESning nojoʻya taʼsiri boʻyicha xavotirlariga umuman oʻrin yoʻq, deganidir.

Moskva — koʻrkam va mahobatli megapolis. Shahar koʻchalariyu osmonoʻpar binolarini yoritayotgan har uchinchi chiroq aynan atom elektrostansiyasida ishlab chiqarilgan energiya manbai hisobidan porlab turgan boʻlsa, ajabmas.

Aleksandr MЕRTЕN,
“Rosatom” xalqaro tarmogʻi prezidenti:

—AES yashil energiyaning bir qismi hisoblanadi. Biz yashil toʻrtlik, yaʼni suv, quyosh, shamol va atomni nazarda tutyapmiz. Atom energetikasi atrof-muhitga SO2 moddasi tarqalishini keskin qisqartirish imkonini beradi. Oʻzbekiston tabiatini asrashni istar ekanmiz, bunda atom energetikasi singari oʻzini oʻzi qayta tiklovchi manbalardan foydalanishga oʻtish muhimdir. Atom energetikasi doimiy va barqaror elektr energiyani taʼminlab berishda ayni muddaodir. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti bunday loyihani amalga oshirish iqtisodiyot qatori, boshqa koʻplab sohalar rivojiga ham turtki boʻlishini aytganida juda haq edi. Oʻzbekistonda Fanlar akademiyasi, Yadrofizikasi instituti kabilar mavjud boʻlib ularda yadro energetikasi boʻyicha malakali mutaxassislar ishlaydi.

Yadro fizikasi Oʻzbekiston uchun yangilik emas. Yurtimiz olimlari 1956 yildayoq yadro fizikasining boshlangʻich yoʻnalishlari boʻyicha amaliy tadqiqotlarni olib borishgan.

Bu yil yurtimizning oltmish nafarga yaqin yoshlari Moskva muhandislik fizika institutiga tanlov asosida oʻqishga qabul qilingani ham diqqatga sazovor. Zero, ular kelajakda sohaning yetuk mutaxassisi boʻlishi bilan birga, Oʻzbekistonda ishga tushiriladigan AES rivojiga katta hissa qoʻshadilar.

Umuman aytganda, yurtimizda AESni qurish zamirida bir maqsad yotadi. Bu ham boʻlsa, respublikamizning eng chekka hamda olis hududlaridagi xonadonlarga ham yorugʻlik va iliqlik olib kirish, uning barqarorligini taʼminlash hamda aholi turmush darajasini yanada oshirishdir. Prezidentimiz tashabbusi bilan ushbu ezgu maqsadlar sari qadamlar tashlangani juda katta tarixiy voqeadir.

Maqolaning toʻliq varianti bilan “Xalq soʻzi“ gazetasining 2018 yil 19 dekabr 262-sonida tanishishingiz mumkin.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?