Kartoshkaning yangi ultra ertapishar navi ixtiro qilindi

18:56 18 Yanvar 2023 Iqtisodiyot
863 0

Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutining seleksioner olimlari mamlakatimiz tuproq iqlim sharoitiga mos kartoshkaning ertapishar “Toshkent ertagisi” navini ixtiro qilishdi. Ushbu navning mualliflari Rustam Nizomov, Jasur Rahmatullayev, Muhammadjon Rasulov va Dilshod Tursunovlar hisoblanadi.

Ushbu yangi nav 2023-yilda Intellektual Mulk agentligi tomonidan patentlashtirildi.

Yangi kartoshka navi mavjud navlardan bir nechta ustunlik jihatlari bilan ajralib turadi. Jumladan, u ultra ertapishar nav, mavjud mahalliy ertapishar navlardan 10-12 kun vaqtli yetiladi.

Uning vegetatsiya davri yaʼni unib chiqishidan toki palak qurigunicha muddati 65-70 kundan iborat. Nav yuqori unumdor tuproqqa talabchan, virusli kasalliklarga bardoshli ekanligi bilan ham ajralib turadi.

Endi mamlakatimizda kartoshka yetishtirish bilan bogʻliq holatga eʼtibor qaratamiz.

Respublikadagi barcha toifa xoʻjaliklarda 2022-yil hosili uchun 221,5 ming gektarga, shundan, fermer va qishloq xoʻjaligi korxonalarida 133,4 ming gektarga (asosiy maydonga 93,5 ming ga, bogʻ-tok qator orasiga 13 ming gektarga va takroriyga 26,9 ming gektarga) hamda dehqon xoʻjaliklari va aholi tomorqalarida 88,1 ming gektarga kartoshka ekilgan.

Mazkur maydonlardan 3,4 mln tonna (2021-yilga nisbatan 200 ming tonna koʻp, 107%) kartoshka yetishtirildi.

Maʼlumot oʻrnida, tibbiy meʼyorlar nuqtayi nazaridan, aholining kartoshkaga boʻlgan 1 yillik ehtiyoji (JSST meʼyori 1 kishiga 96 kg) 3,4 mln tonnani tashkil etadi.

Mamlakatimizda 2022-yil hosili uchun fermer va qishloq xoʻjaligi korxonalari tomonidan kartoshkaning yangi serhosil «Surya», «Spunta», «Ranomi», «Passion», «Malis», «Luizana», «Orea va Konstanse» kabi yuqori avlodli xorijiy kartoshka navlarini ekib yetishtirildi.

Hududlarning tuproq-iqlim sharoitiga mos, kasallikka, issiqqa va qurgʻoqchilikka chidamli ertaki, oʻrtaki va kechki yuqori hosil beradigan navlarini yaratish ishlari olib borilmoqda.

Respublika hududida ekish uchun tavsiya etilgan va qishloq xoʻjaligi ekinlari Davlat reestriga kartoshkaning 152 taga yaqin navlari kiritilgan boʻlib, shundan, 19 ta navlari mahalliy ilmiy-tadqiqot institutlari olimlari tomonidan yaratilgan.

Koʻp yillik tadqiqotlar natijasida kartoshkaning yangi 11 ta mahalliy navlari ixtiro qilingan.

2023-yil hosili uchun:

Joriy yilda aholini kartoshkaga boʻlgan talabini toʻliq qondirish maqsadida dastur ishlab chiqildi. Unga koʻra, jami 3,7 mln tonna kartoshka yetishtirish belgilab olindi.

Buning uchun, 2023-yilda barcha toifa xoʻjaliklarda 286 ming gektarga, shundan, fermer va qishloq xoʻjaligi korxonalarida 143 ming gektarga (asosiy maydonga 106 ming gektar, bogʻ-tok qator orasiga 9 ming gektar va takroriyga 28 ming gektarga) hamda aholi tomorqasida 142 ming gektarga kartoshka ekish rejalashtirilmoqda.

Tuproq-iqlim sharoitlarini inobatga olib, respublikaning 40 ta kartoshka yetishtirishga ixtisoslashtirilgan tumanlarida 71 ming gektar maydonda kartoshka yetishtiriladi.

Shundan 23 tasida urugʻlik kartoshka yetishtirishga hamda 9 ta tumanning 39 ta hududlarida “Super-elita» va «Elita” urugʻliklari yetishtiriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?