Xorazmda mahalla faollari taqdirlandi

16:46 24 Mart 2025 Jamiyat
174 0

Odilbek ODAMBOYEV/“Xalq soʻzi”. Xabaringiz bor, mamlakatimizda 22-martMahalla tizimi xodimlari kuni keng nishonlandi. Ushbu sana munosabati bilan Xorazm viloyatida ham soha xodimlari ishtirokida tantanali tadbir boʻlib oʻtdi. Viloyat hokimi Joʻrabek Raximov tadbir qatnashchilarini Navroʻz bayrami hamda Mahalla tizimi xodimlari kuni bilan samimiy tabriklab, ularga sharafli va masʼuliyatli faoliyatlarida kuch-gʻayrat va muvaffaqiyatlar tiladi.

Viloyat hokimi milliy oʻzligimiz timsoli boʻlgan mahalla tizimining jamiyat hayotidagi tutgan oʻrni va roliga toʻxtalib, Prezidentimizning “Yangi Oʻzbekistonni barpo etishda biz uchun eng muhim va asosiy poydevor bu – xalq ovozi, xalq fikri ustuvor boʻlgan mahalladir” degan fikrlari mahalla tuzilmasining ahamiyatini yaqqol namoyon etishini qayd etdi. Tadbirda mahalla tizimida samarali mehnat qilayotgan, soha rivojiga munosib hissa qoʻshib kelayotgan bir guruh faollar “Mahalla iftixori” koʻkrak nishoni hamda viloyat hokimining faxriy yorligʻi bilan taqdirlandi.

— Yurtimizda barcha soha va yoʻnalishlar boʻyicha “mahallabay” ishlash tizimi keng joriy etilib, mahalla raisi, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi, profilaktika inspektori, ijtimoiy xodim, soliqchidan iborat taʼsirchan tuzilma faoliyati yoʻlga qoʻyilgani ijobiy samara bermoqda, — deydi Urganch tumanidagi Komiljon Otaniyozov nomli mahalla raisi Avazjon Sharipova. — Buning tasdigʻini mahallalarda tadbirkorlik rivojlanib, yangi ish oʻrinlari, doimiy daromad manbalari yaratilayotgani, barqaror ijtimoiy-maʼnaviy muhit mustahkamlanib, jinoyatchilik kamayib borayotgani misolida koʻrish mumkin. Mahallalarni obod qilish, ularning infratuzilmasini rivojlantirish borasidagi ishlar hududlar qiyofasini tubdan oʻzgartirib, xalqimiz turmush darajasi va madaniyatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер