Kambagʻallik va ishsizlikdan xoli hudud

13:59 11 Fevral 2025 Jamiyat
105 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Buvayda Fargʻona viloyatining qadimiy hududlaridan biridir. Olis oʻtmishda Buyuk ipak yoʻlining qoʻnalgʻasida joylashgan boʻlib, qadimdan hunarmandchilik, madaniy aloqalarning uygʻunlashuvida muhim oʻrin tutgan. Qoraxoniylar, Amir Temur va temuriylar davrida ham Buvayda strategik hudud hisoblangan.

Buvaydalik ishbilarmonlarning bir paytlar oʻz xonadoni, mahallasi yoki ijarada boshlagan tadbirkorligi bugun yirik sanoat zonalariga koʻchayotgani quvonarlidir. Keyingi yillarda yangi sanoat korxonalari soni qariyb 650 taga yetdi. Birgina 2017-yili tumanda aholi jon boshiga yalpi hududiy mahsulot hajmi 7,8 mln. soʻmni tashkil etgan boʻlsa, 2024-yilga kelib ushbu koʻrsatkich salmogʻi 27,3 million soʻmdan oshdi. Bu tumanda qishloq xoʻjaligi tarmoqlari bilan birga, toʻqimachilik, oziq-ovqat, mebelchilik, elektrotexnika, qurilish materiallari ishlab chiqarish son va sifat jihatdan yaxshilanib borayotganidan dalolatdir.

Mazkur tumanning “Arab” MFYda istiqomat qiluvchi Boburjon Akramzoda yaqin yillargacha oʻz xonadonida ishlaydigan kichik tadbirkor edi. Oʻtgan yili unga mahallada tashkil etilgan “Qoʻshtepa” kichik sanoat zonasidan 1 gektar yer ajratib berildi. Natijada uning rahbarligidagi “Al-Temur elektro” MCHJ tomonidan qiymati 1,5 million dollarlik zamonaviy uskunalar va drabilka ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirildi. 50 ta yangi ish oʻrni yaratilgan korxonada qishloq xoʻjaligi texnikalari, chorva uchun ozuqa mahsulotlarini qayta ishlovchi uskunalar ham ishlab chiqarilmoqda. Eʼtiborlisi, mahsulotlarning salmoqli qismi korxona brendi ostida qoʻshni respublikalarga eksport qilinmoqda.

— Prezidentimiz tomonidan tadbirkorlar qoʻllab-quvvatlanib, ularga har jihatdan amaliy koʻmak koʻrsatilmoqda, — deydi yosh tadbirkor Boburjon Akramzoda. — Shu yaqin yillarda bir necha davlatlarda boʻlib, tadbirkorlar faoliyati bilan tanishdik. Oʻzaro hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻydik. Ochigʻi, Xitoyda kichik bir konteynerda ishlab, xorijga million-million dollarlik mahsulot eksport qilayotgan tadbirkorlarning faoliyatidan hayratlandik. Biz ham kichik korxonalarda katta ishlarni amalga oshirishga kirishdik.

Yaqinda tashabbuskor tadbirkorga sanoat zonasidan yana yer ajratib berildi. Boburjon hozirda bu yerda zamonaviy loyiha asosida 3 qavatli ishlab chiqarish binosi qurish harakatini boshlagan. Bugungi kunga qadar mamlakatimizning 12 ta viloyatida savdo uylarini ochgan tadbirkor joriy yilda qoʻshni Tojikiston va Qirgʻizistonda savdo tarmoqlarini ochish niyatida.

Tadbirkor Abdurashid Uliqov mamlakatimizda birinchilardan boʻlib qurilishda trevatin mahsulotini tashqi bezak sifatida amaliyotga joriy qilgandi. Bu yangilik tez orada urfga kirib, mahsulotga talab ortdi. Natijada ijarada ishlab yurgan tadbirkor faoliyatini zamonaviy mezonlar asosida kengaytirishga katta ehtiyoj sezildi.

— “Bostonbuva” kichik sanoat zonasidan “Moviy omad fayz” MCHJga qurilish mahsulotlari ishlab chiqarish uchun 50 sotix yer berildi. Shu tariqa 3 mln. dollar investitsiya kiritib, bir yilda 35 ming tonna 20 turdan ortiq qurilish mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasi bunyod etildi, — deydi Abdurashid Uliqov. — Natijada 35 nafardan ziyod mahalliy yoshlarning doimiy bandligi taʼminlandi. Joriy yilda 50 mlrd. soʻmlik mahsulot ishlab chiqarish, 300 ming dollardan koʻproq eksportni amalga oshirishni maqsad qilganmiz.

— Tumanning “Tepalik” mahalla fuqarolar yigʻinida 950 ga yaqin oilada 4 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi. Kichik va xususiy biznes mahallaning drayveri sifatida belgilangan, — deydi mahalla raisi Abdumannon Imomov. — Mahallamizda Gʻiyosiddin Karimov oʻz xonadonida 40 nafar mahalla xotin-qizlarini doimiy ish bilan taʼminlab, erkaklar kiyim-kechaklarini tikish faoliyatini yoʻlga qoʻygan. Hozirda xonadonining boʻsh yer maydonida yangi bino quryapti. Bu yana qoʻshimcha 40 ta tikuv mashinasi oʻrnatish, 40 ta yangi ish oʻrni yaratish imkonini beradi.

Orifjon Sattorov oʻz tomorqasida 5 sotixda intensiv texnologiyalar yordamida issiqxona barpo etib, Janubiy Koreya, Italiya tajribasi boʻyicha qulupnay yetishtiradi. Mirishkor tomorqachi joriy yilda qulupnaydan 300 mln. soʻmdan koʻproq daromad olishni koʻzlamoqda.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tumanda yangi sanoat zonalari tashkil etish uchun 58,6 gektar yer maydoni ajratib berilib, dastlabki bosqichda qariyb 153,3 mln. dollarlik 15 ta loyiha boʻyicha manzilli ishlar ijrosiga kirishildi. Ayni jarayonda Xitoyning “Zhengzhou Rong Yan Rong Yu Mascot Culture Communication Co., Ltd.” uyushmasi bilan tashkil etilayotgan maxsus sanoat zonasining 40 gektarida “Xitoy-Oʻzbek sanoat zonasi”ni barpo etish boʻyicha saʼy-harakatlar boshlandi. Loyihaning birinchi bosqichida umumiy qiymati 150 million dollarlik 30 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilmoqda.

Vodiyda Buvaydani Fargʻonaning “Xitoy”i deyishadi. Chunki tumanning har bir mahallasi tadbirkorlik, hunarmandchilik yoki dehqonchilikning biror turi bilan shugʻullanadi. Oʻz-oʻzini band qilish orqali aholini kambagʻallikdan chiqarib, farovonlikka erishish yoʻlida Buvayda tajribasi oʻz samarasini bermoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?