Xalqaro va mahalliy olimlar qum va chang boʻronlariga qarshi kurashning innovatsion usullarini muhokama qildilar
Samarqandda BMTning choʻllanish, yerlarning degradatsiyasi va qurgʻoqchilikka qarshi Konvensiyasi ijrosini koʻrib chiqish qoʻmitasining 21-sessiyasi (CRIC-21) doirasida mahalliy va xalqaro olimlar, mutaxassislar ishtirokida ilmiy anjuman boʻlib oʻtdi.
“Taʼlim va yerdan foydalanishning ilmiy asoslangan, innovatsion yondashuvi yer degradatsiyasi hamda qum va chang boʻronlarining salbiy oqibatlarini yumshatishga yordam bera oladimi?» mavzusida oʻtkazilgan tadbirda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi Atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish texnologiyalar ilmiy-tadqiqot instituti, UNCCD (BMTning choʻllanishga qarshi kurash toʻgʻrisidagi konvensiyasi) va UNDP (BMT Taraqqiyot dasturi) vakillari, 10 ga yaqin xorijiy davlat ilmiy-tadqiqot institutlari xodimlari, olimlar ishtirok etdi.
“Tadbirda asosiy masala qurgʻoqchilik, yerlarning degradatsiyasi va choʻllanishga qarshi kurashda taʼlim, ilm-fanning ahamiyatini oshirish, innovatsion yondashuvlarga qaratildi, — dedi Atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish texnologiyalar ilmiy-tadqiqot instituti direktori Baxtiyor Poʻlatov. — Chet ellik mutaxassislarga yurtimizda qilinayotgan ishlar haqida maʼlumot berdik. Ularga, Orol dengizi hududida choʻllanishga qarshi olib borilayotgan ishlar, ayniqsa, juda koʻp miqdorda saksovul oʻsimligi ekilayotganligi maʼqul keldi. Bugungi kunda choʻllanishga qarshi kurashda suv resurslarini saqlab qolish juda muhim hisoblanadi. Olimlar bilan muhokamalarda shu mavzuga ham eʼtibor qaratdik”.
Muzokaralar davomida chang va qum boʻronlari asosiy eʼtibor qaratilishi kerak boʻlgan masalalardan ekanligi taʼkidlandi.
“Choʻllanish va qurgʻoqchilikka qarshi kurashda innovatsiyalar va yangi texnologiyalar juda muhim hisoblanadi. Biz turli xil amaliyotlarning biofizik va ijtimoiy-iqtisodiy jihatlarini koʻrib chiqdik, qum va boʻronlarning qaynoq nuqtalarini aniqlash kabi masalalarni koʻrib chiqdik, — dedi BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti vakili Feras Ziadat. — Maqsadimiz qum va changni keltirib chiqaradigan omillarni aniqlash va bartaraf etishdir. Chunki bu nafaqat Markaziy Osiyo, balki boshqa qitʼalarga ham salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Xususan, qum va chang boʻroni dunyoning 151 ga yaqin davlatiga taʼsir qilmoqda”.
Tadbir davomida Oʻzbekistonda ekologiya va choʻllanish muammolari boʻyicha tadqiqotlar olib borayotgan universitetlar va ilmiy muassasa vakillari oʻz fikr va takliflarini bildirishdi. Shuningdek, UNCCD va UNDP kabi xalqaro tashkilot vakillari chang va qum boʻronlariga qarshi kurashish sohasida hamkorlik va qoʻllab-quvvatlash imkoniyatlarini muhokama qildilar. Qolaversa, Orol dengizidagi choʻllanishga qarshi kurash choralari ham kun tartibidan oʻrin oldi.
“Prezidentimiz BMT minbarida Orol dengizi muammosini koʻtarib chiqqanidan beri dunyo jamoatchiligi Orol dengizi muammosiga jiddiy eʼtibor qaratmoqda. Bugungi anjumanda dunyoda boʻlayotgan iqlim oʻzgarishi, dengiz, daryolarning qurib ketishi, yerlarning degradatsiyaga uchrash masalalari muhokama qilindi. Orol muammosini hal qilish borasida qilingan va rejalashtirilgan ishlar haqida maʼlumot berildi. — dedi Ekologiya, atrof-muhitini muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi huzuridagi Orol dengizi xalqaro innovatsion markazi direktori Baxitjan Habibullayev. — Hozirgi vaqtda 1 million 700 ming gektardan ziyod yerda saksovul ekildi. Kelajakda esa har yili 200 ming gektar yerga saksovul ekilishi rejalashtirilmoqda”.
Tadbir yakunida choʻllanish, qurgʻoqchilikka qarshi kelajakda qilinishi kerak boʻlgan ishlar belgilab olindi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring