Karting boʻyicha Oʻzbekiston Kubogi gʻolibi maʼlum boʻldi

Karting musobaqasi – bu shunchaki sport emas. Bu – yosh avlodni tezkor fikrlash, texnik savodxonlik va masʼuliyatli qaror qabul qilish salohiyati bilan tarbiyalashda muhim vosita. Bunday tadbirlar “Vatanparvar” tashkilotining faoliyatida texnik va amaliy sport turlarini ommalashtirish, harbiy-vatanparvarlik ruhini shakllantirish, yoshlar oʻrtasida faol hayot tarzini keng targʻib etishga xizmat qiladi. Shu maʼnoda shu yilning 10-12-oktyabr kunlari Namangan viloyatining Uchqoʻrgʻon tumanidagi oʻquv sport texnika klubiga qarashli kartadrom yana bir bor yurtdoshlarimizning diqqat markazida boʻldi. “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy Kengashi tashabbusi bilan karting boʻyicha Oʻzbekiston Ochiq Kubogining final bosqichi oʻtkazildi.
Musobaqada nafaqat yurtimiz, balki boshqa davlatlar – Rossiya va Tojikistondan kelgan yosh sportchilar ham ishtirok etishi tadbirning nufuzi va qamrovini yanada oshirdi. Mikro, mini, supermini, OK-junior, patriot, KF va KZ sinflarida 85 nafar sportchi oʻz mahoratlarini namoyon qilishdi. Jahon standartlariga mos kartadromdagi har bir zafarli burilish, har bir tezkor qaror faqat yugurish emas, balki strategik fikrlash va iroda sinovi ekanini yaqqol koʻrsatdi.
– Rosti, bu musobaqa uchun biz bir necha oy davomida puxta tayyorgarlik koʻrdik. Ham infratuzilmani, ham sportchilarimizni tayyorlashga jiddiy yondashdik, — deydi mezbon tashkilot raisi Ahmadjon Aloxoʻjayev. – Har bir bola qaysi burilishda qanday qaror qabul qilishi, qanday jihozda qay tarzda harakatlanishi – barchasi mashgʻulotlarda sinovdan oʻtdi. Bu faqat gʻalaba emas – jamoaviy mehnat samarasi.
Birinchi navbatda intizom. Sportchilarimizda vatanga muhabbat, javobgarlik hissi va bir-biriga boʻlgan ishonch yuqori. Undan tashqari, “Vatanparvar” tashkiloti qoshida texnik toʻgaraklar, mashgʻulotlar va vatanparvarlik darslari muntazam oʻtkaziladi. Bu tarbiya samarasi.
Quvonarlisi – musobaqaning yakunida Oʻzbekiston Kubogi Namangan viloyati jamoasiga nasib etdi. Ular nafaqat tezlikda, balki jamoaviy hamjihatlik, intizom va yuksak tayyorgarlikda ham oʻzini namoyon etdi. Ikkinchi oʻrinni Toshkent shahri, uchinchi oʻrinni esa Toshkent viloyati jamoalari egalladi.
Tantanali taqdirlash marosimida “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi raisi oʻrinbosari, Respublika texnik va amaliy sport turlari markazi direktori A. Qurbaniyazov, Namangan viloyati “Vatanparvar” tashkiloti raisi A. Aloxoʻjayev hamda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi. Gʻoliblarga diplom va qimmatbaho sovgʻalar tantanali ravishda topshirildi.
Ulugʻbek ROʻZIMATOV
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Saudiya Arabistonida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” davom etmoqda
- Toshkentda “Oʻzbekkosmos” va “NASA” agentliklari hamkorligida “NASA Space Apps Challenge 2025” Hakaton tadbiri oʻtkazilmoqda
- Super oy: Bugun Yerning tabiiy yoʻldoshi odatdagidan ancha katta koʻrinmoqda
- JSST: Gʻazoda birorta shifoxona toʻliq ishlamayapti
- Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi belgilandi
- Markaziy Osiyo pedagoglari Nukusda jam boʻldi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring