Isteʼmolchilarning huquqlari qanday himoya qilinyapti?

12:17 26 May 2020 Jamiyat
1316 0

Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi axborot xizmati ushbu savolga aniq misollar bilan javob berdi.

Oshxona mebellari jamlanmasi “qimmatga“ tushdi!

Ish quroling soz boʻlsa — mashaqqating oz boʻlar! Asosiy vaqti oshxonada oʻtadigan uy bekalarining pazandalik mahoratini namoyon etishlari uchun jihozlarning ahamiyati katta. Bejirim oshxona mebellariga ega boʻlish esa har bir ayolning orzusi sanaladi. Narxidan qatʼiy nazar koʻpchilik bu xaridda sifatga koʻproq eʼtibor qaratadi. Oldindan buyurtma berish orqali har kim didiga mos mebellar jamlanmasiga ega boʻlishi mumkin. Ammo buyurtma oʻz vaqtida tayyorlanmasa, tadbirkor isteʼmolchidan “qochib yurgani” yetmagandek oshxona jihozlarini ham, oldindan toʻlangan summani ham qaytarmasa, buni qanday izohlash mumkin?

Bu kabi muammoga Buxoro shahar I.Karimov koʻchasida istiqomat qiluvchi fuqaro X.Istamov ham duch keldi. Joriy yilning 11-mart sanasida isteʼmolchi Buxoro tuman Rabotak MFY da faoliyat yuritayotgan YATT M.Maxmudovga qarashli mebellar ishlab chiqarish sexiga oʻzi istagan oshxona garniturini tayyorlashi uchun 4.500.000 soʻm oldindan toʻliq toʻlovni amalga oshiradi. Qisqa fursatda yetkazib berilishi aytilgan boʻlsa-da buyurtma yaqin kunlargacha tayyorlanmagan.

Tadbirkorning ishni paysalga solayotganidan taʼbi xira tortgan fuqaro Buxoro shahar Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati ishonch raqamiga ogʻzaki murojaat qoldiradi. Shaxsan jamiyat raisi K.Xafizov aralashuvi bilan holat yaqindan oʻrganildi va isteʼmolchi foydasiga ijobiy hal etildi. X.Istamov toʻlagan toʻlov toʻliq qaytarildi va bu kabi holat qaytarilmasligi uchun tadbirkorga zaruriy tavsiyalar berildi. Bu kabi muammolar siz bilan sodir boʻlgan paytda sizning isteʼmolchi sifatidagi huquqlaringiz himoyachilari borligini unutmang!

Nuqsonli tovar puli undirildi

2020-yilning mart oyida Buxoro tumanidagi ehtiyot qismlari doʻkonidan 950 000 (toʻqqiz yuz ellik ming) soʻmlik “Texa” rusumli chilangarlik apparatini xarid qilgan fuqaroning hafsalasi pir boʻldi. Apparat oradan 4 kun oʻtgach kuyib qoldi. Sotuvchiga vaziyatni tushuntirganxaridor, undan “-Bu elektr kuchlanishdan boʻlgan” degan javobni oladi va sotuvchi xaridorni oʻzining tanish ustasiga joʻnatadi. Vaholanki xarid chekiga qoʻshib 2 oy muddatli kafolat taloni ham berilgan ekan. Apparat 300 000 (uch yuz ming) soʻmga qayta tuzatilgan, ammo, malum kundan soʻng yana buzilgan.

Holat yuzasidan tumandagi “Rasta” buyum bozori hududida amalga oshiruvchi yakka tartibdagi tadbirkor B.B. ishtirokida oʻrganish ishlari oʻtkazilganda, chilangarlik apparati haqiqatan ham yuqorida keltirilgan summaga xarid qilinganligi, tovarga ikki oy kafolat muddati belgilanganligi, apparat xarid qilingandan 4 kun oʻtib isteʼmolchi oʻz eʼtirozlari bilan kelganligi kabi holatlar oʻz tasdigʻini topdi.

Sotuvchiga Oʻzbekiston Respublikasining “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonun va “Oʻzbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalari” talablari tushuntirildi. Unga qonun talablaridan kelib chiqib, nuqsonli tovarni maqbul sifatlisiga almashtirish, buning imkoni boʻlmagan taqdirda esa tovar uchun toʻlangan pulni qaytarish taklifi bildirildi. Sotuvchi nuqsonli tovar uchun toʻlangan 950 000 soʻm pulni isteʼmolchiga qaytarib berib, oʻzining zimmasidagi majburiyatini bajardi.

Fuqaroning buzilgan huquqi tiklandi

Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasi Ishonch telefoniga 2020-yilning may oyida Buxoro shahar I.Karimov koʻchasi 44-uy 57-xonada yashovchi fuqaro Ikromov Ilhom tomonidan ogʻzaki murojaat kelib tushgan. Murojaat mazmuniga koʻra fuqaro Buxoro shahrida joylashgan yengil avtomobillar sotish savdo korxonasidan “Neksiya-3” rusumli avtomobil xarid qilish uchun shartnoma qilgan, ammo shartnoma muddati tugagani va xarid qilgan avtomobilini oʻz vaqtida olmaganidan norozi boʻlgan. Jamiyat xodimlari aralashuvi bilan isteʼmolchining “Neksiya-3” rusumli avtomobili (75 930 613 soʻm) tez vaqtda olib berildi hamda uning buzilgan huquqi tiklandi.

“Hurmatli isteʼmolchi! Agarda sizning isteʼmolchi sifatidagi huquqlaringiz buzilsa, Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyaning yagona 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga murojaat qilishingiz mumkin” deyiladi Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi axborot xizmati xabarida.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер