IX Toshkent xalqaro zamonaviy sanʼat Biyennalesi ochildi
Toshkentdagi Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi Markaziy koʻrgazmalar zalida IX Toshkent xalqaro zamonaviy sanʼat Biyennalesining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. 2022-yil – “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”ga bagʻishlangan tadbir Turizm va madaniy meros vazirligi hamda Badiiy akademiya hamkorligida tashkillashtirildi.
Marosim avvalida Turizm va madaniy meros vaziri oʻrinbosari Nusratilla Zikrillayev Bosh vazir oʻrinbosari – Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimovning tabrigini oʻqib eshittirdi.
«Toʻqqizinchi Toshkent Xalqaro Biyennalesi zamonaviy sanʼatning rangtasvir, haykaltaroshlik, grafika, installyatsiya, videoart, fotoart singari barcha turlarini namoyish qilish, sanʼat rivojiga taʼsir koʻrsatadigan yangi gʻoyalar va istiqbolli tamoyillarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida oʻtkazilmoqda, – deyiladi tabrikda. – Bu galgi tadbir ham Oʻzbekiston va boshqa mamlakatlar rassomlarining samarali hamkorligi uchun keng imkoniyatlar yaratib beradi».
Marosimda nutq soʻzlagan Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi raisi, xalq rassomi Akmal Nuriddinov Toshkent xalqaro zamonaviy sanʼat Biyennalesi 2001-yildan buyon ikki yilda bir marotaba oʻtkazib kelinayotganini taʼkidladi.
Ochilish marosimidan soʻng Markaziy koʻrgazmalar zalida polshalik rassomlar koʻrgazmasi hamda Buyuk britaniyalik rassom Yunus Safardiyor tomonidan yosh rassomlar uchun mahorat darsi tashkil etildi. Bundan tashqari, Toshkent fotosuratlar uyida Oʻzbekiston va xorijlik fotorassomlar koʻrgazmasining ochilishi ham boʻlib oʻtdi.
Maʼlumot uchun, besh kun davomida sanʼat ixlosmandlari – AQSH, Argentina, Armaniston, Bangladesh, Belarus, Bolgariya, Braziliya, Buyuk Britaniya, Vengriya, Germaniya, Isroil, Ispaniya, Italiya, Kanada, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Quvayt, Litva, Malayziya, Misr, Niderlandiya, Ozarbayjon, Polsha, Rossiya, Ruminiya, Serbiya, Tojikiston, Turkiya, Turkmaniston, Tunis, Filippin, Fransiya, Xitoy, Hindiston, Erondan kelgan 35 nafar ijodkor hamda mahalliy rassom-ustalar oʻz sanʼat asarlarini namoyish etadilar hamda oʻzaro muloqot va hamkorlikni yoʻlga qoʻyish imkoniga ega boʻladilar.
Toshkent xalqaro Biyennallesi tasviriy sanʼat sohasida madaniy almashinuv, turli mamlakatlar zamonaviy ijodiy salohiyati bilan tanishuv, zamonaviy sanʼatning dolzarb muammolarini muhokama qilish uchun ochiq maydon boʻlib xizmat qiladi. Biyennale koʻrgazmalarida jahon va milliy sanʼat namunalari namoyish etiladi. Zamonaviy tasviriy, konseptual sanʼatning xorijdagi mashhur namoyandalari bilan ijodiy tajriba almashib, muloqotlar uyushtiriladi. Jahonning nufuzli ilmiy dargohlari vakillari ishtirokida ilmiy-amaliy konferensiyalar oʻtkaziladi.
Toshkent xalqaro zamonaviy sanʼat Biyennalesi 28-oktyabr kuni yakuniga yetadi. Gʻoliblar munosib taqdirlanadi.
Taʼkidlash joizki, Toshkentda toʻqqizinchi marta oʻtkazilayotgan tadbir xalqlarni yaqinlashtirish, dunyo tasviriy sanʼat vakillari oʻrtasida mustahkam koʻprik, ijodiy muloqot, sanʼatda boy merosga ega Oʻzbekiston nomini jahonga tarannum etishga xizmat qiladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring