Xorazm – investorlar uchun katta imkoniyatlar makoni

Buyuk ipak yoʻlida joylashgan Xorazmda azaldan karvon yoʻllari orqali dunyoning turli mintaqalari bilan oʻzaro savdo-sotiq aloqalari keng yoʻlga qoʻyilgan. Vatanimiz mustaqillikka erishgandan keyin bu aloqalar qayta tiklanib, xorijiy davlatlar bilan savdo-iqtisodiy hamkorlik munosabatlari yangi bosqichga koʻtarildi.
Mamlakatimiz Prezidentining xalqaro maydonda olib borayotgan tashqi siyosati va yurtimizda amalga oshirayotgan islohotlari natijasida iqtisodiyotimizning barqaror oʻsish surʼatlari taʼminlanmoqda. Ayniqsa, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish hamda investorlarga qulay sharoitlar yaratishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Qadimiy va navqiron Xivada oʻtkazilgan xalqaro investitsiya forumi yana dunyo ishbilarmonlarini oʻz bagʻriga chorladi. Anjumanda 32 nafar diplomatik korpus vakillari hamda 31 ta davlatdan kelgan 300 nafardan ziyod xorijiy mehmonlar ishtirok etayotgani — mamlakatimizga boʻlgan hurmat, oʻzaro ishonch va samarali hamkorlikning yorqin ifodasidir!
— Oʻzbekistondagi IT-parklar bilan hamkorlikda ishlab kelyapmiz, — deydi forum ishtirokchisi, AQSHdan tashrif buyurgan Kristian Xopkins. — Yurtingizda IT industriyasi juda tez rivojlanyapti. Ayniqsa, algoritm asoschisi al-Xorazmiy vatanida raqamli texnologiyalar borasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyishdan manfaatdormiz. Forum doirasida xorazmlik soha mutaxassislari, shuningdek, talaba yoshlar bilan hamkorlik boʻyicha kelishuvlarga erishdik. Investitsiyalar – faqat iqtisodiy taraqqiyotning emas, balki tinchlik va barqarorlikning ham kafolatidir.
Forumda soʻzga chiqqanlar viloyatda sanoat, savdo, transport, logistika, turizm, IT hamda qishloq xoʻjaligini yanada rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar mavjudligini taʼkidladi.
— Xorazm viloyatiga soʻnggi 5-yilda xorijiy investitsiyalarni kiritish hajmi 10 barobarga, eksport hajmi 15 barobarga oʻsib, 200 tadan ortiq xorijiy va qoʻshma korxonalar tashkil qilindi, — deydi Xorazm viloyati hokimining oʻrinbosari Anvar Davletov. — Bu yutuqlar, avvalo, qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat, toʻqimachilik, mashinasozlik, energetika hamda turizm kabi muhim sohalarda ishlab chiqarish, qayta ishlash va xizmat koʻrsatish quvvatlarining oshganligida yaqqol koʻrinib turibdi. Ushbu forumning asosiy maqsadi – viloyatimizda savdo-iqtisodiy, investitsion va boshqa ustuvor yoʻnalishlarda hamkorlikni yanada mustahkamlashdan iborat.
Forumda turli sohalarda faoliyat yuritayotgan 100 nafardan ortiq mahalliy tadbirkorlar xorijiy sarmoyadorlar bilan muloqotda boʻlib, ishlab chiqarish va savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish yuzasidan koʻplab oʻzaro manfaatli kelishuvlarga erishdi.
Odilbek ODAMBOYEV
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring