Karantinda semirib ketmaslik uchun qanday mahsulotlarni iste'mol qilgan ma'qul?

17:07 12 Aprel 2020 Lifestyle
1616 0

Koʻpchilik uchun oʻzini oʻzi izolyatsiya qilish rejimi harakatchanlikning pasayishi va isteʼmol qilinadigan kunlik kaloriya miqdorining koʻpayishiga sabab boʻladi. Uyda qolganimizdan keyin oʻz-oʻzidan harakat ham kamayadi. Balki sport bilan shugʻullanarmiz yoki umuman mashq qilmasmiz. Ammo xohlaymizmi-yoʻqmi koʻp ovqatlanamiz! Albatta, bunday vaziyatda vaznni normal ushlab turish juda qiyin. Kimdir semirishga moyil boʻladi. Yana kimlardadir bu unchalik vahima uygʻotmaydi. Xoʻsh, bunday vaziyatda nima qilish kerak? Xoh bu karantin, xoh shunchaki uyda qolish bilan bogʻliq vaziyat boʻlsin!

Sizningcha, karantindan keyingi odatiy hayotga ortiqcha vaznsiz qaytish uchun nimalar isteʼmol qilish kerak?

Avvalo, taomnomangiz uglevod bilan toʻyingan mahsulotlarga boy boʻlsin! Bunday paytda gazlangan salqin ichimliklar va qadoqlangan sharbatlarni ichishdan tiyilganingiz maʼqul. Uning oʻrniga uy sharoitida tayyorlangan tabiiy sharbatlar va koʻproq suv isteʼmol qilishingiz tavsiya qilinadi. Bundan tashqari ovqatlanish ratsioningizda koʻproq tabiiy sut va sut mahsulotlari, koʻkatlardan tayyorlangan salatlar, pishloq, zaytun mevasi, meva va sabzavotlar, qora shokolad kabi uglevodga toʻla mahsulotlar boʻlgani maʼqul. Karantin davrida tez tayyor boʻluvchi fast-fud mahsulotlarini isteʼmol qilmaganingiz maqsadga muvofiq!

Yodda tuting, semirib ketaman deb, uglevodlardan voz kechib ham boʻlmaydi. Sogʻlom odamning ovqatlanish ratsioni qariyb 45-60 % uglevod bilan taʼminlangan boʻlishi lozim. Uglevod yetishmovchiligi inson sogʻligiga jiddiy zarar yetkazishi ham mumkin.

Sabzavotlar – siz karantin sharoitida boʻlsangiz ham, boʻlmasangiz ham organizmingiz uchun juda zarur mahsulotlar tarkibiga kiradi. Sabzavotlardan tayyorlangan salatlar bu davrda sizga ancha koʻmakchi hisoblanadi.

Kam harakatlik davrida yogʻsiz mol goʻshti, parranda goʻshti, baliq va dukkakli mahsulotlarni isteʼmol qilish ham immunitetning mustahkamlanishiga hissa qoʻshadi. Eng muhimi, ortiqcha vazndan saqlaydi! Oʻz-oʻzini izolyatsiya qilish davrida baliq goʻshti, avokado, yongʻoq kabi mahsulotlar ham tanangiz uchun juda zarurdir!

Uyda qoling! Toʻgʻri ovqatlaning va sport bilan shugʻullanishni unutmang!

Nilufar MURODOVA tayyorladi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?