Ijtimoiy videoroliklar tanlovi gʻoliblari taqdirlandi

02:35 19 Dekabr 2023 Jamiyat
563 0

Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti Korrupsiyaga qarshi kurashish “Komplayens-nazorat” tizimini boshqarish boʻlimi tomonidan ijtimoiy videoroliklar tanlovi eʼlon qilingan edi.

Joriy yilning 18-dekabr kuni OʻzDJTUda ushbu tanlov gʻoliblarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.

Mazkur tadbirda Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, dotsent, “Doʻstlik” ordeni, “Shuhrat” medali sohibi, xalq sevgan rejissyor, aktyor, ssenarist Hilol Nasimov, OʻzDJTU Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha birinchi prorektori Valijon Saʼdiyev, Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha boʻlim boshligʻi Bahodir Eshbekov, Korrupsiyaga qarshi kurashish “Komplayens-nazorat” tizimini boshqarish boʻlim boshligʻi Bahodir Hoshimov va sovrindor talabalar ishtirok etdi.

Aytish joizki, butun respublika miqyosida oʻtkazilgan mazkur tanlovdan koʻzlangan maqsad — korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi samaradorligini oshirish, ushbu illatga qarshi kurashish sohasidagi huquqiy taʼlim va tarbiya jarayonlarida innovatsion gʻoyalar hamda yangi mexanizmlardan foydalangan holda, bolalarda vijdonlilik va halollikni, shuningdek, korrupsiyaga nisbatan murosasizlik munosabatini shakllantirishdan iborat.

Maʼlumot uchun aytish mumkinki, tanlovga yuborilgan videoroliklar taʼlimga oid korrupsion jinoyatlarni ochib berishi hamda uning oqibatlarini oldini olishga targʻib qiluvchi gʻoyalarni jamlashi, hajmi 5 daqiqadan oshmaydigan, kreativ, sifatli, original va mualliflik huquqiga asoslangan holda suratga olinishi hamda OʻzDJTU logotipini oʻzida aks ettirgan boʻlishi kerak edi.

Tanlov gʻoliblarini aniqlashda asosiy eʼtibor ishtirokchilarning ijodiy yondashuvi, siyosiy-huquqiy savodxonligi hamda mavzuni aniq ochib bera olganiga qaratildi. Bellashuv yoshlarning korrupsiya jinoyati boʻyicha huquqiy bilimlarini rivojlantirish bilan birga, yoshlarda korrupsiya muhitini oldini olishda innovatsion yondashuvga, mustaqil fikrlashga undaydi.

Yuborilgan videoroliklar tajribali ekspert va mutaxassislardan tuzilgan komissiya aʼzolari tomonidan koʻrib chiqildi va xolisona baholandi.

Yakuniy natijalarga koʻra, Buxoro davlat universiteti 4-bosqich talabasi Aminjon Obloqulov 1-oʻrinni qoʻlga kiritdi va maxsus diplom hamda sovgʻa sifatida televizor bilan taqdirlandi.

Shuningdek, 2-oʻringa Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti 3-bosqich talabasi Abror Toʻlaxoʻjayev loyiq deb topilib, maxsus diplom va noutbuk bilan, 3-oʻrinni esa Buxoro davlat universiteti 4-bosqich talabasi Behruz Shukurov egallab, maxsus diplom hamda planshet bilan taqdirlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?