Ijod maktablari: uchinchi Renessansning mustahkam poydevori
Foto: Arxiv surat
Katta orzu-umidlar bilan oʻsib kelayotgan yosh avlodning emin-erkin yashashi, zamon talablariga mos darajada bilim olishi, izlanishi, oʻqishi hamda oʻrganishi uchun munosib sharoit yaratilgan joyda taraqqiyot, ertangi kunga ishonch paydo boʻladi. Bunday muhitda kamol topayotganlar qalbida vatanparvarlik joʻsh uradi. Ular el-yurtga xizmat qilishdek ezgu maqsadni eng oliy burch, deb biladi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida mamlakatimizda hayotga tatbiq etilayotgan yangicha islohotlar zamirida ham ana shu xayrli vazifa — jonajon Vatanimizni butun borligʻi bilan sevuvchi va ardoqlovchi avlodni tarbiyalashdek murod va muddao mujassam. Bu maqsadga erishish yoʻlida qilinayotgan ishlarning koʻlami shu qadar kengki, dafʼatan ularni sanab adogʻiga yetish mushkul. Eng yaxshisi, bunday ulugʻvor niyatlarga xizmat qilayotgan yangilanishlarni his qilish, targʻib etishdir. Zero, ezgulikning qanoti bor deganlaridek, yuksak marralarni koʻzlab bosilayotgan har bir qadam, albatta, oʻz manziliga yetadi.
Shavkat Mirziyoyevning Prezident vazifasini bajaruvchi sifatida ish boshlagan davrni eslaylik. U kishi oʻsha kunlarning ilk daqiqasidanoq kitob haqida gapirdi. Uning ahamiyati, mohiyati va falsafasi xususida fikr bildirdi. Kitob oʻqigan odam kam boʻlmaydi, undan yomonlik chiqmaydi, deya yuragidagi gapni aytdi. Avloniydan, Fitratdan, Qodiriydan gapirdi. Istiqlol uchun, Vatan uchun jon bergan ulugʻlarimizni eslab, ularning xotirasiga yuksak ehtirom koʻrsatib kelmoqda. Xalqimizning hurmati, ehtiromi va yuksak muhabbatini qozongan Prezidentimiz dastlabki saylovdan keyin — 2016-yil 30-dekabrda oʻzining ilk uchrashuvini ilm-fan fidoyilari bilan oʻtkazishi, 2017-yil 3-avgustda esa adabiyot va sanʼat ahliga quloq tutishi azaldan ilmu adabni, maʼrifatni qadrlagan xalqimizni behad quvontirgani ham bor gap.
Yana shunga butun xalqimiz guvohki, davlatimiz rahbari kitobni, ilmni, sanʼatni behad qadrlamoqda. Qaysi hududga bormasin, u yerdagi ijodkorlarni nomma-nom sanab, mahalliy aholini hayratlantirmoqda. Oʻsha manzilda yashab oʻtgan shoirning soʻzidan, ijodkorning asaridan gapirmoqda. Bularning bari shu yurtni jon qadar suyish, iymon qadar ardoqlash tufaylidir.
Ana shunday yuksak eʼzoz natijasida ayni paytda mamlakatimizda yoshlarga yangicha yoʻnalishda saboq beradigan, turli yoʻnalishlarga ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Ayniqsa, xalqimizning nomdor shoiru adiblari merosini ulugʻlash, ularning sharafli yoʻlini davom ettirish, qolaversa, yangidan-yangi ijodkorlarni kashf etishga qaratilgan ijod maktablarining barpo etilib, foydalanishga topshirilishi uchinchi Renessans, yangi Oʻzbekiston orzusida shaxdam odimlayotgan davlatimiz uchun beqiyos ahamiyatga ega.
Ilmu maʼnaviyatga intilgan, adabiyot va kitobga oshno tutingan oʻgʻil-qizlarimizni oʻz bagʻriga olgan Ibroyim Yusupov nomidagi ijod maktabi ham shu kabi muazzam maskanlardan biridir.
Prezident taʼlim muassasalari agentligi tasarrufidagi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Nukus shahrida joylashgan mazkur ijod maktabi Oʻzbekiston Qahramoni, Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston xalq shoiri Ibroyim Yusupov nomini abadiylashtirish, uning izdoshlarini kashf etish va isteʼdodlarini keng namoyon qilishlari uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida 2017-yilda ish boshlagan. 216 oʻquvchi oʻrniga moʻljallangan maktabda bugungi kunda 10 ta sinfda 203 nafar oʻgʻil-qiz taʼlim oladi. Yoshlarga 33 nafar yuqori malakali oʻqituvchilar tomonidan interaktiv tarzda chuqurlashtirilgan bilim berilmoqda.
Maktabda oʻqish bepul, oʻquvchilar 5 mahal issiq ovqat bilan taʼminlangan. Shinam yotoqxona, barcha qulayliklarga ega sport zali va oshxona ertamiz egalari ixtiyorida. Taʼlim maskanida 24 ta fan, 7 ta sport va boshqa turdagi toʻgaraklar faoliyat koʻrsatadi.
Bir qator ijodkor oʻquvchilarning kitobi nashrdan chiqdi. 10-sinf oʻquvchisi Anisa Karimbayevaning “Eng zoʻr sovgʻa”, “Mening qishlogʻim”, Gulnisa Asamatdinovaning “Dono otam”, Aynur Mirzaboyevaning “Akamning zoʻr sovgʻasi”, Muqaddas Kobeysinovaning “Men bahorni sogʻindim”, Guldana Qidirboyevaning “Qushga ozor berma” kabi sheʼriy va nasriy toʻplamlari shular jumlasidandir.
Ushbu maktabda puxta bilim egallab, xorijiy universitetlarda tahsilni davom ettirayotganlar ham talaygina. Masalan, 2020-2021 oʻquv yilida Rayhon Baxtiboyeva Koreya Respublikasi universitetining talabasi boʻldi. 2021/2022 oʻquv yilida maktabni 41 oʻquvchi bitirgan boʻlsa, shulardan 28 nafari mahalliy oliy taʼlim muassasalarining talabalari boʻlishdi, 2 nafar oʻquvchi — Ajiniyaz Ataniyazov va Guljamol Uspanova AQSHning oliy taʼlim beruvchi universitetlarida tahsil olmoqda.
Bu yutuqlar oʻz-oʻzidan qoʻlga kiritilgan emas. Mazkur maktabga borib, shuni angladikki, barcha oʻquvchi har bir saboqni mehr bilan tinglar ekan. Shunchaki, nomiga kelib-ketish, dars qoldirish ular uchun tamoman begona. Qoʻliga qalam olib, oppoq qogʻozga oʻzlarining qalbidek begʻubor soʻzlarni bitayotgan, har ikki soʻzining birida Onaga, birida Vatanga ehtiromini bildirayotgan bu navqiron avlod shu aziz diyorga oʻz volidasiga xizmat qilgandek har bir ishga shay turishi muqarrar.
Ishonch bilan shunday deyishimizga asos bor. Dastlab oʻquvchilardan besh-oltitasini suhbatga chorlab, amin boʻldikki, ijod maktablari bekorga ochilmagan. Erkin va ijodiy muhit, badastir sharoit, yetuk va malakali ustozlar oʻquvchilar isteʼdodini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shuning uchun ham qay bir oʻquvchi bilan gaplashmaylik, ularning teran mulohazasini eshitib, hayratlandik. Balki bunisi tayyorgarlik koʻrgandir, deb boshqa oʻquvchini gapga tutamiz. Yana oʻsha holat, yana oʻsha hayrat: bildikki, ularning bari shunday, ularning bori shunday.
— Pana-panada, hech kimga bildirmay qoʻshiq aytardim (Qoraqalpogʻistonda sheʼrni qoʻshiq deyishadi), — deydi Chimboy tumanilik Biybiraba Mavlonova. — Bir kuni oshxonada “qoʻlga tushdim”. Onam meni eshitib turgan ekan. Juda uyaldim. Lekin onam: “Uyalma, ijod qilish har kimga ham nasib qilmaydi”, deya menga dalda berdi. Keyin qoʻlimdan yetaklab shu maktabga olib keldi. Imtihonlardan muvaffaqiyatli oʻtib, oʻqishni boshladim. Bu yerdagi ustozlarning bizga mehr bilan berayotgan ulkan sabogʻidan juda xursandman. Onam bir dalda berib, ijodga undagan boʻlsa, oʻqituvchilarim har kuni oʻnta dalda berishadi. Kechagina faqat qoraqalpoq tilida sheʼr yozgan boʻlsam, bugun oʻzbek va ingliz tillarida ham bemalol ijod qila olaman.
Biybiraba shunday deya bizga “Bahorni sogʻinib” degan sheʼrini oʻqib beradi:
Barcha dardlarimni sheʼrga oʻxshatsam,
Bir sokin musiqa tinglasam yana,
Qolsam oʻzim yolgʻiz yomgʻir ostida,
Qoʻshiq aytar edim yurakdan yona.
Bahor — yangilanish-poklanish fasli,
Lekin yangilama dardlarimni sen.
Yangila, tuzatgin yarador qalbni,
Boʻlsin, odamlarning yurak bagʻri keng.
Oʻzini maktabning 9-sinf oʻquvchisi Samad Abdurayimov deb tanishtirgan yigitchaning soʻzlarini eshitib, uning koʻp kitob oʻqishiga, ayniqsa, mumtoz shoirlar hayoti va ijodiga qiziqishi katta ekanligiga ishonch hosil qildik.
— Bobokalon shoirimiz Alisher Navoiyning hayoti, bolalik yillari, oʻsmirligi, davlat arbobi boʻlgan paytidagi faoliyatini oʻrganish jonu dilim, — deydi u. — Sheʼriyat sultonini yaqindan bilgan tarixchi Xondamirning yozganlarini, ayniqsa, oʻzgacha maroq bilan mutolaa qilaman. Xondamirning guvohlik berishicha, Alisher Navoiy ilmga koʻngil qoʻygan oʻsha zamon yoshlarini oʻqitish uchun maxsus maktablar ochgan, yaxshi oʻqiganlarni ragʻbatlantirgan, olisdan kelib oʻqiydiganlarni esa turar joy bilan taʼminlagan. Yana qanchadan-qancha miskinu gʻariblarga doim yordam berib turgan. Bu kabi maʼlumotlarni oʻqib, hayratlanaman. Axir, bobomiz ummon qadar ijodiy asarlar bitishdan ortib bu savob ishlarga qanday ulgurgan?! Yana hayratim shundaki, Navoiy bobomiz boshlagan xayrli ishlar bugun davom etmoqda. Biz oʻqiyotgan maktabning ochilishi, bu yerda yoshlarga hamma sharoit qilib berilishi fikrim isboti. Oʻtmishda maʼrifatga tashna yigit-qizlarni hazrat Navoiy qoʻllagan boʻlsa, bugun bizning boshimizni Prezidentimiz silamoqda.
Mana shunday mulohaza va mushohadaga chorlovchi fikrlarini aytib berayotgan yosh avlod bilan miriqib suhbatlashib, sirlashib, sheʼrlashib oʻtirganimizda, yonimizga maktab direktori Ruslan Tashimov kirib keldi. Undan bu oʻquvchilarni tanlab olganmisiz, desak, direktor:
— Bularning hammasi shunaqa! — deydi faxr va gʻurur bilan. — Ochigʻi, hozir Samadning gaplari boʻlinmasligi uchun yoʻlakda turib eshitdim. Toʻgʻri aytdi. Endi men ham bu hududda yashaydigan odamlarning yuragidagi bir gapni aytay: davlatimiz rahbarining biz, qoraqalpogʻistonliklarga mehru muhabbati yuksak. Bir galgi tashriflari chogʻida Chimboy tumanida boʻlib, boshqa koʻp masalalar qatori Ibroyim Yusupov ijodini oʻrganish haqida ham toʻxtalgan edi. Oʻz fikrlarini bayon etish jarayonida u kishi: “Koʻngil koʻngildan suv ichar” deya Ibroyim Yusupovning satrlarini aytib, mana shu maktab faoliyatini yoʻlga qoʻyishni taʼkidladi. Oradan koʻp fursat oʻtmay, maktab ishga tushdi. Bugun bu yerda tarbiyalanayotgan farzandlarimiz ertaga yurtimizning suyanchi, ishonchi boʻladi. Ular uchun nimaiki zarur boʻlsa, hammasi toʻla-toʻkis muhayyo qilingan. Endi ular bu gʻamxoʻrliklarga javoban faqat yaxshi oʻqishi, ijod qilishi kerak.
— Biz bularning yoshida bunday sharoitni havas ham qilolmasdik, — deya suhbatga qoʻshiladi, — maktab direktorining ixtisoslik fanlari boʻyicha oʻrinbosari Zulfiya Satbayeva. — Yetarli sharoit u yoqda tursin, oddiy darslarimizni sogʻinib yurardik. Chunki sentyabr oʻrtalaridan dekabrgacha paxta dalalarida sarson edik. Yanvar va fevral oyida ozgina oʻqib, bahordan yana dalaga ketardik. Hozir bu gaplarni aytsam, oʻquvchilar ishonmaydi. Mayli, u kunlar bugungi avlod uchun ertakdek boʻlib oʻtmishda qolgani rost boʻlsin. Gap shundaki, bu kunlarning qadriga yetinglar, deb koʻp aytaman. Rosti, oʻzim ham sheʼr yozaman. Oʻquvchilik paytlarimizda birovga sheʼr yozdim, deb aytishga uyalardik. Endi esa qarang, kim sheʼr yozsa eʼzozda, kim kitob oʻqisa, ragʻbatda. Oʻqituvchi oʻqitsin, oʻquvchi oʻqisin, deyilyapti. Har kim oʻz ishini qilishi uchun barcha sharoit hozirlanmoqda. Bunday goʻzal imkoniyat va davr uchun rahmat aytmaslik, minnatdorlik bildirmaslik mumkin emas. Yetib boʻlmas orzularimizni roʻyobga chiqarayotgan Prezidentimizga mingdan-ming tashakkurlar!
Zulfiya opaning aytganicha bor. Negaki, “maktab oshxonasi” degan tushunchani bir necha avlod unutish darajasi yetganda, bu maktabdagi oʻquvchilar ovqatlanadigan joyni koʻrib, havas qildik. Taomnomaning xilma-xilligi esa ishtahani qitiqlaydi: baliqdan tortib kabobgacha, ayrondan tortib qimrongacha bor ekan. Ozoda va orasta stol-stullar, kosa va piyolalar, gard qoʻnmagan sochiqchalarni koʻrib, bugungi navqiron avlodning peshonasi rostdan ham yarqiragan, degan oʻy oʻtadi koʻngildan.
Oshxonadan chiqqanimizda, tanaffus boʻlib qoldi. Katta foyega qoʻyilgan doska yoniga duv etib yigʻilgan oʻquvchilarni koʻrib, hamrohimiz —Zulfiya Satbayevaga savolomuz qaraymiz.
— Tomosha qiling, kuzating, — deydi u kishi.
Kuzatdik: monitorda ulugʻ ijodkorlar siymosi gavdalantirilgan suratlar paydo boʻladi. Oʻqituvchi ulardan birining, masalan, Lutfiy yoki Maxtumqulining biror satrini oʻqiydi. Bu satrlar kimniki, deya savol beradi. Hamma qoʻl koʻtarib turibdi. Oʻquvchilardan biriga javob uchun izn beriladi, oʻquvchi muallifni aytadi va oʻzi ham oʻsha ijodkordan sheʼr yoki gʻazal oʻqiydi.
Tanaffusdagi bu saboqni kuzatish chindan ham qiziqarli edi. Ijod maktabining oʻziga xos xususiyati va jihati ham shunday boʻlishi kerak: u boshqa maktablardan ajralib turishi darkor. Shu nuqtayi nazardan qaraganda, bu dargohda tanaffusning oʻzi yoʻq ekan, degan fikrga keldik. Zotan, ilm oʻrganishda, ijod qilishda uzilish boʻlmasligi, tanaffusga ehtiyoj tugʻilmasligi ayni muddao emasmi?!
Taʼlim dargohida milliy musiqa asboblari bilan jihozlangan xona ham bor ekan. U har qanday mehmonning eʼtiborini tortishi turgan gap. Zero, ota-bobolarimiz azaldan kuy-navoga oshufta boʻlishgan. Har bir xonadonda, albatta, biror cholgʻu osigʻlik turgan. Maktab oʻquvchilari oʻqish va ijoddan tashqari soz chalishni ham oʻrganishayotgani yanada quvonarli. Xuddi shuningdek, maktabda surat chizishga ishtiyoqi baland yoshlar ham koʻp ekanki, ular uchun yana alohida mashq xonasi tashkil etilgan. Suratlarni koʻzdan kechirayotib, ulardan biri eʼtiborimizni tortdi. Ushbu surat Ibroyim Yusupovning “Chimboy yoʻllarida” deb nomlangan sheʼri taʼsirida chizilgan. Maktabning 10-sinf oʻquvchisi Anisa Karimboyevaning surati sheʼr ruhiyatini tasvirda izohlagandek taassurot qoldiradi.
Aytishlaricha, Ibroyim ogʻa bolalikda Chimboyning tor va tuproq yoʻllaridan ketayotganda, otning taqasini topib oladi. Taqani olib, uyiga qaytgan bola onasiga boʻlgan voqeani aytadi. Ona taqani qoʻlga olib: “Kelajakda otli boʻlarkansan, omading kularkan, peshonang yorugʻ ekan”, deya koʻziga yosh oladi. Oradan yillar oʻtib, yosh bolaning yetuk ijodkor boʻlib yetishishi, yurt qahramoni boʻlishi, uning nomida maxsus maktab faoliyat yuritishi onaizorning oʻsha quvonch ila aytgan soʻzlarining tasdigʻi emasmi?! Anisaning surati oʻsha voqeaning boʻyoqli tasviridir.
Gap Ibroyim Yusupovning “Chimboy yoʻllarida” degan sheʼri va unga ishlangan surat haqida borar ekan, maktabning 11-sinf oʻquvchisi Dilnoza Jumanazarova qalamiga mansub mana bu toʻrt qator sheʼrni keltirishni joiz bildik:
...Sen tongni kuylagin quvonib, joʻshib,
Qora zulmat ichida bir nurdir iymon.
Yolgʻizlik hukmidan berkinib, qochib,
Oʻzingning oʻrningni toparsan inson...
Vaqt kutib turmaydi. U bir zumda oʻtadi-ketadi, ammo ana shu shoshqin fursatlardan unumli foydalanishni bilganlar aslo yutqazmaydi. Odamlarga yaxshilik qilishni oʻylaydi. Vatanga xizmat qilganlar nomini ulugʻlaydi, sharaflaydi. Binobarin, bugun mamlakat dilbandlarini asrab-avaylayotgan, ularga katta ishonch bildirayotgan, kitob oʻqinglar, musiqa chalishni oʻrganinglar, ijod qilinglar, ixtirolar haqida oʻylanglar, deb bu maqsad yoʻlida yoshlarimiz uchun butun dunyo ahli havas qilsa arziydigan imkoniyat yaratib bergan Prezidentimizning xayrli ishlari zamirida eng buyuk shior — INSON QADRIni ulugʻlash mujassam. Qadri ulugʻlangan inson oʻzida tengsiz kuch topadi, mehrdan, muruvvatdan yuksaladi. Ibroyim Yusupov aytganidek:
Kiyiklar suv ichar soydan,
Oʻrdak, gʻoz koʻldan suv ichar.
Xoʻsh, odamning koʻngli qaydan?
Koʻngil koʻngildan suv ichar.
Koʻrdim oqqush oʻyinlarin,
Uyqalashib boʻyinlarin,
Sogʻinganday oshiq yorin.
Koʻngil koʻngildan suv ichar.
Otlar guldur-guldur kishnab,
Charx urar uyurin izlab,
Qoʻylar maʼrab, boʻta boʻzlab,
Koʻngil koʻngildan suv ichar.
Daryolar dengizga shoshib,
Chopadi mavj urib, toshib.
Yoʻllar yoʻllarga tutashib,
Koʻngil koʻngildan suv ichar.
Olisdagi Asqar togʻlar,
Bir-birini koʻrmak boʻlar,
Shu sababli yuksak ular,
Koʻngil koʻngildan suv ichar...
Maqsud JONIXONOV,
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.
Toshkent — Nukus — Toshkent
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
- Komiljonov Muxammadsolih Sobirjon oʻgʻlining “Salomatlik landshaftlarini tashkil etish tamoyillarini ishlab chiqish” mavzusidagi (arxitektura fanlari boʻyicha) falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasining himoyasi eʼloni
- Ukrainada jurnalistlarni olib ketayotgan avtomobil dronlar hujumiga uchradi
- Rossiya yangi urushga tayyorgarlik koʻrmoqda — Germaniya mudofaa vaziri
- Tehronda vaziyat jiddiy: poytaxt aholisi evakuatsiya qilinishi mumkin
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring