Ijtimoiy himoya inson qadrini yuksaltirmoqda

17:00 24 Dekabr 2024 Jamiyat
200 0

Farhod ESONOV/“Xalq soʻzi”. Kambagʻal oilalar farzandlarining bilim olishi uchun qulay sharoit yaratish maqsadida koʻrsatilgan ijtimoiy koʻmaklar ularning sifatli taʼlim olishiga koʻmaklashadi. Fan toʻgaraklariga qiziqish va intilishlarini oshiradi. Intellektual va psixologik rivojlanishiga ijobiy taʼsir etadi. Ularning kelajakda barqaror daromadli kasbni egallashi va jamiyatda kambagʻallikni kamaytirishga yordam beradi.

Shu maqsadda “Ijtimoiy himoya reyestri”ga kiritilgan oilalarga biriktirilgan 1 ming 774 nafar mutasaddi 7 ming 200 kambagʻal oilaning farzandi uchun stol-stul, kitob javoni, badiiy kitoblar toʻplami, issiq kiyim-kechak va yangi yil sovgʻalari topshirildi.

— Prezidentimiz raisligida shu yilning 11-sentyabr kuni kambagʻallikni qisqartirish ishlarini keyingi sifat bosqichiga olib chiqish masalalari muhokamasi boʻyicha oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida belgilab berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlash yuzasidan viloyatimizda ham aniq maqsadga yoʻnaltirilgan amaliy ishlar olib borilmoqda, — deydi Ijtimoiy himoya milliy agentligi Surxondaryo viloyati boshqarmasi birinchi oʻrinbosari Farhod Qulmamatov. — Kambagʻal oilalar hayotini oʻzgartirish, turmush tarzini yaxshilash maqsadida har bir rahbarga beshtadan kambagʻal oila biriktirildi.

Surxondaryo viloyatida ham mazkur dasturga muvofiq “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”da turgan 23 ming 300 oila 4 ming 700 dan ortiq mutasaddiga biriktirilgan edi. Oʻtgan vaqt mobaynida ushbu amaliyotning hayotga izchil tatbiq etilishi oʻzining ijobiy samaralarini bermoqda. Biriktirilgan masʼullar ijtimoiy yordamga muhtoj oilalar bilan tizimli ishlab, bandlik masalasini hal etishga koʻmaklashmoqda. Tomorqasidan oqilona foydalanib, daromad topishiga yordam bermoqda. Homiylik asosida uy-joylari taʼmirlanib, munosib turmush kechirishi uchun qulay sharoit yaratmoqda. Farzandlarini maktabgacha taʼlim muassasasiga joylashtirishga, maktabda oʻqiyotgan oʻgʻil-qizlarining taʼlim-tarbiya olishida zarur sharoit yaratishga eʼtibor qaratmoqda.

“Hududgaz Surxondaryo” gaz taʼminoti filiali rahbari M.Mansurovga Angor tumanidagi Kayran mahallasidagi, oʻrinbosari F.Atamurodovga Novshahar mahallasidagi besh nafardan ijtimoiy yordamga muhtoj oila biriktirilgandi. Oilalar kasb-hunarga yoʻnaltirib, hayotini tiklab olishi uchun tikuvchilik, kompyuter savodxonligi yoʻnalishlarida oʻqitilmoqda. Fuqarolar istagi bilan toʻrt nafariga subsidiya asosida tikuv mashinasi ajratildi. Tomorqalari shudgorlanib, dastlabki ekinlar ekib berildi. Sogʻligida muammosi bor toʻqqiz nafar fuqaro kasalxonada davolatildi. Ayni kunlarda beshta oilani kambagʻallikdan chiqarish choralari koʻrilmoqda.

— Bu yil oilamiz uchun chinakamiga omadli yil boʻldi, — deydi Angor tumani Kayran mahallasidan Munavvar Rahmonqulova. — Oldiniga kasalxonada sogʻligimni tikladim. Bizga deyarli yangitdan uy qurib, hatto jihozlab ham berishdi. Foydalanmay yotgan tomorqamizda shinamgina issiqxona tashkil etishga yordam berishdi. Farzandlarim taʼlim-tarbiyasi uchun barcha jihozlari bilan kitoblar toʻplami, qishki kiyim-bosh, bayram sovgʻalari topshirilgani Yangi yil arafasida quvonchimizga quvonch qoʻshdi. Bunday gʻamxoʻrliklar uchun Yurtboshimizdan minnatdormiz.

Tadbir doirasida, shuningdek, 3 ming 433 ta kambagʻal oila vakillari tibbiy koʻrikdan oʻtkazilib, ularning 3 ming 103 nafari tumanda, 284 nafari viloyat va 46 nafari mamlakatimizning boshqa hududlarida statsionar hamda ambulator sharoitda davolanishiga yoʻllanma berildi.

Surxondaryo viloyat hokimi Sherobod tumanida ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar farzandlariga stol-stul, kitob javoni, badiiy kitoblar toʻplami va yangi yil sovgʻalarini topshirish munosabati bilan tashkil etilgan bayram tadbirida ishtirok etdi. Videokonferensaloqa orqali Termiz shahri va tumanlar studiyalaridan qatnashgan bolajonlarni ham Yangi yil bilan tabrikladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?