Xatirchida “Sahro baxshilari” musiqiy festivali o‘tkazildi

Foto: «Xalq so‘zi»
Festival Respublikamiz Prezidentining 2023 yil 26 apreldagi “Respublikaning turizm salohiyatini jadal rivojlantirish hamda mahalliy va xorijiy turistlar sonini yanada oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ilovasi bilan tasdiqlangan “Navoiy viloyatida turizmni rivojlantirish bo‘yicha 2023 yilda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasi” doirasida o‘tkazildi.
Anjumanga Xatirchi tumanining Oltinsoy qishlog‘i mezbonlik qildi. Mashhur baxshi Amirqul Po‘lkan shoir tug‘ilib o‘sgan ushbu zaminda chanqovuz va do‘mbira sadolari hamon yangrab, hududdagi to‘y-ma’raka va boshqa tadbirlarni baxshining ishtirokisiz tasavvur etish mushkul.
Festivalda mamlakatimizning taniqli baxshilari bilan birga Surxondaryo viloyatining Termiz shahridagi Respublika baxshichilik san’ati maktab-internatining ijodiy jamoasi ham ishtirok etishdi.
Festival dasturi doirasida xalq dostonlaridan namunalar, badihago‘ylik yo‘lidagi termalar, aytishuvlar, baxshichilik yo‘nalishida yaratilgan zamonaviy qo‘shiq va o‘lanlar ijro etildi.
- Baxshichilik san’ati YUNESKO ro‘yxatiga kiritilgan xalqimizning oltita nomoddiy madaniy meroslaridan biri hisoblanadi, - deydi Respublika baxshichilik san’ati markazini rivojlantirish direktori Umid Norboyev. – Ajdodlarimiz yaratgan ushbu boylikni nafaqat asrash, balki boyitish maqsadida so‘nggi yillarda mamlakatimizda keng ko‘lamli tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, xalq og‘zaki ijodining qadimiy an’analarini tiklash va milliy qadriyatlarni izchil rivojlantirish, ijodiy uyushmalar hamkorligida baxshi, oqin va jirovlar ijodining eng yaxshi namunalarini targ‘ib qilish, baxshichilik va dostonchilik san’atining tarixi, ular ijodini mukammal o‘rganish maqsadida tadqiqotlar olib borish shular jumlasidan.
Qo‘shimcha qilish joiz, ushbu tadbir turizmni rivojlantirish dasturi doirasida o‘tkazilib, hududning sayyohlik jozibasini oshirishi bilan ham ahamiyatlidir.
Temur ESHBOЕV, “Xalq so‘zi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 2024 yildan yangi uy sotib olganlarga QQSning yarmi qaytarib beriladi
- O‘zbekiston Prezidenti Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash yuzasidan muhim tashabbuslarni ilgari surdi
- Shavkat Mirziyoyevning Chilonzor tumaniga tashrifidan fotoreportaj
- Buxoroda Kushon davriga oid devor qoldiqlari topildi
- O‘zbekistonga Erondan issiq havo massalari kirib kelmoqda
- Kitoblar — tafakkur chashmasi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring