Xitoydan qotil qovogʻarilar chiqqani rostmi?

01:33 25 May 2020 Jamiyat
2054 0

Ijtimoiy tarmoqlarda Xitoyda qotil qovogʻarilar chiqqani haqidagi videolar keng tarqaldi. Bunga Xitoyda tadqiqot olib borayotgan biolog Baxtiyor Sheraliyev izoh berdi. Quyida shu bilan tanishib chiqishingiz mumkin:

Ushbu savol soʻnggi kunlarda menga juda-juda koʻp yuborilmoqda. Bu ari yoki qovogʻari Xitoydan tarqalgani iddao qilinmoqda va uni koronavirusdan ham xavfli deyishmoqda. Xoʻsh, aslida bu qanday hasharot va u nega endi kun tartibiga chiqib qoldi?

Bu oʻzi qanday hasharot?

Ijtimoiy tarmoqlarda vahimasi tarqalayotgan videolarda katta ehtimollik bilan Osiyo gigant qovogʻarisi (Vespa mandarinia) haqida soʻz bormoqda. Bu hasharot pardaqanotlilar (Hymenoptera) turkumining haqiqiy arilar (Vespidae) oilasiga kiradi. Oʻlchami boʻyicha dunyodagi eng yirik qovogʻari hisoblanadi. Uzunligi 45 mm.gacha, qanotini yoygandagi koʻndalang oʻlchami 75 mm.gacha, nishining uzunligi esa 6 mm.gacha yetadi.

2019-yilning dekabr oyida ushbu qovogʻari AQSHda ilk bor qayd etildi. Joriy yilning may oyi boshlariga kelib esa ingliz saytlari qovogʻari haqida yoza boshladi.

Qayerlarda uchraydi?

Ushbu qovogʻari Osiyo qitʼasining janubiy, janubiy-sharqiy qismidan to Rossiyaning Uzoq sharq mintaqasigacha boʻlgan hududlarda yashaydi. Uni tabiiy holda Hindiston, Bangladesh, Xitoy, Tayvan, Laos, Tailand, Myanma, Vetnam, Nepal, Yaponiya, Koreya davlatlari hududida uchratish mumkin. Ushbu hasharot tabiatda – togʻli hududlardagi oʻrmonlarda yashaydi. Asosan boshqa hasharotlar, ayniqsa, koloniya hosil qiluvchi hasharotlar bilan oziqlanadi.

U chindan ham zaharlimi? Bir chaqishda odamni oʻldiradimi?

Ha, bu hasharot haqiqatdan ham zaharli, ushbu qovogʻari zahari neyrotoksik xususiyatiga ega boʻlib, uni mandaratoksin deyishadi. Odamni chaqqanida allergen reaksiya chaqiradi va anafilatik shok holati yuzaga keladi, baʼzan yurak toʻxtashiga ham sabab boʻlishi mumkin. Bu esa mana shunday hasharotlarning chaqishiga allergiyasi borlar uchun juda xavfli hisoblanadi. Lekin bu ari bir chaqishda odamni oʻldiradi degan xulosani bermaydi. Odam oʻlishi uchun ushbu qovogʻarining kamida 40-50 tasi birdaniga chaqishi kerak boʻladi.

Bu qovogʻari chaqishidan yiliga nechta odam halok boʻladi?

Yaponiya statistikasiga qaraydigan boʻlsak, 2001-yildan beri mamlakat hududida turli pardaqanotlilar chaqishidan halok boʻladiganlar soni 12-26 ta oraligʻida boʻlar ekan, lekin bular orasida aynan Osiyo gigant qovogʻarisi chaqishidan halok boʻlganlar kamchilikni tashkil qiladi. 2013-yilda Xitoyning Shaanxi provinsiyasida aynan mana shu qovogʻari chaqishidan 41 kishi vafot etgani qayd qilingan.

Nima qilish kerak?

Agar holatga ilmiy yondashadigan boʻlsak, bu qovogʻari bugun yoki kecha paydo boʻlib qolgani yoʻq, u kamida million yillar avval paydo boʻlgan va mana shu hududlarda yashagan. Odatda to bir biologik tur yashash areali boshqa tur, masalan bu yerda odam tomonidan egallab olinmagungacha turlar bir-biriga zarar keltirmaydi. Tabiat muvozanati mana shunday ishlaydi. Tabiiyki, Yer yuzida odamlar soni oshgach, ular yashash joyi va ekin ekish uchun yangi yerlarni oʻzlashtira boshladilar. Mana shu jarayonda ushbu qovogʻarilarning yashash muhiti ham odamlar tomonidan oʻzlashtirildi va natijada ular odamlar bilan tez-tez toʻqnashadigan holat yuzaga keldi. Oqibatda esa qovogʻari chaqishidan har yili nechadir odam halok boʻlmoqda.

Men biolog sifatida bunga normal holat deb qarayman. Har bir turda tabiat tomonidan berilgan oʻzini himoya qilish instinkti bor. Ayni vaqtda qovogʻarilar ham shu instinktidan foydalanmoqda. Qovogʻari chaqmasin desangiz uning hududlariga bormang, iniga choʻp suqmang, tabiatga kamroq taʼsir oʻtkazing, shunda qovogʻari chaqmaydi, joningiz yoningizda qoladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?