Xitoy tili boʻyicha notiqlik sanʼati tanlovi gʻoliblari aniqlandi

13:41 12 Iyun 2023 Jamiyat
541 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Ikki kun davomida yurtimiz oliy oʻquv yurtlari talabalari oʻrtasida “Xitoy tili koʻprigi-2023», xitoy tili boʻyicha 22-notiqlik sanʼati va Oʻzbekiston maktab va akademik litseylari oʻquvchilari oʻrtasida 16-respublika tanlovlari boʻlib oʻtdi.

Xitoy Xalq Respublikasining mamlakatimizdagi elchixonasi koʻmagida tashkil etilgan tanlovda Toshkent davlat sharqshunoslik, Oʻzbekiston davlat jahon tillari hamda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetlari, Samarqand davlat chet tillar instituti, TDSHU va SamDCHTI qoshidagi Konfutsiy instituti kabi qator yetakchi oliy oʻquv yurtlaridan talaba va oʻquvchilar ishtirok etdi.

Barcha shartlarda muvaffaqiyatli qatnashgan Oʻzbekiston davlat jahon tillar universiteti talabalari – Anna Romanova va Muxlisa Xudoyberdiyeva XXRda oʻtkaziladigan Xitoy tili koʻprigi musobaqasida qatnashish uchun yoʻllanma oldi. Maktab va litsey oʻquvchilari oʻrtasidagi tanlov yakunlariga koʻra, xalqaro maydonda yurtimiz sharafini Samarqand davlat chet tillar instituti huzuridagi Konfutsiy instituti oʻquvchisi Parizoda va TDSHU huzuridagi Konfutsiy instituti oʻquvchisi Ilyos Qutlugʻ himoya qiladigan boʻlishdi.

XXRning Oʻzbekistondagi elchixonasining maslahatchisi Chjan Veyning aytishicha, soʻnggi yillarda xitoy tiliga oʻqitish ikki mamlakatning taʼlim sohasidagi hamkorligining faol yoʻnalishlaridan biri boʻlib qolmoqda.

—Toshkent va Samarqanddagi Konfutsiy institutlari mamlakatlarimizning oʻzaro aloqalari va hamkorligini mustahkamlashda muhim rol oʻynaydigan qator talantli talabalarni tayyorlashdi, — deydi maslahatchi Chjan Vey. Xitoy tomoni har yili mamlakatimiz oliy taʼlim dargohlarida tahsil olish uchun oʻzbek talabalariga davlat tomonidan moliyalashtiriladigan deyarli 100 ta joy taqdim etmoqda, oʻzbek oʻqituvchilariga malakalarini oshirishga qator imkoniyatlar bermoqda, oʻquv muassasalariga materiallar va anjomlar olib bermoqda, xitoy tilini oʻrganayotgan mahoratli talabalarga maxsus stipendiyalar taʼsis etmoqda. Til – bu dunyoni tushunish va dunyoqarashni kengaytirish uchun muomala koʻprigi va muhim vositadir. Tobora koʻproq oʻzbek doʻstlarimizning xitoy tilini oʻrganish orqali Xitoyni kashf etayotgani bizni quvontiradi.

                                                                                        “Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер