Kasbidan eʼzoz topgan kashtadoʻzlar

17:22 19 Mart 2025 Jamiyat
173 0

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Qoʻlda kashta tikish anʼanasi oʻzbek xonadonlarida azaldan boʻlgan. Har bir oila bekasi zaruriyat emas, maʼnaviy zavq olish uchun kashta tikkan. Kashta tikishni bilmagan ayol uquvsiz hisoblangan. Shundan kashtadoʻzlik hozirgacha opa-singillarimizning sevimli mashgʻulotidir. Samarqandlik Shoira Gʻaniyeva mohir kashtadoʻzlar sulolasining ishini davom ettirib kelayotgan hunarmandlardan. U bolaligidan kashtadoʻzlikka qiziqadi. Ipak matolarga tabiiy boʻyoqlar yordamida gul bosish bilan shugʻullanadi. Uning ijodiy ishlari YUNESKO tomonidan “Butunjahon sifat belgisi” sertifikati bilan taqdirlangan. “Shuhrat” medali sohibasi hamdir.

— Kashta tikishni buvim va onamdan oʻrganganman. Keyinchalik bu hunar sevimli kasbimga aylandi, — deydi Sh.Gʻaniyeva. — Tanlovlarda yuqori natijalarni qoʻlga kiritib, seminarlar doirasida mahorat darslari oʻtyapman. Dunyoning barcha qitʼasida shogirdlarim bor. Oʻn yil davomida sulolamiz va oʻzimning ishlarimni kitob holiga keltirdim. Bu toʻplam boʻlajak hunarmandlar uchun qoʻllanma vazifasini oʻtaydi.

Shoira opaning atrofidagi barcha xotin-qizlar kashta tikishni biladi. Qizlari yettinchi, nabiralari sakkizinchi avlod boʻlib, onasining mahoratini boshqalarga ham oʻrgatib kelmoqda. Urgutlik kashtadoʻz Qurbonoy Turdiyeva ham mamlakatimiz boʻylab oʻtkazilgan hunarmandlar koʻrgazmalarida Shoira Gʻaniyevaning ijodiy ishlaridan zavqlanib oʻz ishini yoʻlga qoʻygan. Uning mahsulotlari nafaqat mamlakatimiz, balki xorijiy davlatlarda ham eʼtirof etilmoqda.

— 2014-yilda respublika “Hunarmand” uyushmasiga aʼzo boʻldim, — deydi mohir kashtadoʻz Qurbonoy Turdiyeva. — Bu mahsulotlarimni milliy va xalqaro bozorlarga chiqarish uchun imkoniyat yaratdi. Hozir yuzlab shogirdlarim bor. Ularga xalqaro miqyosda tan olingan hunarmandchilik ishlarini oʻrgatib kelmoqdaman.

Nurobod tumanining Ittifoq mahallasidan yashab kelayotgan Sojida Yoʻldosheva ham usta hunarmandlarning ishidan ilhomlandi. Uning tikuvchiligi oddiy koʻylak yo koʻrpa-toʻshak tikishdan farq qiladi. Mahsulotlariga talab yuqori. Nafaqat mamlakatimiz, balki qoʻshni respublikalar, Rossiya, hatto Amerikadan ham u tikkan mahsulotlarni soʻrab kelishmoqda.

— 2022-yilda 5 million kredit olib, yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyatimni yoʻlga qoʻygandim, — deydi Sojida Yoʻldosheva. — Tikuvchilikka qoʻshimcha quroq tarzda yostiqlar tikishni boshladim. Keyin beshik yopinchiqlari, chimildiq, dasturxon, umuman, xonadonlarga kerakli boʻlgan turli mahsulotlarni tikishni yoʻlga qoʻydik. Ijtimoiy tarmoqlarda “Sojida quroqlari” nomi bilan kanal ochdim. Turli viloyatlardan quroq koʻrpacha va boshqa buyumlarga buyurtma tushdi. Buyurtmalarni pochta orqali tarqatdik. Hozir mahallamizdan yana qoʻshimcha joy axtaryapmiz. Chunki buyurtma koʻp, ammo tikuvchilar kam.

Hunarmand tadbirkor ushbu usuldagi quroq buyumlarni tikishni onlayn oʻrgatishni ham yoʻlga qoʻygan. Samarqandning faxri hisoblangan qoʻli gul hunarmand ayollarning safi kengayaversin. Ularning ishi milliy qadriyatlarimiz, anʼanalarimiz davomiyligini mustahkamlaydi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?