Kaftimizdagi Buyuk Ipak yoʻli — farovonlikka qadam

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. “Silk Road Samarkand” xalqaro turizm markazida oʻzaro strategik sheriklikni mustahkamlash, hududlararo hamkorlikni rivojlantirish hamda sarmoya va ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirishga qaratilgan Oʻzbekiston — Xitoy hududlararo ikkinchi forumi boʻlib oʻtdi. Unda ikki mamlakat ishbilarmon doiralari, hukumatlar, viloyatlar hokimliklari, shuningdek, fan va taʼlim muassasalari vakillari ishtirok etdi.
Anjuman doirasida “Kaftimizdagi Buyuk Ipak yoʻli — Oʻzbekiston va Xitoy innovatsiya hamda tadbirkorlik boʻyicha hamkorlik” xalqaro ayollar forumi ham oʻtkazildi. Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari – Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Zulayho Mahkamova, Xitoy Xalq Siyosiy maslahat Kengashi 14-chaqiriq yigʻilishi raisining oʻrinbosari, SHHTning qoʻshnichilik, doʻstlik va hamkorlik boʻyicha Xitoy qoʻmitasi raisi Shen Yueyue, Tadbirkor ayollar Assotsiatsiyasi vitse prezidenti, Shensi provinsiyasi ayollar federatsiyalari masʼul rahbarlari, 40 ga yaqin tadbirkor ayollar, Oʻzbekiston tomondan vazir oʻrinbosarlari, Samarqand viloyati mahalliy davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ayollarning innovatsion tashabbuslari va tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash hamda rivojlantirish masalalarini keng muhokama qildilar.
— Oʻtgan yilda Oʻzbekiston uchun ustuvor hisoblangan 20 ta xalqaro reyting va indeksning 10 tasida mamlakatimizning koʻrsatkichlari yaxshilandi, — dedi Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari — Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Zulayho Mahkamova. — “Ayollar, biznes va qonun” indeksida mamlakatimiz 48 pogʻonaga yuksalib, 190 davlat ichida 91-oʻrinni egalladi. 82,5 ball koʻrsatkichni qayd etdi. Bu gender tengligi, ayollar huquqlari va imkoniyatlarini taʼminlash sohasidagi keng qamrovli islohotlar samarasining yorqin ifodasidir. Iqtisodiy erkinlik indeksida Oʻzbekiston 6 pogʻonaga koʻtarilib, 103-oʻrinni egalladi. Ayni paytda minglab oʻzbekistonlik ayollarning yangi startaplari, ijtimoiy loyihalari, ilmiy-innovatsion tadqiqotlari dunyo miqyosida eʼtirof etilmoqda. Buyuk Ipak yoʻli — bu faqat tarixiy savdo va madaniy almashinuv yoʻli emas, balki innovatsiya, texnologiya va tadbirkorlik sohalaridagi hamkorligimizni mustahkamlovchi koʻprikdir.
Forumda oʻzbek va xitoy tadbirkor ayollari oʻzaro tajriba almashdilar, bir-birlarining faoliyatlari toʻgʻrisida maʼlumotga ega boʻldilar. Hamkorlik boʻyicha oʻndan ortiq kelishuvlarga erishildi. Forum yakunida olib borilgan muzokara va muhokamalar natijasi sifatida Deklaratsiya qabul qilindi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring