Italiya zamonaviy sanʼati va rassomlari koʻrgazmasi
Poytaxtimizdagi Oʻzbekiston tasviriy sanʼat galereyasida “Ipak yoʻli — Italiya zamonaviy sanʼati va rassomlari” koʻrgazmasining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.
Koʻrgazma uchun tashkil qiligan muhtasham zalga rassom va sanʼatshunoslar, Italiyadan tashrif buyurgan tasviriy sanʼat ustalari hamda keng jamoatchilik vakillari jam boʻldi.
Tadbirda Italiyaning Oʻzbekistondagi elchisi Agostino Pinna soʻzga chiqib, ushbu koʻrgazma 1960-yil oxiridan to hozirgi kungacha boʻlgan zamonaviy italyan sanʼatining ixcham yigʻindisi ekani, shuningdek, Italiya va Oʻzbekiston oʻrtasidagi yangi madaniy aloqalarning yaqin oʻtmishida ilk marotaba tashkil etilayotganini taʼkidladi.
Mazkur koʻrgazma Italiya Tashqi ishlar va xalqaro hamkorlik vazirligi, Garusso tasviriy sanʼat instituti va Oʻzbekiston tasviriy sanʼat galereyasi hamkorligidagi loyiha boʻlib, eng yirik koʻrgazmalardan biri sanaladi. Koʻrgazmaga 38 ta yuqori darajali sanʼat asari jamlangan boʻlib, ulardan sakkiztasi “Farnezina kolleksiyasi”ga tegishlidir.
— Tomoshabinlar eʼtiboriga havola etilayotgan ushbu koʻrgazmadan maqsad — oʻtmish va kelajak sanʼatining murakkabligi, shu bilan birga, xilma-xilligi haqida tasavvur beradigan tendensiyalarni taqdim etishdir, — deydi Italiyaning Madre Napoli muzeyi xodimi Anjela Techche. — Shuningdek, bu ish oʻzbekistonlik va italiyalik yosh hamda ustoz rassomlarni birlashtirish, ular oʻrtasida mustahkam aloqalarni yoʻlga qoʻyish va rivojlantirish kabi vazifalarni oʻz ichiga oladi.
Koʻrgazmadan Karla Akkardi, Marisa Albanese, Gianni Dessi, Franchesko Jodiche, Mimmo Paladino, Tamara Repetto kabi bir qator italiyalik nomdor rassomlarning asarlari oʻrin olgan.
Taʼkidlanganidek, Italiya va Oʻzbekiston oʻrtasidagi aloqalar muttasil rivojlanib bormoqda. Mazkur koʻrgazma ham oʻzaro madaniy aloqalarni mustahkamlashda muhim oʻrin tutishiga shubha yoʻq.
Rahmatjon BOBOJONOV, “Xalq soʻzi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Komiljonov Muxammadsolih Sobirjon oʻgʻlining “Salomatlik landshaftlarini tashkil etish tamoyillarini ishlab chiqish” mavzusidagi (arxitektura fanlari boʻyicha) falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasining himoyasi eʼloni
- «Yevroosiyo Banki» Aksiyadorlik jamiyatining tugatish komissiyasi xabari
- Doʻstlik va hamkorlikni kengaytirgan forum (+fotoreportaj)
- Namangan – yangilanish va goʻzallik shahri
- Oʻzbekiston yoki Misr. Qaysi terma jamoa kuchli?
- Yangilanayotgan Markaziy Osiyo: birlik, doʻstlik va hamkorlikning yangi bosqichi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring