Karantin qoidalarini buzilish holati 80 mingga yaqinlashdi

11:05 19 Aprel 2020 Jamiyat
1317 0

Karantin tadbirlari eʼlon qilingan vaqtdan bugungi kunga qadar respublikamiz boʻyicha karantin qoidalariga amal qilmaslik bilan bogʻliq jami – 79 851 ta holat aniqlangan. Ular:

- Toshkent shahrida – 14 506 ta holat;

- Fargʻona viloyatida – 12 510 ta holat;

- Toshkent viloyatida – 11 742 ta holat;

- Samarqand viloyatida – 7 028 ta holat;

- Sirdaryo viloyatida – 5 470 ta holat;

- Qashqadaryo viloyatida – 5 148 ta holat;

- Andijon viloyatida – 4 545 ta holat;

- Namangan viloyatida – 4 447 ta holat;

- Buxoro viloyatida – 3 248 ta holat;

- Qoraqalpogʻiston Respublikasida – 2 902 ta holat;

- Xorazm viloyatida – 2 660 ta holat;

- Surxondaryo viloyatida – 2 485 ta holat;

- Jizzax viloyatida – 2 407 ta holat;

- Navoiy viloyatida – 753 ta holatni tashkil etmoqda.

Karantin qoidalari va sanitariya cheklovlariga rioya qilish yuzasidan tushuntirish ishlari olib borilishiga qaramasdan, hamon qoidabuzarlik holatlari kuzatilmoqda.

Misol uchun, 18-aprel kuni Jizzax viloyati, Doʻstlik tumani, “Bogʻzor” qishlogʻi, Sh.Rashidov koʻchasida yashovchi 1964-y.t. Mamasoli D., Arnasoy tumani, “Yangiboʻston” qishlogʻi, A.Navoiy koʻchasida yashovchi 1986-y.t. Begzod M., Samarqand viloyati, Toyloq tumani, “Baxshitepa” qishlogʻida yashovchi 1996-y.t. Azizjon A., Samarqand tumani, “Nurobod” mahallasida yashovchi 1988-y.t. Sunnatillo F., Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Amudaryo tumani, Furqat koʻchasida yashovchi 1971-y.t. Shavkat Ya., Kegeyli tumani, “Yerkin daryo” ovulida yashovchi 1993-y.t. Babur O.lar ruxsatnomasiz oʻz transportida bemaqsad yurganliklari aniqlanib, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 54-moddasi boʻyicha javobgarlikka tortilib, avtomashinalari jarima maydonchasiga joylashtirilgan.

18-aprel kuni Sirdaryo viloyati, Mirzaobod tumani, “Doʻngariq” mahallasida yashovchi 1987-y.t. Hamidjon T. oʻz velosipedida bemaqsad yurganligi aniqlanib, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 54-moddasi boʻyicha javobgarlikka tortilib, velosipedi jarima maydonchasiga joylashtirilgan.

18-aprel kuni Toshkent shahar, Mirobod tumani, Mironshox 2-tor koʻchasida yashovchi 1992-y.t. Ibroxim S. uyida tanishlarini yigʻib, tugʻilgan kunini nishonlanganligi aniqlanib, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 54-moddasi boʻyicha hujjatlar rasmiylashtirilgan.

18-aprel kuni Toshkent shahar, Yashnobod tumani, Jarqoʻrgʻon koʻchasida yashovchi 1986-y.t Zarofat A. Aviasozlar bozorida joylashgan savdo shahobchasida fuqarolarni karantin qoidasiga rioya etishlarini nazorat qilmaganligi aniqlanib, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 54-moddasi boʻyicha hujjatlar rasmiylashtirilgan.

17-aprel kuni Sirdaryo viloyati, Yangiyer shahar, “Maʼrifat” mahallasi, Mamadaliyev koʻchasida yashovchi 1992-y.t. Moxichexra K. karantin qoidalarini buzib, yashash xonodoniga mehmon chaqirib, spirtli ichimlik isteʼmol qilib, qoʻshnilar tinchligini buzib, baqir-chaqir qilib turgan vaqtida, uning tinchlanishini soʻragan IIB xodimlarining qonuniy talablarini bajarmaganligi aniqlangan. Mazkur holat yuzasidan 18-aprel kuni Maʼmuriy ishlar boʻyicha Xovos tumani sudi tomonidan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 54, 183 va 194-moddalariga asosan 1 115 000 soʻm miqdorida jarima jazosi tayinlangan.

18-aprel kuni Xiva shahar, “Doʻstlik” mahallasida yashovchi 1999-y.t. Azamat E. soat 02:00da oʻzining uyiga fuqarolar S.Jumanazarova, S.Jumanazarova, S.Yusufov va R.Gʻaffarovlarni chaqirib, ular bilan maishat qilib, spirtli ichimlik istemol qilib oʻtirganligi aniqlanib, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 54-moddasi asosida hujjatlar rasmiylashtirilgan.

18-aprel Xiva shahar, A.Boltayev koʻchasida yashovchi 1980-y.t. Kuvondiq B. soat 16:00 da oʻzining uyiga fuqarolar R.Abdullayev, I.Abdullayev, M.Ismoilova va S.Ismoilovalarini chaqirib, ular bilan maishat qilib, spirtli ichimlik istemol qilib oʻtirganligi aniqlanib, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 54-moddasi asosida hujjatlar rasmiylashtirilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?