Ijara, transfer, Gvardiola bilan kelishmovchilik... Husanov nega asosiy tarkibda emas — Davron Fayziyev futbolchining yaqinlari bilan bogʻlanganini maʼlum qildi

Angliyaning “Manchester Siti” hamda Oʻzbekiston milliy terma jamoasi markaziy himoyachisi Abduqodir Husanov “shaharliklar” tarkibida soʻnggi 4 oʻyindan buyon zaxirada qolmoqda. Bu holat koʻplab futbol muxlislari hamda mutaxassislarning turli xavotirlariga sabab boʻlmoqda.
Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi marketing va media bo'limi boshlig’i Davron Fayziyev mazkur masalada futbolchining yaqinlari bilan bogʻlanganini maʼlum qildi.
«Aslida nima boʻlyapti? Birinchi navbatda aytib oʻtaman, Gvardiola bilan hech qanday shaxsiy va professional darajada ziddiyat yoʻq. Aksincha, Pep mashgʻulotlarda doimiy tarzda unga eʼtibor qiladi, pozitsiyasi boʻyicha taktik koʻrsatmalar beradi. Ishonchi soʻnmagan. Jismoniy jihatdan ham Husanovda hozir muammo, pasayish yoʻq. Oʻyinlarda tushmayotganiga sabab — sogʻlom raqobat.
Yana bir yosh himoyachi Niko OʻRayli chap qanotda ketma-ket uchrashuvlarda gollar va assistlar qayd etgach, Yoshko Gvardiol markazga oʻtkazildi. Diash lider sifatida markaziy oʻng himoyachi sifatida harakat qilmoqda. Pep shu variantni qoʻllagach “Manchester Siti” qatorasiga yutishni boshladi. Nafaqat Gvardiola, aksariyat murabbiylar natija boʻlib turgan joyda rotatsiya qilmaydi. Ayniqsa himoyada.
Qolaversa mavsum yakunida “Manchester Siti”ning yoʻqotadigan har bitta ochkosi chempionlar ligasidan mahrum qilishi mumkin. Bugun yutsa va himoya yaxshi oʻynasa ertaga yana shular tushadi. Bu normal jarayon.
Abduqodir Husanovda hali imkon boʻladi, ishoning. Oʻzining yondashuvi pozitiv, payt poylayapti. Feyk xabarlarni oʻqib qolsa balki kayfiyati biroz buzilishi mumkin, lekin u oʻqimaydi. Siz ham faqat ishonchli manbalarni kuzating», — deb yozadi Davron Fayziyev.
Avvalroq turli matbuot nashrlarida “shaharliklar” koʻproq oʻyin amaliyotiga ega boʻlishi uchun Husanovni ijaraga bermoqchi ekanligi haqida xabarlar keng tarqalgan edi.
Jumladan, Italiyaning “Lalazia” nashri oʻzbekistonlik markaziy himoyachi Abduqodir Husanov faoliyatini Italiyada davom ettirishi mumkinligi haqida yozmoqda.
Unda aytilishicha, Italiyaning “Yuventus” klubi doimiy zaxirada qolayotgan 21 yoshli himoyachini ijara asosida tarkibiga qoʻshib olishga harakat qilmoqda. Qoʻshimcha qilinishicha, “Manchester Siti” rahbariyati ham futbolchi koʻproq oʻyin amaliyotiga ega boʻlishi uchun boshqa jamoaga ijara asosida toʻp surishiga qarshilik qilmaydi.
Hozirda “Yuventus” klubi himoya chizigʻini mustahkamlash maqsadida ijara asosida jamoa safiga qoʻshib olishi mumkin boʻlgan bir qancha futbolchilarni kuzatmoqda. Ular orasida Abduqodir Husanov ham bor va himoyachi Turin jamoasiga foydali boʻlishi mumkin deya baholanmoqda.
Maʼlumot oʻrnida, Oʻzbekiston milliy terma jamoasi markaziy himoyachisi Abduqodir Husanov qishki transfer oynasida Fransiyaning “Lans” klubidan “Manchester Siti” tarkibiga 40 million yevro evaziga koʻchib oʻtgan edi. Husanov hozirga qadar “shaharliklar” tarkibida 9 ta uchrashuvda maydonga tushib, 1 gol kiritishga muvaffaq boʻlgan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Milliy sertifikat imtihoni natijalari 21 ish kuni ichida e’lon qilinadi — Bilimni baholash agentligi
- Yana bir bozor auksionga qoʻyildi
- Ichki ishlar vaziri Buxoro viloyati IIBning 10 ga yaqin rahbarini ishdan boʻshatdi
- Oʻzbekiston pasporti xalqaro indeksda past natija qayd etdi
- Yangi hafta avvalida qanday ob-havo kuzatilishi maʼlum qilindi
- “Qutadg‘u bilig” dostoni qo‘lyozmasining faksimile nusxasi yaratiladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring