Kamerunda 92 yoshli Pol Biyya yana prezident etib saylandi

10:29 28 Oktyabr 2025 Dunyo
245 0

TASS xabariga koʻra, Kamerun Konstitutsiyaviy kengashi mamlakatda oʻtgan prezidentlik saylovlarida amaldagi davlat rahbari — 92 yoshli Pol Biyyani gʻolib deb eʼlon qildi.

Maʼlum qilinishicha, Pol Biyya 53,66 foiz ovoz bilan gʻalaba qozonib, mamlakat prezidenti lavozimiga sakkizinchi marta saylandi.

Saylovda jami 12 nafar nomzod ishtirok etgan. Ulardan eng yaqin raqibi Issa Chiroma Bakari 35,2 foiz ovoz toʻplaganini tan olgan, biroq u oʻzini “taxminan 60 foiz ovoz bilan haqiqiy gʻolib” deb eʼlon qilib, Konstitutsiyaviy kengashning qarorini tan olmasligini bildirgan.

Saylov natijalari eʼlon qilingandan soʻng mamlakatning ayrim shaharlarida muxolifat tarafdorlari namoyishlari boshlandi.

Dualada politsiya tartibsizliklarni bostirish uchun koʻzdan yosh oqizuvchi gaz qoʻllagan. Huquqni muhofaza qilish xodimlari Nyubel tumanini butunlay oʻrab olib, kirish-chiqishni cheklagan. Shu hududda toʻrt kishi halok boʻlgan.

Garua shahrida ham vaziyat keskinlashgan — yoshlar bir necha tumanlarda toʻplanib, xavfsizlik kuchlari kuzatuvi ostida boʻlgan.

Maʼlumot uchun, Pol Biyya 1975-yilda Kamerun bosh vaziri etib tayinlangan, 1982-yil noyabrida esa oʻsha paytdagi prezident Amadu Axidjo kutilmaganda isteʼfoga chiqqach, davlat rahbari lavozimini egallagan. Shundan beri Biyya har bir saylovda gʻalaba qozonib kelmoqda.

Inauguratsiya marosimi 6-noyabr kuni boʻlib oʻtadi. Bu Biyya uchun sakkizinchi prezidentlik muddati boʻladi. Uning yangi vakolat muddati 7-yilga moʻljallangan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?