Kattaqoʻrgʻon kichik sanoat zonasi tabiiy gaz bilan taʼminlanadi

11:40 03 Aprel 2023 Jamiyat
514 0

Foto: «Xalq soʻzi»

“Hududgaz Samarqand” gaz taʼminoti filiali tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 6-iyundagi “Hududlarda maxsus iqtisodiy va kichik sanoat zonalarini tashkil qilish va ularni muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi bilan taʼminlash chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-271-sonli qarori ijrosini oʻz vaqtida va sifatli taʼminlash yuzasidan keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.

Filialning qurilish-montaj boshqarmasi tomonidan Kattaqoʻrgʻon shahrining Qoʻshhovuz kichik sanoat zonasi hududida joylashgan ishlab chiqarish korxonalarini tabiiy gaz bilan taʼminlash yuzasidan 3,1 kilometr masofada tabiiy gaz tarmogʻini qurish ishlari amalga oshirilyapti.

Loyiha qiymati 1 milliard 853 million soʻm boʻlgan ushbu hududda qurilish-montaj ishlari nihoyasiga yetkazilmoqda. Muhandis-texnik xodimlar tabiiy gaz quvurlariga belgilangan tartibda ishlov berishib, uch qavatli himoya qoplamasi bilan qoplashyapti. Montaj ishlari toʻliq tugagach, bosim ostida zichlikka sinash tadbirlari oʻtkaziladi.

Foto: «Xalq soʻzi»

— Filialning qurilish-montaj boshqarmasi quruvchilari mehnati evaziga hademay Kattaqoʻrgʻon kichik sanoat zonasida joylashgan 20 dan ortiq ishlab chiqarish korxonalari tabiiy gaz bilan taʼminlanadi, — deydi “Hududgaz Samarqand” gaz taʼminoti filiali, qurilish va montaj boshqarmasi boshligʻi Akmal Yangiboyev. — Ayni kunlarda diametri 119 millimetr boʻlgan, yuqori bosimli tabiiy gaz quvurini montaj qilish ishlari yakuniga yetkazilyapti. Kattaqoʻrgʻon shahridagi “Hamza-1” gaz taqsimlash qurilmasiga tabiiy gaz quvurlarini ulash tadbirlari koʻrilmoqda. Tabiiy gaz quvuri qurilishi ishlari joriy yilning aprel oyi birinchi oʻn kunligiga qadar nihoyasiga yetkaziladi

Prezidentimizning yuqoridagi qarori ijrosini taʼminlash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar, yangi ish oʻrinlari yaratilishi, ichki isteʼmol bozorini sifatli va arzon mahsulotlar bilan taʼminlashga xizmat qiladi.

Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер