Xonobod mikroGES foydalanishga topshirildi

19:08 25 Dekabr 2023 Iqtisodiyot
802 0

Mamlakatimizda gidroenergetika salohiyatidan oqilona va samarali foydalanish, kichik oqimdagi suvlardan unumli foydalanish, toza va arzon elektr energiya manbasini ishlab chiqarishga boʻlgan talab oshib bormoqda.

Bu borada “Oʻzbekgidroenergo” AJ tomonidan yangi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish orqali mamlakatimiz gidroenergetika quvvatini hamda toza va arzon yashil elektr energiya manbasini ishlab chiqarishni yanada oshirish yoʻnalishida izchil amaliy faoliyat olib borilmoqda.

Bugun, 25-dekabr kuni Andijon viloyati Xonobod shahrida yangidan barpo etilgan Xonobod mikro GESning ochilish marosimiga bagʻishlangan tantanali tadbir boʻlib oʻtdi.

Ochilish marosimida Andijon viloyat va Xonobod shahri hokimligi vakillari, “Oʻzbekgidroenergo” AJ masʼul rahbarlari, hududiy faollar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Xonobod shahri Oʻng qirgʻoq kanali PK-37da barpo etilgan ushbu mikro GES Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 17-fevraldagi “2023-yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-57-sonli qaroriga muvofiq Jamiyatning toʻliq oʻz mablagʻlari hisobidan qurilgan boʻlib, buyurtmachi tizim tashkiloti hisoblangan “1-son Qurilish direksiyasi” UK boʻldi. Yana bir tizim tashkiloti – “Gidroproyekt” AJ tomonidan asosiy loyihalashtirish ishlari bajarildi.

Mazkur mikro GESning quvvati 650 kVt, oʻrtacha yillik 3,6 mln. kVt.soat elektr energiya ishlab chiqarish imkoniyatiga ega.

Mazkur mikro GESda har birining quvvati 325 kVtdan boʻlgan 2 ta gorizontal “Kaplan” turidagi S-turbinali gidroagregatlar oʻrnatilgan. Bu turdagi agregatlar Respublikamizda birinchi marta oʻrnatildi. Afzalligi – mikro GES 6 m3/s suv sarfi bilan toʻliq quvvatda ishlasada, lekin bitta agregat atiga 1 m3/s suv bilan ham elektr energiya ishlab chiqaradi.

Xonobod mikro GES ishga tushishi natijasida mahallabay tizim orqali «Teyit» hamda “Yangi hayot” mahallasining qariyb 1 500 ta xonadoni elektr energiya bilan taʼminlanadi.

Shu bilan birga, bir yilda oʻrtacha 1 mln. m3 tabiiy gaz iqtisod qilinadi.

GESda barcha uskunalar mahalliy ishlab chiqarish doirasida oʻzimizda ishlab chiqarilgan. Tizim tashkiloti hisoblangan “Suvsanoatmash” Ajda GES uchun zaruriy boʻlgan barcha jihozlar ishlab chiqarildi.

Gidroenergetika sohasining rivoji mamlakatimizda elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatini oshirish barobarida, yangi qurilayotgan GESlar joylashgan hududlarning aholisi turmushi farovonligining oshishiga, xonadonlarining yanada nurafshon boʻlishiga xizmat qiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?