Xalqchil va dilbar shoir yodi hamisha qalblarda
Rahmatjon BOBOJONOV/“Xalq soʻzi”. Poytaxtimizdagi “Turkiston” sanʼat saroyida xalqimizning suyukli farzandi, sheʼr-u bitiklari “qanotli qoʻshiq”larga aylangan ijodkor, Oʻzbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf tavalludining 70-yilligiga bagʻishlangan xotira kechasi boʻlib oʻtdi.
Unda shoirning oila aʼzolari, yaqinlari, doʻstlari va shogirdlari, yozuvchi-shoirlar, sanʼat namoyandalari, talaba yoshlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Nazm-u navo kechasidan avval qatnashchilar bayramona bezatilgan saroy foyesidagi shoir hayoti va ijodiga bagʻishlangan suratlar, kitoblar koʻrgazmasi bilan tanishdi. Shundan soʻng, milliy musiqa kuylari ijrosi ostida zalga joylashishdi.
Tadbir avvalida shoir va olimlar soʻzga chiqib, otashqalb shoirning joʻshqin hayoti, oʻzida vatansevarlik va insonparvarlik fazilatlarini jamlagan sermahsul ijodi, uning avlodlarga qoldirgan muazzam sheʼriyat gulshani borasida soʻz yuritishdi.

Maʼlumki, ayni kunlarda mamlakatimiz boʻylab bir qator taʼlim muassasalari, ijod maktablari va oliy oʻquv yurtlarida Muhammad Yusuf ijodiga bagʻishlangan ijodiy uchrashuv va sheʼriyat kechalari, adabiy anjumanlar tashkil etilmoqda. Mazkur xotira kechasi ana shu ezgu ishlarning davomi, desak, mubolagʻa emas. Zotan, xalqimiz hamisha ardoqli shoirini eʼzozlaydi, uning asarlarini katta ishtiyoq bilan mutolaa qiladi.
Tadbir davomida Kinematografiya agentligi tomonidan suratga olingan shoir haqidagi hujjatli film namoyish qilindi. Monitorda Muhammad Yusufning oʻzi oʻqigan “Oʻzbekiston” va “Biz baxtli boʻlamiz” sheʼrlari videolavhasi qatnashchilar eʼtiboriga havola etildi.

Shundan soʻng, bir guruh yoshlar shoir sheʼrlaridan ifodali tarzda namunalar oʻqishdi. Ayniqsa, taniqli sanʼatkorlar tomonidan shoir sheʼrlari asosida kuylangan qoʻshiqlar davragacha oʻzgacha fayz bagʻishladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- Mashinada xavfsizlik kamarini taqish mumkin boʻlmagan kasalliklar roʻyxati tasdiqlanadi
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
- “Doha — Qatarning yuragi, tungi ritmda urib turgan shahar”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring