“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tomonidan Toshkent shahri isteʼmolchilarini elektr va issiqlik energiyasi bilan taʼminlash boʻyicha olib borilgan ishlar holati yuzasidan press-tur boʻlib oʻtdi

17:45 31 Oktyabr 2024 Jamiyat
37 0

Press-tur davomida joriy kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tomonidan Toshkent shahri energo obyektlarida amalga oshirilgan ishlar va ushbu yoʻnalishdagi yangi investitsiya loyihalari haqida maʼlumotlar berildi.

Kelayotgan mavsumga tayyorgarlik doirasida tizim korxonalarida reja asosida jami 53 ta, shu jumladan, 14 ta energoblok, 28 ta qozon qurilmasi, 7 ta bugʻ-gaz qurilmasi, 1 ta turboagregat va 3 ta gaz-turbina qurilmasida taʼmirlash ishlari amalga oshirildi va belgilangan ishlar ortigʻi bilan bajarildi.

Qoʻshimcha sifatida, elektr stansiyalardagi tezkor guruhlar tomonidan kamchiliklar aniqlangan 11 ta energoqurilmada mukammal va joriy taʼmirlash ishlari olib borildi.

Taʼmirlash va sozlash ishlari natijasida mavjud elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlari 291 MVt va issiqlik ishlab chiqarish samaradorligi 235 tonna soatga oshirilishiga erishildi.

Dastlab press-tur ishtirokchilari Toshkent shahri aholisini issiqlik energiyasi bilan taʼminlovchi asosiy issiqlik ishlab chiqarish korxonasi “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tizimidagi “Toshkent issiqlik markazi” korxonasining 5-issiqlik markazida boʻlishdi.

“Toshkent issiqlik markazi” korxonasi tizimida 9 ta issiqlik markazlari mavjud boʻlib, ularning umumiy oʻrnatilgan quvvati 4580 gigakaloriyani tashkil etadi. Hozirgi kunda isteʼmolchilarga 65° daraja, sovuq qish kunlarida 85° daraja haroratdagi issiqlik energiyasi ishlab chiqarilib, yagona yirik xarid qiluvchi Veolia Energy Tashkent korxonasi orqali aholi va boshqa isteʼmolchilarga yetkaziladi.

2024-2025-yillar kuz-qish mavsumida isteʼmolchilarni issiqlik energiyasiga boʻlgan talabini toʻlaqonli qondirish maqsadida mavsumga tayyorgarlik ishlari shu yilning mart oyidan boshlanib, hozirda barcha qurilmalar mavsumga shay holatga keltirildi.

Jumladan, 15 ta qozon qurilmalari mukammal, 60 ta qozon qurilmalarida joriy taʼmirlash, 239 ta nasos agregatlarida mukammal va joriy, 420 ming metr boʻlgan ichki quvurlar va yordamchi uskunalarning issiqlik saqlash qoplamalarida mukammal taʼmirlash ishlari amalga oshirildi.

Press-tur ishtirokchilari keyingi manzilda “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tomonidan investitsiya loyihasi asosida Turkiyaning “Iltekno” kompaniyasi bilan hamkorlikda Toshkent shahrining Chilonzor tumanidagi “Oqtepa” va “Bogʻzor” mahallalari hududida bunyod etilgan kogeneratsiya qurilmasining faoliyati bilan tanishishdi. Ushbu loyiha Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2022-yil 13-dekabrda Chilonzor tumanida boʻlib, aholining issiqlik taʼminoti holatini oʻrganish natijalari boʻyicha belgilab bergan ustuvor vazifalari asosida amalga oshirildi.

Umumiy qiymati 10 mln. AQSH dollariga teng boʻlgan mazkur qurilma bir vaqtning oʻzida ham issiqlik, ham elektr energiyasi ishlab chiqarishga moslashgan boʻlib, soatiga 4,6 MVt elektr energiyasi hamda 29 Gkal issiqlik energiyasi ishlab chiqaradi. Foydali ish koeffitsiyenti esa 85 foizni tashkil etadi. Bu yerda Germaniyadan keltirilgan gaz-porshenlar hamda “Bosch” qozonlari ishlamoqda. Ular orqali yiliga jami 41 mln. kVt.soat elektr energiyasi va 219 ming Gkal issiqlik energiyasi ishlab chiqarilmoqda.

Qurilma hududdagi 50 ta koʻp qavatli uy, 7 ta ijtimoiy muassasa va oʻnlab tadbirkorlik subyektlarini barqaror issiqlik va elektr energiyasi bilan taʼminlab kelmoqda.

Loyihaning yana bir eʼtiborli jihati — issiqlik taqsimlash punktlari maxsus datchiklar bilan jihozlangan. Havo sovib yoki isib ketishiga qarab, uy ichidagi harorat moʻtadil saqlab turiladi. Majmua ishga tushirilishi natijasida yiliga 5,3 mln. metr kub tabiiy gaz iqtisod qilinishiga erishilyapti.

Yuqoridagi kabi loyiha oʻzining ijobiy natijalarini koʻrsatgandan keyin, hukumatning tegishli topshirigʻi asosida bu kabi loyihalarni ommalashtirishga kirishildi. Ayni paytda, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tomonidan Turkiyaning “Iltekno” kompaniyasi bilan hamkorlikda investitsiya loyihasi asosida Toshkent shahrining 6 ta tumanida qiymati 34,5 mln. AQSH dollari boʻlgan shu kabi kogeneratsiya qurilmalarini joriy etish ishlari olib borilmoqda.

Press-tur ishtirokchilarining yana bir manzili Olmazor tumani “Shon-Shuhrat” mahallasi hududida elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvati 1,2 MVt hamda issiqlik energiyasi ishlab chiqarish quvvati 6,4 Gkal boʻlgan zamonaviy kogeneratsiya qurilmasi qurilish maydonchasi boʻldi.

Ushbu loyiha ishga tushirilishi natijasida yiliga 8 mln. kVt.soat elektr energiyasi hamda 52 ming Gkal issiqlik energiyasi ishlab chiqariladi.

Loyiha asosida rivojlangan davlatlarning eng zamonaviy va yuqori tejamkor texnologiyalari oʻrnatilishi hisobiga yiliga 1,2 mln. kubmetr tabiiy gaz iqtisod qilinadi, atmosferaga chiqadigan ifloslantiruvchi moddalar hajmi 67 foizga kamayadi. Loyihaga koʻra, 15 ta yangi ish oʻrinlari yaratiladi.

Qurilma ishga tushgach, hududdagi 17 ta koʻp qavatli uy, 1 ta ijtimoiy soha obyekti va bir qator tadbirkorlik subyektlari barqaror issiqlik energiyasi bilan taʼminlanadi.

Loyiha joriy yilning oxirigacha ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?