Xitoydan Olmaliq va Termiz uchun yoʻlovchi avtobuslar xarid qilinadi

12:27 20 Fevral 2025 Jamiyat
480 0

Transport vazirining birinchi oʻrinbosari M.Umarov rahbarligida videokonferensiya shaklida Xitoyning “Zhongtong Bus Holdings Co., Ltd” kompaniyasi, CIB banki va “Sinosure” sugʻurta tashkiloti vakillari bilan muzokaralar oʻtkazildi. Uchrashuvda hududlarga zamonaviy avtobuslarni xarid qilish loyihalarini moliyalashtirish bilan bogʻliq masalalar keng muhokama qilindi. Mazkur tashabbus orqali aholiga koʻrsatilayotgan jamoat transporti xizmatlari sifatini yanada yaxshilash maqsad qilingan.

Muhokamalar davomida Olmaliq va Termiz shaharlariga zamonaviy avtobuslar sotib olish boʻyicha aniq rejalar belgilandi. Xususan, Olmaliq shahrida “Olmaliq Tranc Service” MCHJ tomonidan 83 dona avtobus xarid qilinishi koʻzda tutilgan. Shu bilan birga, Termiz shahrida ham jamoat transporti xizmatlarini yaxshilash maqsadida “Termiztransportxizmat” MCHJ tomonidan 100 dona zamonaviy avtobus xarid qilinishi rejalashtirilgan. Bu tashabbuslar aholining transport xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish va transport qatnovining barqarorligini taʼminlashga xizmat qiladi.

Uchrashuv davomida faqatgina Olmaliq va Termiz shaharlarigagina emas, balki respublikaning boshqa viloyatlariga ham zamonaviy avtobuslarni yetkazib berish masalasi koʻrib chiqildi. Jumladan, avtobuslarni xarid qilishda kredit va lizing shartlarini yengillashtirishga qaratilgan takliflar ilgari surildi. Bu esa, mamlakatning turli hududlarida jamoat transporti infratuzilmasini rivojlantirish va aholining transport xizmatlariga boʻlgan ehtiyojini qondirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Mazkur uchrashuv davomida xalqaro hamkorlikni kengaytirish va jamoat transporti sohasida zamonaviy texnologiyalarni joriy etish orqali mamlakat transport tizimini yanada samarali rivojlantirishga qaratilgan muhim kelishuvlarga erishildi. Uchrashuv natijalari asosida yaqin kelajakda zamonaviy avtobuslar yetkazib berilishi va aholi uchun qulay jamoat transporti tizimi yaratilishi kutilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер