Ijtimoiy davlatning konstitutsiyaviy asoslari
Oʻzbekiston xalqi hayotidagi muhim tarixiy voqelik – referendum orqali Yangi Oʻzbekistonning yangi tahridagi Konstitutsiyasini qabul qilish Prezidentimizning har bir sohadagi tashabbuslari va qatʼiy siyosiy irodasi bilan Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilgan hamda Taraqqiyot strategiyasi asosida davom etayotgan keng qamrovli islohotlar natijasida mamalaktimizda ijtimoiy davlat qurishning konstitutsiyaviy asoslarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Bunday ulkan oʻzgarishlarni nafaqat hammamiz bevosita guvohi boʻlib turibmiz, balki jahon hamjamiyati ham eʼtirof etmoqda.
Natijalar isbot talab qilinmaydigan aksioma boʻlgani uchun ham misollarga koʻp toʻxtalib oʻtirmasdan, ijtimoiy sohaga doir faqat bir-ikki asosiy jihatlarni keltirib oʻtish oʻrinlidir. Xususan, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”, “mahallabay” va “xonadonbay” ishlash usullarini olaylik. Bunda aholining ehtiyojmand qatlamlarini qoʻllab-quvvatlash, ularning munosib hayot kechirishlari uchun sharoit yaratish, aholining bandligini taʼminlash va uning daromadlarini oshirish, ishsizlik va kambagʻallikni qisqartirish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qismiga davlat tomonidan kafolatli tizim orqali yordam koʻrsatishga alohida eʼtibor berilmoqda. Ishsizlikdan himoyalanish, kafolatlangan sifatli taʼlim, malakali tibbiy yordam, bolalar, ayollar, keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslar har tomonlama qoʻllab-quvvatlanmoqda.
Yillar davomida aholini qiynab kelgan muammolarni hal etish maqsadida mamlakatimiz rahbarining tashabbusi bilan Prezidentning Xalq va Virtual qabulxonalari faoliyati yoʻlga qoʻyildi, aholining murojaatlari davlat organlari faoliyatining diqqat markazida boʻldi.
Oʻtgan 2022-yilda tariximizda ilk bor pensiya va ijtimoiy nafaqalar miqdori minimal isteʼmol xarajatlaridan kam boʻlmagan darajaga olib chiqildi. 2017-yilda 500 mingta kam taʼminlangan oila ijtimoiy yordam olgan boʻlsa, bugunga kelib 2 milliondan ortiq oilaga koʻmak berilmoqda. Bu borada ajratilayotgan mablagʻlar 7 barobar koʻpayib, yiliga 11 trillion soʻmga yetdi.
Bu bilan kifoyalanmay, ish haqi, pensiya va nafaqalar miqdorini, aholi jon boshiga daromadlarni oshirish siyosati izchil davom ettirilmoqda. Albatta, bularning barchasini ortida — inson qadri, uni eʼzozlash, hayotdan, davlatdan rozi qilish yoʻlidagi oliy maqsadlar turibdi.
Oxirgi olti yilda mamlakatimiz boʻyicha qariyb 300 mingta yoki avvalgi yillarga nisbatan 10 barobar koʻp uy-joylar qurilgani, qoʻshimcha 500 ming oʻquvchi oʻrni yaratilib, ularning jami soni 5 million 300 mingga yetgani ham fikrimizning yorqin ifodasidir.
Inson salomatligini saqlash uchun eng chekka tuman, mahallalar, eng olis hudud darajasigacha barcha tibbiy xizmatlar koʻrsatilmoqda va bu boradagi ishlar davom ettirilmoqda.
Davlat rahbari 2022-yil 20-dekabrda Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasida davlat xizmatchilari sonini bosqichma-bosqich 30-35 foizga qisqartirish va iqtisod qilinadigan mablagʻlarni ijtimoiy masalalarga yoʻnaltirish haqida toʻxtalganlari ham ijtimoiy sohaga eʼtibor kun sayin kuchayayotganidan dalolatdir.
Bir soʻz bilan aytganda barcha islohotlar va amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar – “Inson qadri uchun”, “Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak”, “Davlat – inson uchun”, “Inson – jamiyat – davlat” degan xalqchil tamoyillar asosida olib borilmoqda.
Shu oʻrinda “Ijtimoiy davlat oʻzi nima?” degan savol tugʻilishi tabiiy.
“Ijtimoiy” soʻzi “arabcha — jamoa, jamiyatga oid hamda inson va jamiyat hayotiga oid” degan lugʻaviy maʼnolarni anglatadi.
Ijtimoiy davlat — insoniyat tarixiy taraqqiyotining muayyan davri mahsuli, davlatchilik rivojining maxsus bosqichi. Ijtimoiy davlat gʻoyasi, eng avvalo, qadimgi Sharqda, xususan, mutafakkir ajdodlarimiz tomonidan ilgari surilgan. Buyuk bobomiz Abu Nasr Forobiy maʼrifatli insonlar jamoasini, ideal jamiyat gʻoyasini “Fozil odamlar shahri” asarida tarannum etgan.
Ijtimoiy davlat barpo etish Alisher Navoiy bobomizning ham ezgu orzusi boʻlgan. U insonlarning baxtli yashashi uchun munosib ijtimoiy muhit yaratish, farovon jamiyat qurish, maʼrifatli davlat boshqaruvi, adolatparvar va odil hukmdor, insonlar oʻzaro mehr-oqibatli va bagʻoyat ahloqiy boʻlish kabi qarashlarni ilgari surgan edi. Shunga oʻxshash gʻoyalarni Nizomiy Ganjaviy, Saʼdiy Sheroziy, Ahmad Donish singari qator allomalarimiz ijodida koʻrishimiz mumkin.
Hozirgi “ijtimoiy davlat” tushunchasi ilk bor 1850-yilda nemis olimi Lorens fon Shteyn tomonidan ilmiy muomalaga kiritilgan. Uning taʼkidlashicha, davlat oʻz fuqarolarining ijtimoiy-iqtisodiy rivoj-lanishiga hissa qoʻshishi, barcha ijtimoiy tabaqalar uchun oʻz hokimiyati orqali shaxsiy huquqlarda mutlaq tenglikni taʼminlashi lozim. Bunda inson kamoloti davlat ravnaqi uchun zaruriy shart hisoblanadi.
Zamonaviy ilmiy manbalarda keng tarqalgan talqinga binoan, ijtimoiy davlat, eng avvalo, ijtimoiy adolat haqida, oʻz fuqarolarining farovonligi, ijtimoiy himoyalanganligi xususida gʻamxoʻrlik qiladigan davlatdir. Bunday davlat oʻz faoliyatini aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari — ishsizlar, mehnat qobiliyatini yoʻqotganlar, boquvchisidan mahrum boʻlganlar, nogironligi boʻlgan insonlar, bolalar, keksalarni ijtimoiy himoyalash bilan uzviy olib boradi.
Bunda “Ijtimoiylik”ning asosiy sharti — insonga uning qadri, shaʼni va erkini asrab-avaylab munosabatda boʻlishdir. Bu, oʻz navbatida, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari amalda toʻla taʼminlanishi va bu kafolatlanganligi bilan chambarchas bogʻliq. Ijtimoiy davlatning mohiyati uning oqilona ijtimoiy siyosatni amalga oshirishida, ayniqsa, inson va jamiyat manfaatlariga mos ijtimoiy funksiyalarni izchil ado etishida namoyon boʻladi. Shu bois bunday davlat faoliyatining muhim qismini ijtimoiy vazifalarni bajarish tashkil etadi.
Ijtimoiy davlatdagi ijtimoiy siyosatning asosiy konstitutsiyaviy asoslari:
— ish bilan taʼminlash va mehnat muhofazasi;
— mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorini kafolatlash;
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi (yangi tahriri) loyihasi
42-modda.
Har kim munosib mehnat qilish, kasb va faoliyat turini erkin tanlash, xavfsizlik va gigiyena talablariga javob beradigan qulay mehnat sharoitlarida ishlash, mehnati uchun hech qanday kamsitishlarsiz hamda mehnatga haq toʻlashning belgilangan eng kam miqdoridan kam boʻlmagan tarzda adolatli haq olish, shuningdek ishsizlikdan qonunda belgilangan tartibda himoyalanish huquqiga ega.
Mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori insonning munosib turmush darajasini taʼminlash zarurati hisobga olingan holda belgilanadi.
Homiladorligi yoki bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, ishdan boʻshatish va ularning ish haqini kamaytirish taqiqlanadi.
Sogʻliqni saqlash:
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi (yangi tahriri) loyihasi
48-modda.
Har kim sogʻligʻini saqlash va malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga ega.
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari tibbiy yordamning kafolatlangan hajmini qonunda belgilangan tartibda davlat hisobidan olishga haqli.
Davlat sogʻliqni saqlash tizimini, uning davlat va nodavlat shakllarini, tibbiy sugʻurtaning har xil turlarini rivojlantirish, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini taʼminlash choralarini koʻradi.
Davlat jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini shakllantirish uchun shart-sharoitlar yaratadi.
Oila, onalik, otalik va bolalik davlat himoyasida boʻlishi hamda qoʻllab-quvvatlanishi:
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi (yangi tahriri) loyihasi
76-modda.
Oila jamiyatning asosiy boʻgʻinidir hamda u jamiyat va davlat muhofazasidadir.
Nikoh Oʻzbekiston xalqining anʼanaviy oilaviy qadriyatlariga, nikohlanuvchilarning ixtiyoriy roziligiga va teng huquqliligiga asoslanadi.
Davlat oilaning toʻlaqonli rivojlanishi uchun ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy va boshqa shart-sharoitlar yaratadi.
78-modda.
Farzandlar ota-onasining nasl-nasabi va fuqarolik holatidan qatʼi nazar, qonun oldida tengdirlar.
Bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash hamda himoya qilish, uning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan toʻlaqonli rivojlanishi uchun eng yaxshi shart-sharoitlarni yaratish davlatning majburiyatidir.
Onalik, otalik va bolalik davlat tomonidan muhofaza qilinadi.
Davlat va jamiyat bolalarda hamda yoshlarda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlikni, mamlakatidan hamda xalqning boy madaniy merosidan faxrlanishni, vatanparvarlik va Vatanga boʻlgan mehr-muhabbat tuygʻularini shakllantirish toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qiladi.
Nogironligi boʻlgan shaxslar, mehnatga layoqatsizlar va keksalarga gʻamxoʻrlik, ijtimoiy xizmatlar tizimini rivojlantirish:
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi (yangi tahriri) loyihasi
57-modda.
Mehnatga layoqatsiz va yolgʻiz keksalar, nogironligi boʻlgan shaxslar hamda aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand boshqa toifalarining huquqlari davlat himoyasidadir.
Davlat aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand toifalarining turmush sifatini oshirishga, jamiyat va davlat hayotida toʻlaqonli ishtirok etishi uchun ularga shart-sharoitlar yaratishga hamda ularning asosiy hayotiy ehtiyojlarini mustaqil ravishda taʼminlash imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan choralarni koʻradi.
Davlat nogironligi boʻlgan shaxslarning ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy sohalar obyektlari va xizmatlaridan toʻlaqonli foydalanishi uchun shart-sharoitlar yaratadi, ularning ishga joylashishiga, taʼlim olishiga koʻmaklashadi, ularga zarur boʻlgan axborotni toʻsqinliksiz olish imkoniyatini taʼminlaydi.
Davlat pensiyalarini, boshqa toʻlov va nafaqalarni belgilash:
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi (yangi tahriri) loyihasi
46-modda.
Har kim qariganda, mehnat qobiliyatini yoʻqotganda, ishsizlikda, shuningdek boquvchisini yoʻqotganda va qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda ijtimoiy taʼminot huquqiga ega.
Qonunda belgilangan pensiyalar, nafaqalar va boshqa turdagi ijtimoiy yordamning miqdorlari rasman belgilangan eng kam isteʼmol xarajatlaridan oz boʻlishi mumkin emas.
Ijtimoiy himoyani kafolatlash:
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi (yangi tahriri) loyihasi
19-modda.
Oʻzbekiston Respublikasida insonning huquq va erkinliklari xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan normalariga binoan hamda ushbu Konstitutsiyaga muvofiq eʼtirof etiladi va kafolatlanadi.
23-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi oʻz hududida ham, uning tashqarisida ham oʻz fuqarolarini himoya qilish va ularga homiylik koʻrsatishni kafolatlaydi.
29-modda.
Har kimga malakali yuridik yordam olish huquqi kafolatlanadi.
50-modda.
Davlat bepul umumiy oʻrta taʼlim va boshlangʻich professional taʼlim olishni kafolatlaydi. Umumiy oʻrta taʼlim majburiydir.
Taʼlim tashkilotlarida alohida taʼlim ehtiyojlariga ega boʻlgan bolalar uchun inklyuziv taʼlim va tarbiya taʼminlanadi.
Ijtimoiy davlatning funksiyalari – aholi bandligini taʼmin-lash, jamiyat miqyosida moddiy boyliklarni byudjet yoʻli bilan muvozanat-lash, mehnat sharoitlarini yaxshilash va muhofaza etish, taʼlim-tarbiya borasida gʻamxoʻrlik qilish, odamlarga tirikchilik uchun eng kam meʼyorni belgilash, oilani himoyalash, ijtimoiy taʼminot tizimini yoʻlga qoʻyish, sogʻliqni saqlash va sportni rivojlantirish kabilar.
Ijtimoiy davlatning asosiy konstitutsiyaviy xususiyatlari:
— kuchli ijtimoiy himoya siyosati;
— taʼlim sifati yuqoriligi va u insonparvarlik, xalqparvarlik, inson huquq va erkinliklariga rioya etishga yoʻnaltirilgan boʻlishi;
— kuchli jamoatchilik nazorati;
— fuqarolik jamiyati institutlari mavqei va taʼsiri kuchli ekanligi;
— barcha davlat organlari va tashkilotlari hamda ularning mansabdor shaxslari inson va jamiyat (jamoatchilik) oldida masʼulligi, javobgarligi hamda ularning manfaatlariga xizmat qilishi;
— davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida ochiqlik, shaffoflik, qonuniylik, natijadorlik, sifat asosiy mezon hisoblanishi va faoliyat odamlarning muammolarini hal etib, ularni rozi qilish uchun yoʻnaltirilganligi;
— korrupsiya deyarli sezilmaydigan darajada mavjud boʻlishi (chunki bu illatni, istaymizmi-yoʻqmi, tag-tomiri bilan yoʻqotib boʻlmaydi);
— davlat xizmatchilari, davlat hokimiyati vakolatlari va funksiyalarini bajaradigan har qanday shaxs, qanday lavozimda va martabada boʻlmasin, halol, oddiy, kamtar, xalqparvar, samimiy va fidoyi boʻlishi.
Shu oʻrinda yana bir jihatni taʼkidlab oʻtishni istardimki, ijtimoiy davlatda insonlar orasida hasadni yoʻqotish, mehr-oqibat, bagʻrikenglik va birdamlikni mustahkamlash, xayr-saxovat tadbirlarini bardavom yoʻlga qoʻyish, insonlarning ichki dunyosini pok va ularni halol, bolaligidan oʻzining mehnatidan boshqa biror-bir usul yoki vosita orqali muvaffaqiyatga erishib boʻlmasligi tushunchasi bilan tarbiyalash borasidagi saʼy-harakat-larga alohida eʼtibor berish muhim ahamiyatga ega.
Ijtimoiy davlatchilik nafaqat Amerika va Yevropa, balki Osiyo davlatlarida – jumladan Janubiy Koreya, Singapur va Yaponiyada ham rivojlanib bormoqda.
Oʻzbekistonda bu borada oʻziga xos yutuqlar bor va endilikda xalqimiz bu tizimni Konstitutsiya darajasida mustahkamlash arafasida turibdi.
Xuddi shu oʻrinda taʼkidlash joizki, Prezidentimiz “ijtimoiy davlat” tushunchasini “Ijtimoiy davlat bu, eng avvalo, inson salohiyatini roʻyobga chiqarish uchun teng imkoniyatlar, odamlar munosib hayot kechirishiga zarur sharoitlar yaratish, kambagʻallikni qisqartirish”,- deya izohlagan va oʻz navbatida, “Biz Yangi Oʻzbekistonni “ijtimoiy davlat” tamoyili asosida qurishni maqsad qilyapmiz. Buni Konstitutsiyada mustahkamlashimiz kerak”, deb taʼkidlagandilar.
Maʼlumot uchun, “Ijtimoiy” soʻzi amaldagi Konstitutsiyamizda (“Muqaddima”, IX bob nomi, 16 ta moddada) jami boʻlib 24 marotaba qoʻllanilgan. Jumladan, ijtimoiy adolat, ijtimoiy harakat, ijtimoiy hayot, ijtimioy kelib chiqish, ijtimoiy mavqe, ijtimoiy faollik, ijtimoiy huquq, ijtimoiy taʼminot, ijtimoiy yordam, ijtimoiy adovat, ijtimoiy-iqtisodiy huquq, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, ijtimoiy-iqtisodiy hayot, ijtimoiy siyosat, ijtimoiy soha soʻzlari tarzida koʻrishimiz mumkin.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasida esa (“Muqaddima”, IX bob nomi, 25 ta moddada) jami boʻlib 42 marotaba (amaldagisidan qariyb 2 baravar koʻp) qoʻllanilgan. Xususan, ijtimoiy adolat, ijtimoiy davlat, ijtimoiy harakat, ijtimoiy hayot, ijtimoiy kelib chiqish, ijtimoiy mavqe, ijtimoiy axloq, ijtimoiy faollik, ijtimoiy huquq, ijtimoiy taʼminot, ijtimoiy yordam, ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand, ijtimoiy jihatdan rivojlantirish, ijtimoiy farovonlik, ijtimoiy soha, ijtimoiy adovat, ijtimoiy-iqtisodiy huquqlar, ijtimoiy tabaqa, ijtimoiy guruh, ijtimoiy shart-sharoitlar, ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirish, ijtimoiy-iqtisodiy hayot, ijtimoiy siyosat, ijtimoiy himoya, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, ijtimoiy sheriklik jumlalari qoʻllanganini guvohi boʻlamiz.
Umuman olganda, tub islohotlar natijasida shakllangan Yangi Oʻzbekistonning amaldagi ijtimoiy davlat maqomi yurtimizning butun hududida oliy yuridik kuchga ega va toʻgʻridan-toʻgʻri amal qiladigan Konstitutsiyamizda oʻz aksini topmoqda.
Foziljon OTAXONOV,
Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti direktori, yuridik fanlar doktori, professor.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring