Ijod sehri va mehri bilan yashash — ulkan saodat

08:01 04 Mart 2025 Jamiyat
185 0

Sanʼat — birgina soʻz, ammo uning zamirida dunyo goʻzalliklaridan bahra olish, inson qalbini ezguliklarga oshno etish, mehr-muhabbat, odamiylik, yaxshilik kabi bugungi davr uchun muhim boʻlgan fazilatlarni ulugʻlash, asrash va avlodlarga yetkazish kabi qator maʼnolar mujassam. Bejiz “Sanʼatni tushungan va sevgan odamdan yomonlik chiqmaydi”, deyishmaydi. Axir sanʼat chin maʼnoda yaxshilik jarchisi va u bunga doim qodir boʻlgan.

Oʻzbek sanʼatining gultoji — qoʻshiqchilikdir, desak, adashmaymiz. Bu sanʼat turi ne-ne asrlik shonli oʻtmishga ega. Mazkur yoʻnalishda qanchadan-qancha ustazoda xonandalar ijod qilgan. Ular ijrosidagi ashulalar allaqachon xalqimizning maʼnaviy xazinasiga aylangan, ogʻizdan-ogʻizga, plastinka-yu kassetalardan zamonaviy flesh-kartalariga oʻtib, yurtdoshlarimizga zavq-u shavq ulashib kelmoqda.

Umrim bevosita sanʼat, qoʻshiq bilan bogʻlanganidan ham quvonaman, ham dildan faxr tuyaman. Bular men uchun butun borligʻimni qamrab olgan moʻjiza va ularning sehri meni hamisha yaratish hamda yashash ishqiga hamohang qiladi. Loʻnda aytganda, ijod sehri va mehri bilan yashash — ulkan saodat.

Oʻtgan 60-yil davomida qizgʻin ijodiy jarayonda yashadim. Sanʼatga ilk bor mehrim tushib, birinchi marta qoʻlimga musiqa asbobini olgan chogʻdan boshlab bir maqsad va niyat — muxlislarimizga manzur keladigan asarlar yaratish bilan yashadim va yana shunday davom etish niyatidaman. Har kuni shodiyona va toʻylarga ulanayotgan mamlakatda sanʼatkor boʻlish katta baxt.

Ona Oʻzbekistonimiz — chin maʼnoda sanʼatni, uning goʻzalligiga ulush qoʻshayotgan ijodkorlarni ulugʻlab, boshiga koʻtarib, ardoqlab kelgan jannatmonand diyor. Bugun ana shunday eʼzoz va ehtiromdagi ijodkorlar orasidan kamina ham yana bir bor oʻrin egalladim — davlatimiz rahbari Farmoniga muvofiq “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlandim. Shukrona kunimga bu qutlugʻ sovgʻa boʻldi. Prezidentimizga, xalqimizga katta rahmat!

Albatta, bu hurmat va gʻamxoʻrlikka munosib boʻlishga astoydil intilaman. Buning uchun, yuqorida taʼkidlaganimdek, yurtdoshlarimizga sanʼatni sevish, mehr qoʻyish va asrashni oʻrgatish, koʻngli-yu chehrasi iliq insonlarimiz taftidan taft olib ijod qilish, xalqimizning yaxshi kunlari, bayram-u toʻylarida “labbay” deb xizmatda boʻlish asosiy vazifam va burchimdir. Zero, xalq va ona Vatani bilan yakdil boʻlgan, uni eʼzozlagan hamda madh etgan sanʼatkorning umr kitobi oʻzgacha maʼno-mazmun, goʻzal ijro bilan bezaladi.

Gʻulomjon YOQUBOV,

Oʻzbekiston xalq artisti,

“Buyuk xizmatlari uchun” ordeni sohibi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер