Xalqaro hamkorlik tashabbuslari haftaligi doirasida yoshlar masalalari ham oʻrganildi

23:41 25 Oktyabr 2024 Jamiyat
309 0

Poytaxtimizda boʻlib oʻtayotgan Oʻzbekiston Xalqaro hamkorlik tashabbuslari haftaligi doirasida “Yangi Oʻzbekistonda yoshlar siyosati va sport sohasida erishilgan yutuqlar hamda istiqboldagi vazifalar” mavzusida sessiya tashkil etildi.

Mazkur yigʻilishda mahalliy va xorijiy ekspertlar, yoshlar siyosatiga masʼul xalqaro tashkilotlar vakillari, fuqarolik jamiyati institutlarining mutaxassislari hamda keng jamoatchilik vakillari jam boʻldi.

Tadbir avvalida Yoshlar ishlari agentligi direktori mamlakatimizdagi yoshlarga oid davlat siyosati, ularning mohiyati, erishilgan yutuqlar va istiqboldagi ustuvor vazifalar yuzasidan taqdimot qildi.

Shundan soʻng, yoshlar ishiga masʼul bir qator tashkilot rahbarlari soʻzga chiqib, ushbu uchrashuvning Oʻzbekistonda yoshlar bandligini taʼminlash hamda boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etishga qaratilgan dolzarb masalalar hamda strategik vazifalarni muhokama qilish hamda yoshlarga oid davlat siyosati sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va istiqboldagi ustuvor vazifalar bilan xalqaro hamjamiyatni yaqindan tanishtirish yoʻlidagi muhim qadamligini taʼkidlashdi.

Shuningdek, xorijiy ekspertlar tomonidan ham mazkur tadbir xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan hamkorlikni mustahkamlash hamda tajriba almashishda muhim ahamiyatga ega ekani eʼtirof etildi.

Soʻz — tadbir ishtirokchilariga:

Saida Amna BATUL,

Pokiston Bosh vaziri ofisi vakili, Pokiston Milliy Assambleyasi aʼzosi:

— Yangi Oʻzbekistonda yoshlar siyosati sohasidagi yutuqlar va soha boʻyicha istiqboldagi strategiyalar muhokamasiga bagʻishlangan ushbu konferensiyada ishtirok etayotganimdan mamnunman.

Qayd etish joiz, Oʻzbekiston Markaziy Osiyoning muhim davlatlaridan biridir. Biz oʻzbek jamiyati va xalqi bilan islomiy, tarixiy va madaniy aloqalarga egamiz. Oʻzbekistonga kelganimizda, oʻzimizni mehmondek emas, goʻyo ikkinchi uyimizga kelgandek his qilamiz.

Bu tadbirda bizga global aloqalarni kengaytirish va yoshlar rivoji hamda taraqqiyoti haqida fikr almashish imkoniyatini berdi. Biz yoshlar sonining dunyo miqyosida ortib borayotganini inobatga olib, ularning taʼlim olishi, sogʻligi, farovon hayot tarzini taʼminlash yoʻlidagi reja va maqsadlarni birgalikda ishlab chiqishimiz zarur. Ushbu tadbir bizga shunday imkoniyatni bergani bilan ham ahamiyatlidir.

Rafael XAJIBAYLI,

Ozarbayjon Milliy yoshlar tashkilotlari assambleyasi rahbari:

— Bugun yoshlar ertasi yoʻlidagi umumiy maqsad va masʼuliyat atrofida toʻplanganimiz meni juda quvontiradi. Biz turli mamlakatlardagi yoshlar ovozlari va gʻoyalarini bir joyga yigʻamiz, bizni birlashtiruvchi maqsad — kelajak avlod uchun yorqinroq va yaxshiroq kelajak yaratishdir.

Shuni alohida taʼkidlashni istardimki, joriy yilning avgust oyida Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti janob Ilhom Aliyev Oʻzbekiston Respublikasiga tashrif buyurdi, bu ikki davlat oʻrtasidagi oʻzaro aloqalar rivojida yangi sahifani ochdi. Milliy yoshlar kengashi sifatida biz ushbu tashrifda belgilangan yoʻnalishlarni amalga oshirish va yetakchilarimiz tomonidan belgilangan maqsadlarga erishishga oʻz hissamizni qoʻshishga tayyormiz.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston va Ozarbayjon yoshlar tashkilotlari oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar mavjudligini, xususan taʼlim, startaplar va ijtimoiy tadbirkorlik sohalarida tajriba va amaliyotlar almashinuvini koʻrishimiz mumkin.

Liu XI,

«Hi China» Xalqaro yoshlarni rivojlantirish alyansi prezidenti:

— Yoshlar milliy taraqqiyot va xalqaro munosabatlarni rivojlantirishda hal qiluvchi oʻringa ega ekanini chuqur anglaymiz. Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston yoshlar siyosati sohasida ajoyib natijalarga erishdi. Innovatsion va yetakchilikka yoʻnaltirilgan koʻplab loyihalar orqali mamlakat kelajagi uchun mustahkam poydevor yarata oldi. Biz bu yutuqlarni juda yuqori baholaymiz, albatta.

Biz kelgusida Xitoy va Oʻzbekiston yoshlari oʻrtasidagi hamkorlik hamda almashinuv bardavom va mustahkam boʻlishi tarafdorimiz. Ikki mamlakat yoshlari uchun almashinuv dasturlarini davom ettirishdan, hamkorlikdagi loyihalarni rivojlantirish va soha taraqqiyoti yoʻlida bir-birimizni qoʻllab-quvvatlashdan mamnun boʻlamiz.

Tadbirkorlik va innovatsiyalar zamonaviy iqtisodiyotning harakatlantiruvchi kuchidir. Bizning tashkilot shu paytgacha 100 nafar xitoylik tadbirkor va Oʻzbekiston tijoriy korxonalari oʻrtasida hamkorlikni tashkillashtirgan va kelajakda ham tadbirkorlik hamkorligini davom ettirish, tajriba, resurslar va bozor imkoniyatlarini oʻrtoqlashishda oʻzaro qoʻllab-quvvatlashni istaydi. Ikki davlat yosh tadbirkorlarining innovatsiya va tadbirkorlik sohalarida ham hamkorlik qilishlarga umid qilamiz.

Rahmatjon BOBOJONOV

(“Xalq soʻzi”) yozib oldi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер