Ijrosi yil yakuniga qadar belgilangan topshiriqlardan 395 tasi barvaqt bajarildi — Adliya vazirligi

23:33 28 Avgust 2023 Jamiyat
544 0

AOKAda oʻtkazilgan brifingda Adliya vazirligi axborot xizmati rahbari Sevara Oʻrinboyeva vazirlik tomonidan Prezident hujjatlari ijrosini nazorat qilish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berdi.

Taʼkidlanganidek, qabul qilinayotgan qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etish va monitoring qilishning mutlaqo yangi, taʼsirchan tizimi yaratilib, ushbu sohada Adliya vazirligiga qoʻshimcha vakolatlar berilganligiga 2 yarim yil boʻldi.

Ushbu davr mobaynida vazirlik tomonidan qonunlar, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmon, qaror, farmoyish va topshiriqlari ijrosini nazorat qilish, masʼul davlat organlariga ijroni taʼminlashda uslubiy va amaliy yordam koʻrsatish borasida salmoqli ishlar amalga oshirildi.

Qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosini nazorat qilish uchun yaratilgan “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimida bugungi kun holatiga jami 3 631 ta hujjatlardagi 107 mingdan ortiq topshiriqlar nazoratga olingan boʻlib, ularning 79 mingdan ortigʻi bajarilgan boʻlsa, qariyb 28 mingta topshiriqlar ijro etilmoqda.

Qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosi sifati, tezkorligi va natijadorligini yanada oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi, Adliya vazirligi, boshqa davlat boshqaruvi organlari, shuningdek, barcha darajadagi hokimliklar tomonidan ijro intizomini mustahkamlash boʻyicha qator yangi mexanizmlar joriy etildi. Jumladan:

birinchi – joriy yilning aprel oyidan boshlab barcha boshqaruv organlari va hokimliklarda Prezidentning nazorat topshiriqlari ijrosini taʼminlashning “kunbay” kalendar jadvali har oyda tasdiqlanmoqda;

ikkinchi – shu yilning may oyidan boshlab vazirliklar

va hokimliklar nazorat boʻlinmalarining rahbarlari hamda mutaxassislari 3 kunlik stajirovkadan oʻtmoqda. Rahbarlar va mutaxassislarning umumiy soni joriy yilda 415 kishini tashkil qiladi, ularning 279 nafari stajirokani yakunladi;

uchinchi – joriy yilning may oyidan Vazirlar Mahkamasida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar

va Toshkent shahar hokimlari oʻrinbosarlarining hamda kotibiyat mudirlarining hisobotlari har oyda ikki marta eshitilmoqda;

toʻrtinchi – vazirlar va boshqa boshqaruv organlari rahbarlarining oʻrinbosarlari Vazirlar Mahkamasida muntazam hisobot berib kelmoqda.

Ijro intizomini mustahkamlashning ushbu shakllariga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Joriy etilgan ushbu yangi mexanizmlar va avval Adliya vazirligi kiritgan amaliy shakllar ijobiy natijalar bermoqda.

Birinchidan, oʻz vaqtida bajarilmagan topshiriqlar soni shu yilning aprelida 128 tadan iyul oyida 66 ga, yaʼni 48,0 foizga kamaydi.

Ikkinchidan, shuni taʼkidlash lozimki, ijro muddati hali yetib kelmagan, jumladan ijrosi yil yakuniga qadar belgilangan topshiriqlardan 395 tasi barvaqt bajarildi.

Uchinchidan, joriy yil iyul oyi yakunlari boʻyicha monitoring qilinayotgan 111 ta boshqaruv organlari va hokimliklarning 78 tasi yoki 70,0 foizida muddati oʻtgan birorta topshiriqlar mavjud emas.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?