Kelajak energiyasi mamlakatning tinch taraqqiyotiga xizmat qiladi
Davlatimiz rahbarining kuni kecha O‘zbekistonda atom elektr stansiyasi barpo etish borasidagi tashabbusi butun xalqimizning ruhini ko‘tarib yubordi. Atom energiyasi haqida so‘z yuritishdan oldin bir jihatga e’tibor qaratsak. Inson hayotida yashash uchun to‘rtta omil mavjud: suv, energiya, oziq-ovqat va salomatlik.
Ana shular bilan bog‘liq muammolarning hammasi yechilgan bo‘lganda boshqa muammolar bo‘lmasdi. Hozirgi paytda suv ta’minoti, ayniqsa, ichimlik suvi, energiya ta’minoti muhim ahamiyatga ega. Bugungi kunda yurtimizda qariyb 33 million nafar aholi istiqomat qilayotgan bo‘lsa, o‘tgan chorak asr davomida amalda birorta ham qudratli elektr energiya stansiyasi qurilgan emas. Demak, odam boshiga hisoblaganda energiya ta’minoti taxminan 30 foiz kamaydi. Biz iqtisodiyotimizni tubdan rivojlantirish, yangi quvvatlar barpo etishga bel bog‘layapmiz. Bularning barchasi energiyani talab qiladi. Shunday ekan, o‘zimizda mavjud bo‘lgan uran xom ashyosiga tayanib atom elektr stansiyasi qurishga qaror qilingani ayni muddaodir.
Hayotimizni energiyasiz bir tasavvur etib ko‘ring. Usiz hayot to‘xtab qolishi mumkin. Keng miqyosda olganimizda uglevodorod xom ashyosi, gidroenergiya ta’minoti, nihoyat atom energetikasidan iborat. Quyosh energiyasi haqida gapiramiz. Lekin uning foydali ish koeffitsiyenti 15 foizdan oshmaydi. Ko‘mirdan olinayotgan samaradorlik ham ancha past. Shu jihatdan olganda, eng ishonchli, kafolatli va xavfsiz energiya atom energiyasi ekanligini hayotning o‘zi ko‘rsatmoqda.
Hozirgi paytda dunyo miqyosida energiya ta’minotining 15 foizi atom energiyasi hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Rivojlangan mamlakatlarda bu ko‘rsatkich juda yuqori va yildan-yilga oshib boryapti. O‘zbekiston ham ana shu taraqqiy etgan davlatlar safidan joy olishi uchun kelajak energiyasini ishga solishga harakat qilishi kerak.
Tasavvur eting, uranning 20 grammlik tabletkasi 520 kilogrammlik ko‘mirning quvvatini beradi. Agar biz mazkur masalani hal qilishga bugundan kirishmasak, kelajak avlod bizni kechirmaydi. Hozirgacha yurtimizda qazib olinayotgan uranni chetga sotyapmiz. Agar ana shu noyob xom ashyoni o‘zimizda ishlatsak, juda katta samaradorlikka erishamiz.
Birgina AQSHning o‘zida 99 ta atom elektr stansiyasi ishlab turibdi. Yaqinda bir qator stansiyalarga 60 yillik ekspluatatsiyadan so‘ng yana 20 yil ishlatishga litsenziya berildi.
Birlashgan Arab Amirliklari neft-gazga qanchalik boy ekanligi hammaga ma’lum. Lekin shunga qaramasdan bu mamlakatda atom elektr stansiyasining 4 ta blokini qurishga harakat qilinmoqda. O‘zlari boy uglevodorod zaxirasiga ega bo‘lishiga qaramasdan atom energiyasini ishga solishga intilishyapti. Sababi yangi texnologiya ekologik jihatdan sof, ishlatishda xavfsiz energiya ko‘proq manfaat keltiradi.
Masala mohiyatini to‘liq tushunmagan odamlar atom energetikasi haqida gap ketganda, Chernobil va Yaponiyaning Fukusimo stansiyalari halokatlarini yodga olishadi. U joylardagi falokatlar, asosan, inson omili tufayli ro‘y bergan. Hozirgi paytda ishlab chiqarilayotgan reaktorlar bir necha barobar xavfsiz va ishonchlidir. Bugungi reaktorlar mexanizmi 21 o‘rinda o‘zaro xatardan asrovchi kafolatga ega. Bular uchinchi avlod reaktorlari hisoblanadi. Ularning ustiga samolyot qulaganda ham falokat ro‘y bermaydi.
Atom energiyasiga ega bo‘lsak, qancha gaz xom ashyosi tejab qolinadi?!
Biz yangi obyektda ishlaydigan bilimdon va malakali kadrlarni tayyorlashimiz kerak. Yoshlarimiz hozirdanoq Moskva muhandislik-fizika institutiga o‘qishga kirishmoqda. Mazkur oliy o‘quv yurtining O‘zbekistonda filialini ochish harakati boshlandi. Uch yil ichida 4 ming nafar mukammal bilimga ega mutaxassislar tayyorlashimiz zarur. Umuman, atom elektr stansiyasi qurilishida 9 ming odam, ishga tushirilgandan keyin 3,5 ming kishi ish bilan ta’minlanadi. Bu yerda faoliyat yuritadigan muhandis-texnik xodimlar yuksak malakali, bilimdon va har jihatdan vatanparvar bo‘lishlari kerak.
Har tomonlama uzoqni ko‘zlab rejalashtirilgan ekologik toza va zararsiz ushbu yirik loyiha mamlakatimiz iqtisodiy taraqqiyotiga, xalqimiz turmush farovonligini yanada oshirishga xizmat qilishiga shak-shubha yo‘q.
Behzod YULDASHЕV,
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar
akademiyasi prezidenti.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Mashinada xavfsizlik kamarini taqish mumkin boʻlmagan kasalliklar roʻyxati tasdiqlanadi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
- “Doha — Qatarning yuragi, tungi ritmda urib turgan shahar”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring