Xalqaro boks assotsiatsiyasi reytingida Oʻzbekiston 2-oʻrinda qayd etildi

18:54 04 Yanvar 2023 Sport
1671 0

Foto: Arxiv surat

Xalqaro boks assotsiatsiyasi (IBA) 2022-yil yakunlari boʻyicha reyting natijalarini eʼlon qildi. Oʻzbekiston 135 ta davlat orasida 37 ming 600 ochko jamgʻargan holda 2-oʻrindan joy oldi.

Ushbu natijaga erishishda bokschilarimizning Xalqaro boks assotsiatsiyasi tizimidagi jahon va qitʼa chempionatlari, nufuzli musobaqalardagi ishtiroki va koʻrsatgan natijalari inobatga olingan. Masalan, IBA baholash mezonlariga binoan, qitʼa chempionatida oltin medalga musharraf boʻlgan bokschilar 1200 ochko jamgʻarishgan boʻlsa, kumush — 900, bronza sohiblari 700 ochkoga ega boʻlgan.

Mamlakatimiz bokschilari oʻtgan yili kattalar oʻrtasidagi qitʼa chempionatida 5 ta oltin medalga ega boʻlib, erkaklar oʻrtasida umumjamoada 1-oʻringa koʻtarildi. Ammo bokschi qizlarimizning bu borada Qozogʻiston vakillaridan medallar jamgʻarishda ortda qolishi umumiy natijaga taʼsir koʻrsatdi. Mazkur reytingning 3-pogʻonasini 36 ming 300 ochko jamgʻargan Hindiston bokschilari band etdi. Ulardan keyingi qatorlar AQSH, Turkiya, Meksika vakillariga tegishli boʻldi.

Shuni qayd etish joizki, ushbu reyting faqat kattalar terma jamoalarining natijalari asosida ishlab chiqilgan. Agarda turli yosh toifalaridagi terma jamoalarning jahon va qitʼa chempionatlaridagi natijalari ham umumiy reytingga qoʻshilganida, soʻzsiz, Oʻzbekiston boks jamoasi yagona yetakchiga aylanishi shubhasiz edi.

Boisi mamlakatimiz oʻsmir bokschilari qitʼa va jahon chempionatlarida, “Osiyo bolalari” oʻyinlarida va boshqa xalqaro turnirlarda doimiy tarzda yetakchilikka erishib keldi. Xuddi shuningdek, yoshlar terma jamoasi ham 2022-yilgi musobaqalarda munosib muvaffaqiyatlarga sazovor boʻldi. Jumladan, Ispaniyaning La-Nusiya shahrida yoshlar oʻrtasida oʻtkazilgan jahon chempionatida Oʻzbekistonning yosh bokschilari 5 ta oltin, 3 ta kumush va 2 ta bronza medallariga ega chiqqan holda umumjamoada 1-oʻrinni egallashgani ortda qolgan yil yurtimiz charm qoʻlqop ustalari uchun tom maʼnoda muvaffaqiyatli kechganligini koʻrsatadi.

Shuni ham qayd etish kerakki, 2021-yili Serbiyada yakunlangan jahon chempionatidan keyin IBA reytingida AQSH terma jamoasi yetakchilik qilib kelayotgan edi. Hamyurtlarimiz esa ikki yil muqaddam kuchli beshlikda qayd etilgandi. Bu safar ikkinchi oʻrindamiz.

Joriy yil may oyida boks boʻyicha kattalar oʻrtasidagi jahon chempionati poytaxtimiz Toshkent mezbonligida oʻtishini nazarda tutsak, Olimpiya yilini yurtimiz bokschilari IBA reytingi yetakchisi sifatida qarshilashiga ishongimiz keladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?