Kelasi yildan pedagoglar uchun davlat xizmatlari toʻlovi 2 karra kamaytiriladi

15:13 15 Sentyabr 2025 Siyosat
150 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezidentning oʻqituvchi va murabbiylar bilan muloqotida oliy taʼlimdagi islohotlardan asosiy maqsad Oʻzbekistonni mintaqaviy taʼlim va ilm-fan xabiga aylantirish ekani taʼkidlandi.

Masalan, hozirda 4 ta oliygoh dunyodagi TOP-mingtalikka kirgan. Yaqin yillarda ularning soni 10 taga yetkaziladi.

Shu bilan birga, oliygohlarimizda xorijiy TOP-500 talik universitetlar bilan axborot texnologiyalari, sunʼiy intellekt, agrotexnologiya, tibbiyot, “yashil” energetika kabi ustuvor yoʻnalishlarda qoʻshma taʼlim dasturlari yoʻlga qoʻyiladi.

Bundan tashqari, chet eldagi TOP-100 talikka kirgan oliygohlarning filiallari ochiladi.

Bu maqsadlarga erishish uchun kelgusi yilda 10 dan ziyod xalqaro tashkilotlar, 500 ta nufuzli oliygoh rektorlari, 1 mingdan ortiq xalqaro ekspertlar ishtirokida Markaziy Osiyo xalqaro taʼlim forumi oʻtkaziladi.

Xorijlik talabalar soni 5 barobarga oshirilib, taʼlim eksporti 200 million dollarga yetkaziladi.

Davlat rahbari pedagoglarni yanada qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan yangi tashabbuslarni ilgari surdi:

• yangi yildan boshlab kamida 15-yil stajga ega boʻlgan oliy toifali pedagoglarga ipoteka krediti boshlangʻich badalining 25 foizi qoplab beriladi;

• kelgusi oʻquv yilida davlat oliygohlariga oʻqishga kirgan pedagoglar farzandlarining kontrakt summasiga 30 foiz chegirma beriladi;

• oʻqituvchilar yangi taʼlim texnologiyalarini keng qoʻllashi uchun kompyuter xaridiga 10 million soʻmgacha imtiyozli kredit ajratiladi;

• kelasi yildan pedagoglar uchun davlat xizmatlari toʻlovi 2 karra kamaytiriladi;

• fan oʻqituvchilari kabi boshlangʻich taʼlim oʻqituvchilari uchun ham milliy sertifikat berish tizimi joriy qilinamiz. Sertifikat olganlarga har oyda 15 foiz ustama toʻlanadi;

• bakalavr bosqichini imtiyozli diplom bilan bitirib, maktabga ishga kirganlarga avtomatik ravishda 2-malaka toifasi, magistrlarga esa 1-malaka toifasi beriladi;

• dunyodagi TOP-300 talik oliygohlarga oʻqishga kirgan pedagoglarga 20 ming dollargacha imtiyozli taʼlim krediti ajratiladi;

• reytingda 100 talikka kirgan maktab va bogʻcha, 20 talikdagi texnikum, TOP-10 ta oliygoh pedagoglariga yiliga bir marta Oʻzbekiston boʻylab sayohat qilish uchun samolyot va poyezdlar chipta narxlariga 15-20 foiz chegirma beriladi.

“Ikki Renessans davomida bashariyatga muallimlik qilgan xalqimiz orasida ustozlarni eʼzozlash va ularga ehtirom koʻrsatish eng goʻzal va qadimiy anʼanalarimizdan biriga aylangan.

Bugun Yangi Oʻzbekistonda Uchinchi Renessans poydevorini qurish degan bagʻoyat ulugʻ va sharafli ishni boshlagan ekanmiz, eng avvalo, siz – aziz ustozlar hamda isteʼdodli shogirdlaringizga tayanamiz.

Ishonchim komil, sizlar bilan birga chin dildan harakat qilsak, Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot moʻjizasini albatta yarata olamiz. Oldimizga qoʻygan yuksak marralarga sizlar bilan, el-yurtimiz bilan birga albatta yetamiz!” dedi davlatimiz rahbari.

Prezidentimiz soʻzining yakunida oʻqituvchi va murabbiylarga sihat-salomatlik, kuch-gʻayrat, gʻoyat masʼuliyatli va sharafli faoliyatlarida ulkan yutuqlar, oilaviy baxt-saodat tiladi.

Tadbir davomida oʻqituvchi va talabalar, taʼlim tashkilotlarining rahbarlari bilan muloqot qilinib, ularning taklif va fikr-mulohazalari tinglandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер