Xalqaro talabalar Germaniya iqtisodiyotiga milliardlab yevro foyda keltirmoqda - DW

12:28 25 Mart 2025 Dunyo
151 0

Yangi iqtisodiy tahlillarga koʻra, Germaniyada taʼlim olayotgan xalqaro talabalar mamlakat iqtisodiyoti uchun katta ahamiyat kasb etmoqda. Germaniya Iqtisodiy instituti tomonidan tayyorlangan hisobotda taʼlimni bepul olgan taqdirda ham xorijlik talabalar davlat xazinasi uchun moliyaviy jihatdan foydali ekani qayd etilgan. Bu haqda DW xabar berdi.

Hisobotga koʻra, 2022-yilda Germaniyada oʻqishni boshlagan 79 ming nafar xalqaro talabalar kelgusida soliqlar va ijtimoiy toʻlovlar orqali mamlakatga taxminan 15,5 milliard yevro foyda keltiradi. Germaniya Akademik almashinuv xizmati (DAAD) prezidenti Joybrat Mukerji xalqaro talabalar nafaqat akademik, balki iqtisodiy jihatdan ham mamlakat uchun qimmatli aktiv ekanini taʼkidlagan.

Germaniya xalqaro talabalar uchun maqbul shart-sharoitlar yaratishga alohida eʼtibor qaratadi. OECD maʼlumotlariga koʻra, 2010-yilda talabalik vizasi bilan kelgan talabalarning 45 foizi 10-yil oʻtib ham Germaniyada yashashda davom etmoqda. Germaniya Iqtisodiy instituti taʼkidlashicha, agar talabalarning kamida 40 foizi oʻqishdan keyin kamida uch yil Germaniyada qolsa, ularning taʼlim xarajatlari toʻliq qoplanadi.

Shu bilan birga, Germaniya soʻnggi oʻn yilda xalqaro talabalarni mamlakatda ushlab qolish boʻyicha qonuniy asoslarni yaratgan. Boshqa mamlakatlarda bu borada qator cheklovlar mavjud boʻlsa, Germaniyada universitetlar ish beruvchilar uchun salohiyatli kadrlar manbai sifatida qaralayotgani qayd etilgan.

Germaniya Iqtisodiy instituti oʻz hisobotida mamlakat mehnat bozoriga xalqaro bitiruvchilarni jalb qilish uchun immigratsiyani targʻibot qilishni tavsiya qilgan. Xorijlik talabalarni taʼlim bilan taʼminlash Germaniya uchun nafaqat iqtisodiy jihatdan, balki xalqaro munosabatlarni mustahkamlash, doʻstona aloqalarni rivojlantirish va akademik hamkorlikni kengaytirishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер