Yirik zaytunzorga asos solindi

18:43 09 Aprel 2025 Jamiyat
185 0

Farhod ESONOV/“Xalq soʻzi”. Oʻzbekiston va Gruziya oʻrtasidagi hamkorlik aloqalari soʻnggi yillarda yangi bosqichga koʻtarildi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yil 5-mart kuni yurtimizga rasmiy tashrif bilan kelgan Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze boshchiligidagi delegatsiyani qabul qilib, oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratgan va davlatlarimiz hududlarini iqtisodiy hamkorlikka faol jalb etish yuzasidan oʻzaro muvofiqlashgan choralar koʻrish muhimligini taʼkidlagandi.

Mahalliy hokimliklar bu borada ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirish boʻyicha vazifalarni amalga oshirish uchun amaliy harakatlarni izchil davom ettirmoqda. Surxondaryo viloyatining Qiziriq tumanidagi Bogʻbonlar yurti mahallasida Oʻzbekiston — Gruziya zaytun bogʻi tashkil etilayotgani ham bunga yaqqol misol boʻladi.

Akademik M. Mirzayev nomidagi bogʻdorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti Bandixon ilmiy stansiyasi, Xalqaro zaytun kengashi hamda Gruziyaning “Svanidze Olive Oil” kompaniyasi hamkorligida barpo qilinayotgan noyob bogʻ oʻn gektar maydonni egallaydi. Bu yerga Gruziyadan keltirilgan 4 ming 200 dona zaytun koʻchati tajriba sifatida ekiladi.

“Svanidze Olive Oil” kompaniyasi rahbari, Xalqaro zaytun kengashi faxriy prezidenti Georgiy Svanidze boshchiligidagi delegatsiyaning Surxondaryo viloyati hokimi Ulugʻbek Qosimov bilan uchrashuvida Oʻzbekiston – Gruziya zaytun bogʻi ham mamlakatlarimiz oʻrtasida yoʻlga qoʻyilayotgan koʻp qirrali ishonchli hamkorlik munosabatlari samarasi ekanini alohida taʼkidlandi.

Gruziyalik ishbilarmonlarga viloyatning qishloq xoʻjaligi sohasidagi imkoniyatlari, investitsion salohiyati toʻgʻrisida maʼlumot berildi. Vohada zaytun yetishtirish va qayta ishlash loyihasini amalga oshirish muhokama qilinib, tegishli kelishuvga erishildi.

Shu kuni mehmonlar yangi zaytunzorga koʻchat ekishni ham boshlab berdi.

— Yerga koʻchat qadashda ulugʻ niyatlar qilishning ham oʻziga xos fazilati bor, — deydi Georgiy Svanidze. — Qadimdan zaytun salomatlik, hayot va unumdorlik daraxti sifatida taʼriflanadi. Keling, bu yerda birgalikda barpo etayotgan zaytunzorimiz ham ming yillar hosil bersin. Mevasi moʻl, barakali boʻlsin. Koʻchat toʻliq ekib boʻlingach, tajribali ziroatshunoslarimiz kelib, uni parvarishlash agrotexnologiyasini oʻrgatadi. Yoshlardan yetuk mutaxassislar tayyorlashga koʻmaklashamiz. Bugun yurtingizda ilk yirik zaytunzorga asos solingani va Oʻzbekistonning Xalqaro zaytun kengashi aʼzosi boʻlgani bilan qutlayman.

Akademik M. Mirzayev nomidagi bogʻdorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti Bandixon ilmiy stansiyasi direktori Sirojiddin Abdushukurovning taʼkidlashicha, koʻchatlar 4-yilda hosilga kiradi. Bir gektar maydondagi daraxtdan 15 tonnagacha meva olish mumkin. Uning koʻchatlari invitro usuli va qalamchasidan koʻpaytirilmoqda.

Institut dalalariga yetti xil sovuqqa chidamli zaytun koʻchatlari joylashtirilishi rejalashtirilgan. Bu navlarning viloyat iqlimiga moslashuvchanligi sinovdan oʻtkaziladi. Muvaffaqiyatli natijalar qayd etilsa, keng maydonlarda ekib, parvarishlashga tavsiya etiladi. Zaytunzor tashkil etishning ilk bosqichida ming gektar bogʻ barpo etish moʻljallangan. Moʻtadil ob-havo sharoitiga ega vohada hayotbaxsh zaytun daraxtlari oʻz mevasini berib, viloyatning tabiatiga yangi nafas bagʻishlashiga shubha yoʻq.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер