Yilning eng yaxshi notariuslari aniqlandi

17:51 06 Dekabr 2024 Jamiyat
594 0

Oʻzbekiston Notarial palatasida har yili Bosh Qomusimiz qabul qilingan kun arafasida oʻtkazilishi anʼanaga aylangan “Yilning eng yaxshi notariusi” tanlovining respublika bosqichi boʻlib oʻtdi.

Ushbu tanlov notariuslar va palata xodimlarining kasbiy madaniyati va bilimini oshirish, bayram arafasida faol va bilimli notarius va xodimlarni ragʻbatlantirish maqsadida oʻtkazib kelinmoqda.

Tanlov ishtirokchilari — notariuslar tomonidan yakuniy bosqichning 1-shartiga koʻra tanlov hayʼatiga ularning faoliyati haqidagi 3 daqiqali videoroliklar taqdim etildi. Ikkinchi sharti Konstitutsiya hamda notariat sohasiga oid savol-javoblar boʻlib, notariuslarning javob berishda hozirjavobligi, javoblarning qisqa va loʻnda ekanligiga eʼtibor qaratildi.

Shuni alohida taʼkidlash lozimki, notariuslar ushbu tanlovga katta tayyorgarlik, koʻtarinki ruh bilan ishtirok etdilar. Adliya vazirligining Notariat, advokatura va mediatsiya boshqarmasi boshligʻi Maʼsum Hatamov, Yuristlar malakasini oshirish markazi oʻqituvchisi Sevarxon Maripova, Palata rahbariyati va masʼul xodimlaridan iborat hakamlar hayʼati tanlovning xolis va shaffof olib borilishiga eʼtibor qaratdilar.

Tanlov ishtirokchilari orasida eng bilimli va hozirjavob ishtirokchi, deb topilgan Zangiota tumanida xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius Oʻtkirjon Muxtorov birinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi.

Andijon viloyati Shahrixon tumanida xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius Alisher Ahmadjonov ikkinchi, Xorazm viloyati Shovot tumanida xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius Nodira Toirova uchinchi oʻringa munosib deb topildilar. Tanlovning birinchi va ikkinchi oʻrin sohiblariga chet elga malaka oshirishga yoʻllanma, uchinchi oʻrin egasiga qimmatbaho sovgʻa tantanali ravishda topshirildi.

Gʻoliblarni taqdirlash marosimida Palata raisi Dilshod Ashurov faol va qonun doirasida faoliyat yuritayotgan notariuslarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, qonun va normalarga rioya etgan holda aholiga yuksak saviyada huquqiy xizmat koʻrsatayotgan soha xodimlarini ragʻbatlantirib borilishini alohida taʼkidladi.

Maʼlumot oʻrnida aytib oʻtamiz, Oʻzbekiston Respublikasi Notarial palatasi kelasi yilning yanvar oyida 5 yoshga toʻladi. Bugungi kunda Palataga aʼzo boʻlgan xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslar soni 1200 nafarga yetdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер