Kambagʻallikni qisqartirishda tadbirkorlar bilan oʻzaro manfaatli hamkorlik oʻrnatiladi

“Kambagʻallikni qisqartirishda tadbirkorlik subyektlari bilan oʻzaro manfaatli hamkorlik oʻrnatishga qaratilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni (PF–93-son, 12.06.2023-y.) qabul qilindi.
Farmonga koʻra, “20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis” dasturi amalga oshiriladi.
Dasturda tadbirkorlar “hamkorlik shartnomalari” (3 yilgacha muddatga tuziladi) asosida ixtiyoriy ravishda ishtirok etadi.
“Hamkorlik shartnomalari”ni tuzgan tadbirkorlarga Dasturda ishtirok etayotganligini tasdiqlovchi sertifikat beriladi.
Dasturda kamida 2 yil faoliyat koʻrsatayotgan va ustav kapitalida davlat ulushi mavjud boʻlmagan tadbirkorlar – yuridik shaxslar ishtirok etishi mumkin.
2023–2024-yillarda Dasturni amalga oshirish uchun jami 1 milliard AQSH dollari miqdorida kredit liniyasi ochiladi.
Kredit liniyasi mablagʻlari hisobidan banklar tomonidan kreditlar Dasturga kiritilgan tadbirkorlarning loyihalarini (moliya sohasini rivojlantirish boʻyicha loyihalar bundan mustasno) amalga oshirish uchun 7 yilgacha muddatga 14 foiz stavkada roʻyxatga muvofiq miqdorlarda ajratiladi (quyida batafsil keltirilgan).
Dastur doirasida tadbirkorlarga quyidagi imtiyoz va preferensiyalar beriladi:
— tadbirkorlar tomonidan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan fuqarolar ishga qabul qilinganda, 2025-yil 1-yanvargacha:
➖ tadbirkorlar ushbu fuqarolarga kamida 1 yil davomida har oy mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 1 baravari miqdoridan kam boʻlmagan ish haqi toʻlab, bandligini taʼminlagan va ular jami ishchilar sonining kamida 20 foizini tashkil etganda, mol-mulk soligʻi va yer soligʻidan imtiyoz beriladi;
➖fuqarolar ishga qabul qilinganda hamda har bir oy uchun ish haqi miqdori mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 1 baravaridan kam boʻlmagan miqdorda hisoblanganda, oylik ish haqi boʻyicha toʻlangan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi respublika byudjetidan ish beruvchiga (har bir ishchi uchun BHMning 2 baravarigacha) qaytarib beriladi hamda ularga ijtimoiy soliq stavkasi 50 foizga kamaytirilgan holda qoʻllaniladi.
— barcha soliqlar (QQS va soliq agentlari sifatida toʻlanadigan soliqlar bundan mustasno) va bojxona toʻlovlarini taʼminotsiz va foizsiz 1 yilgacha boʻlib-boʻlib toʻlash huquqi beriladi;
— davlat mulki boʻlgan koʻchmas mulk obyektlari va yerga boʻlgan huquqlar auksion orqali sotib olinganda, toʻlovlarni 5 yilgacha boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati beriladi;
— bojxona nazoratini amalga oshirishda “yashil yoʻlak” qoidalari amal qiladi;
— barcha turdagi soliq tekshiruvlari oʻtkazilmaydi (jinoiy ishlar doirasidagi tekshiruvlar bundan mustasno).
Farmonga koʻra shuningdek, “Kasb egasi” dual taʼlim tizimi tajriba tariqasida ishga tushiriladi (birinchi bosqichda 2023/2024 oʻquv yilida Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat institutining 3–4-kurs talabalari uchun joriy qilinadi).
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Yana bir bozor auksionga qoʻyildi
- Oʻzbekiston pasporti xalqaro indeksda past natija qayd etdi
- Abdulaziz Komilov Italiyaning eng yuqori davlat mukofoti bilan taqdirlandi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring