Xolid Ahmad al-Ananiy YUNESKO Bosh direktori lavozimiga rasman tayinlandi

11:44 12 Noyabr 2025 Jamiyat
187 0

Samarqand shahrida oʻtayotgan YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi doirasida Butunjahon merosi konvensiyasining Bosh Assambleyasi 25-sessiyasi oʻz ishini boshladi.

Tadbirda YUNESKOga aʼzo davlatlar vakillari, xalqaro tashkilotlar va madaniyat sohasi ekspertlari ishtirok etmoqda.

Sessiyani Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi kreativ iqtisodiyot va turizm masalalari departamenti direktori, Oʻzbekiston madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi rahbari Gayane Umerova olib bordi. U delegatlar tomonidan sessiya raisi etib saylandi va kun tartibi hamda muhokama etiladigan masalalar haqida maʼlumot berdi.

Butunjahon merosi konvensiyasi — YUNESKOning eng muhim xalqaro hujjatlaridan biri boʻlib, uning asosiy maqsadi insoniyat uchun muhim boʻlgan madaniy va tabiiy merosni aniqlash, muhofaza qilish hamda kelajak avlodlarga yetkazishdan iborat.

Bosh Assambleya konvensiyaning amalga oshirilishini taʼminlovchi asosiy tuzilma sifatida davlatlar oʻrtasida teng huquqli muloqot maydonini yaratadi va Butunjahon merosi tizimining siyosiy hamda tashkiliy asosini belgilaydi.

YUNESKO Butunjahon merosi markazi direktori Lazare Eloundou Assomo oʻz nutqida dunyo davlatlarida konvensiya talablarini bajarish borasidagi ishlar, shuningdek, eʼtibor qaratilishi lozim boʻlgan yoʻnalishlar haqida toʻxtalib oʻtdi.

Qayd etish lozimki, bu galgi 25-sessiya ilk bor ikki bosqichda oʻtkazilmoqda — 11-noyabr kuni Samarqandda boshlangan sessiyaning yakuniy qismi 24–25-noyabr kunlari Parijda, YUNESKO bosh qarorgohida davom ettiriladi.

Shu bilan birga, YUNESKO Bosh konferensiyasi doirasida tashkilotning yangi saylangan Bosh direktori Xolid Ahmad al-Ananiyning inaguratsiya marosimi boʻlib oʻtdi.

Eslatib oʻtamiz, joriy yilning 6-oktyabr kuni boʻlib oʻtgan YUNESKO Ijroiya qoʻmitasining 222-sessiyasida misrlik olim va siyosiy arbob Xolid Ahmad al-Ananiy Bosh direktorlikka eng koʻp ovoz toʻplagan edi. Uning nomzodi 6-noyabr kuni Bosh konferensiyasi 43-sessiyasida aʼzo davlatlar tomonidan maʼqullandi.

Tantanali marosimda Xolid Ahmad al-Ananiy qasamyod qilib, YUNESKOning maqsad va anʼanalaridan kelib chiqib, amalga oshiriladigan ish rejalari va ustuvor vazifalar haqida soʻz yuritdi.

Marosimda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva soʻzga chiqib, YUNESKOning yangi rahbarini tabrikladi va Oʻzbekiston rahbariyati uning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlashini taʼkidladi.

YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi oʻz ishini davom ettirmoqda.

Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?