Kadastr xizmati: muammo, yechim va rejalar

Gʻayrat Otajonov/“Xalq soʻzi”. Bugun kadastr xizmatiga ishi tushgan insonlar tizimdan rozi boʻlmoqda. Sohada yillar davomida toʻplanib qolgan muammolar oʻz yechimini topmoqda. Bu sohada chuqur islohotlar davri boshlanganidan dalolatdir. Prezidentimizning 2024-yilning 5-avgustdagi “Oʻzboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etish toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilingani yurtimizdagi 10 milliondan ziyod aholi hayotiga daxldor hujjat boʻldi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Bu hujjatda belgilangan vazifalar koʻlami keng.
— Oʻtgan yilning 8-noyabridan kuchga kirgan mazkur qonun asosida barcha turar joy, noturar koʻchmas mulk obyektlari xatlovdan oʻtkazilmoqda, — deydi Kadastr agentligining Davlat kadastrlari palatasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi boshqarmasi boshligʻi Sardor Urunbayev. — Afsuski, yer uchastkalarga ijara va qurilgan imoratlarga mulk huquqini eʼtirof etish boʻyicha berilgan aksiyalar haqida xabar topgan ayrim “uddaburon”lar boʻsh turgan joylarga imorat qurgan. Yer uchastkasini noqonuniy egallaganlarga tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirilmaydi. Aksincha, qonunbuzarligi uchun chora koʻriladi.
Ushbu qonunda uy-joylarning kadastr hujjatlarini rasmiylashtirishda 2018-yil 1-mayga qadar qurilgan turar joylarga nisbatan mazkur amaliyot qoʻllanilishi belgilanganini alohida taʼkidlab oʻtmoqchimiz. Qoraqalpogʻiston Respublikasi boshqarmasi filiallari arxivida jami 476 ming 81 dona jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli boʻlgan kadastr yigʻma jildlari mavjud. Ushbu arxiv hujjatlari reja asosida xatlovdan oʻtkazildi. Qoraoʻzak, Amudaryo, Shumanay, Boʻzatov va Taxtakoʻpir tumanlarida arxiv hujjatlarini raqamlar boʻyicha 85 ming 442 dona hujjat qayta tartiblandi. Amudaryo va Nukus shahar filiallariga jami 47 dona zamonaviy mobil stellajlar oʻrnatildi.
Qoraqalpogʻistonda 476 ming 81 dona kadastr hujjatlaridan 472 ming 321 ta hujjat skanerdan oʻtkazilib, NexCloud tizimiga kiritildi. Kadastr raqamlari boʻyicha tartibga solishda hujjatlarni oson topish, elektron nusxalarining yillar davomida saqlanishi taʼminlanadi. Kadastr agentligi masʼullarining taʼkidlashicha, ayni paytda tadbirkorlik va shaharsozlik ishlarini amalga oshirish doirasida 194,31 gektar maydondagi 3 ming 722 dona yer uchastkalari mulk huquqi va ijara huquqi asosida elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarilgan. Shundan “E-auksion” savdo maydonchasida 384 dona yer uchastkasi realizatsiya qilingan. Yakka tartibda uy-joy qurish va uy-joyni obodonlashtirish uchun yer uchastkalarini elektron onlayn-auksion orqali realizatsiya qilish boʻyicha jami 9 ming 212 ta yer uchastkasi auksionda sotuvga chiqarilib, shundan 5 ming 920 dona yer uchastkasi “E-auksion”da sotilgan.
Koʻrinib turibdiki, tadbirkorlik uchun “E-auksion” elektron savdo platformasiga joylashtirilgan yer maydonlarining bor-yoʻgʻi 10 foizdan ortiqrogʻi realizatsiya qilingan. Bundan ajablanib “E-auksion” platformasidan “Tadbirkorlik va shaharsozlik” sahifasi boʻyicha Nukus shahrini belgilab, ilova qilingan xaritasidan koʻrganimizda savdoga qoʻyilgan asosan 1 sotix oʻrinlar shahardan ancha olisda joylashgan. Gaz, elektr energiya, suv, kommunikatsiya oʻsha hududlarga boradigan yoʻl ham yoʻqligi maʼlum boʻldi. Albatta, bir sotixni auksion orqali sotib olib, oʻz biznesini yoʻlga qoʻymoqchi boʻlgan aholi oʻz kuchi bilan shahar chekkasiga butun kommunikatsiyani olib borishi amrimahol.
Bugungi kunda Qoraqalpogʻiston Respublikasini kompleks rivojlantirish, aholining farovon turmushini taʼminlash borasida koʻplab farmon va qarorlar qabul qilindi. Jumladan, tegishli farmonga binoan 2025-2027-yillarda Nukus shahrida qiymati kamida 500 ming AQSH dollar, Amudaryo, Nukus, Qoʻngʻirot va Xoʻjayli tumanlarida 300 ming AQSH dollar, tumanlarda 100 ming AQSH dollari ekvivalentidagi yirik investitsiya loyihalari uchun Vazirlar Kengashining qarori asosida yer uchastkalarini toʻgʻridan-toʻgʻri berishga ruxsat etildi. Bu asosan yirik tadbirkorlar, xorijiy investorlar uchun qoʻshimcha qulaylik va imtiyozlar beradi. Ishni kichikroq tadbirkorlikdan boshlamoqchi boʻlganlar “E-auksion” platformasidagi kommunikatsiya mavjud joyni sotib olib, oʻz biznesini yoʻlga qoʻyishiga ishonamiz. Shunda tadbirkorlar safi kengayib, ular uchun qoʻshimcha imkoniyat yaratiladi. Hududlardagi kambagʻallikni qisqarishiga ushbu tashkilot ham maʼlum miqdorda oʻz hissasini qoʻshadi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
- Toshkentda “Oʻzbekkosmos” va “NASA” agentliklari hamkorligida “NASA Space Apps Challenge 2025” Hakaton tadbiri oʻtkazilmoqda
- Saudiya Arabistonida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” davom etmoqda
- Tuman va shahar hokimi oʻrinbosarlari soni qisqartiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring