Xitoyda oʻnlab patentlar olgan samarqandlik olim

15:57 26 Mart 2025 Jamiyat
74 0

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Samarqandlik olim Xurshid Bozorov Xitoyda saraton hujayralarini oʻldiradigan birikmalarni sintez qilib, oʻnlab patentlarga ega boʻldi. Saratonni samarali ravishda yoʻq qilishga qodir ilmiy tadqiqotlari Fransiyaning nufuzli ilmiy jurnalida ham eʼtirof etildi. Oddiy qishloq yigiti Toyloq tumanidagi Bogʻizogʻon qishlogʻida tugʻilgan. 2001-yilda Samarqand davlat universitetining kimyo fakultetida oʻqigan. 2004-yilda Mirzo Ulugʻbek nomidagi davlat stipendianti boʻlgach, uni universitetning magistratura boʻlimiga organik kimyo yoʻnalishi boʻyicha imtihonsiz qabul qilishdi. Dunyo olimlari saraton kasalligini davolash uchun uzoq vaqtdan beri kurashayotgan bir paytda Xurshid Bozorovga ham fan nomzodi boʻlish oson kechmadi. U ilmiy izlanishlarni boshlaganda universitetning ilmiy tadqiqot bazasi unchalik taraqqiy etmagandi. Laboratoriyalarda zamonaviy asbob-uskunalar yoʻq edi. Shunday boʻlsada, Xurshid Bozorov yoʻllanma asosida Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Oʻsimlik moddalari kimyosi institutining aspirantura boʻlimiga topshirdi. Oʻqishga kirolmagach, ustozi Husniddin Shohidoyatov uni mustaqil tadqiqotchi qilib ishga oladi. Ikki oydan soʻng yana hujjatlarini aspiranturaga topshirib, imtihonlardan oʻtdi.

— Aspiranturaga kirganim hayotimda tub burilish yasadi, — deydi olim. — 2011-yilga qadar oʻsimliklar sintezi boʻyicha ilmiy tadqiqot olib bordim. Ilmiy guruhimiz dorivor oʻsimliklar tarkibidagi biologik faol boʻlgan alkaloidlarni laboratoriyalarda sintez qilardi. Ertalabdan kechgacha ilmiy tadqiqotlar bilan shugʻullanardik.

Olim pedagogik faoliyatini boshlash niyatida Samarqandga qaytmoqchi boʻladi. Ammo ustozi H.Shohidoyatovning tavsiyasi bilan 2012-yilda Xitoyga olti oy ilmiy tadqiqot ishlariga yuborildi. Olim u yerda saraton hujayralarini oʻldiradigan birikmalarni sintez qilib, yaxshi natijalar bilan qaytganidan soʻng xitoyliklar unga uzoq muddatli taklifnoma yubordi.

2013-yilning martidan Xitoy Fanlar akademiyasining Shinjon fizika va kimyo-texnika institutida kichik ilmiy xodim, katta ilmiy xodim, yetakchi ilmiy xodim vazifalarida mehnat qildi. Qisqa vaqtda Xitoy Xalq Respublikasi tomonidan xorijiy mutaxassislar uchun taʼsis etilgan bir qancha grantlar sohibi boʻldi.

— Xorijda ilmiy ishimning dolzarbligini isbotlashga kirishdim, — deydi Xurshid Bozorov. — 2014-yilda Fransiyada nashr qilinadigan “European Journal of Medicinal Chemistry” jurnalida yarim yillik ilmiy tadqiqotim eʼlon qilindi. Shundan keyin ilmiy gʻoyalarim qoʻllab-quvvatlandi. Ilmiy ishimni davom ettirishim uchun qoʻl ostimga guruh tuzildi. Biz 2018-yilgacha ilmiy-tadqiqot ishlarida bir qancha natijalarga erishdik. Oʻsha yili oshqozon ichak saratoniga potensial kimyo terapiyada ishlatilishi mumkin boʻlgan dori vositasini sintez qildim. Birinchi laboratoriya sharoitida, soʻngra hayvonlarda taʼsiri oʻrganildi. Hozirgi kunda bu tadqiqotimiz klinik oldi sinovidan oʻtyapti. Ushbu tadqiqotlarimizga Xitoyda oʻndan ortiq patent oldik.

Olim 2021-yilda Xitoyda turib Oʻzbekistondagi ilmiy kengashga “Annelirlangan pirimidinlar sintezi, modifikatsiyasi va biologik faolligi” mavzusida fan doktorligi (DSc) dissertatsiyasini himoya qildi. Oʻsha yili Oʻzbekistonga qaytishga qaror qiladi. Uning ishlarini Samarqand davlat universiteti rahbariyati qoʻllab-quvvatladi. Qisqa muddat ichida laboratoriya uchun boshlangʻich asbob-uskunalar bilan taʼminlab berishdi.

— Bizda ham zamonaviy laboratoriyalar boʻlishini orzu qilardim, — deydi Xurshid Bozorov. — Aslida bizning ilmiy salohiyat xitoyliklardan qolishmaydi. Faqat ilmiy tadqiqotlar olib borishimiz uchun sharoit, zamonaviy laboratoriyalar yetarli boʻlishi kerak edi. 2023-yilning 24-avgustida Prezident Shavkat Mirziyoyev universitetimizga tashrif buyurdi. Oʻshanda davlat rahbari bilan suhbatlashish imkoniga muyassar boʻldim. U kishiga izlanishlarim haqida qisqacha gapirib berdim. Shundan soʻng qariyb 8 milliard soʻmlik ilmiy-amaliy loyihamiz Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining Innovatsion agentligi tomonidan moliyalashtirildi. Bu loyihaning nomi “Saraton kasalligiga qarshi dori vositalarini yaratish laboratoriyasini tashkil qilish” boʻlib, ikki yilda shunday laboratoriyani tashkil etishimiz kerak. Zamonaviy laboratoriyada ishlashni oʻrganish uchun oʻtgan yili oʻndan ortiq oʻqituvchi Xitoyda malaka oshirib keldi. Hozir ham xitoylik hamkasblarimiz bilan onlayn hamfikr boʻlib turibmiz.

Oʻtgan yili olimning mehnatlari inobatga olinib, “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi. 2023-yilda Xitoyning Shinjon-Uygʻur avtonom regionining ijtimoiy-iqtisodiy rivojiga hissa qoʻshgani uchun “Tyanshan” mukofotiga sazovor boʻlgandi.

Olim avval xorijda ishlagan boʻlsa, endi yurtimiz taraqqiyoti uchun mehnat qilmoqda. Samarqand davlat universiteti Biokimyo institutida har qanday murakkab tuzilishga ega boʻlgan birikmalarni sintez qila oladigan mutaxassislarni tayyorlashni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻygan. Bugun Xurshid Bozorov musofirlikda ilm izlab chekkan qiyinchiliklarining bari unutildi. Endi uning ilmiy izlanishlari mamlakatimiz ilm-fani taraqqiyotiga xizmat qilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер