Isroil tez orada Eron hujumiga qanday javob berish haqida qaror qabul qiladi

10:16 15 Aprel 2024 Dunyo
382 0

Foto: AP

Isroil hukumati dushanba kuni yoki yaqin kunlarda oʻz hududiga Eron hujumiga javob choralarining aniq turi boʻyicha qaror qabul qiladi. Bu haqda «ABC News» Isroil mudofaa kuchlari matbuot kotibi Piter Lernerga tayanib xabar bermoqda.

«Isroil hukumati dushanba kuni yoki yaqin kunlarda «keyingi qadamlar toʻgʻrisida» qaror qabul qiladi», — deyiladi telekanal xabarida.

Taʼkidlanishicha, Isroil mudofaa kuchlari allaqachon Isroil hukumatiga Eron hujumiga javob berishning barcha variantlarini, jumladan Eron hududiga zarba berishni nazarda tutmaydigan variantlarni taqdim etgan.

Isroil havo kuchlari shu yilning 1-aprel kuni Suriya poytaxti Damashqdagi Eron bosh konsulligi binosiga zarba bergan edi. Eron Islom inqilobi qoʻriqchilari korpusiga koʻra, buning oqibatida yetti nafar zobit, jumladan, ikki bosh maslahatchi — korpusning Suriya va Livandagi Quds kuchlari qoʻmondoni Muhammad Rizo Zohidiy va uning oʻrinbosari, brigada generali Muhammad Hodi Hoji Rahimiy halok boʻlgan. Tehron javob berish huquqiga ega ekanligini bildirdi.

Shu bois 13-aprel kuni Eron Isroilga javob hujumini uyushtirdi. «Fox News» telekanalining nomi oshkor etilmagan amerikalik rasmiyga tayanib xabar berishicha, hujumi paytida Eron ballistik raketalarining qariyb 50 foizi uchmadi yoki nishonga yetmasdan qulab tushgan.

«AQSH rasmiysi «Fox News» telekanaliga shanba kungi hujumda Eronning ballistik raketalarining 50 foizga yaqini ucha olmagani yoki nishonga yetmaganini tasdiqladi», — deyiladi telekanal xabarida.

Eron davlat telekanali «Press TV» bir kun oldin Eron qurolli kuchlari yakshanbaga oʻtar kechasi Isroilga hujumi chogʻida yettita gipertovushli raketa uchirgani, ularning birortasi ham Isroil havo hujumidan mudofaa vositalari tomonidan tutib olinmaganini maʼlum qildi. Shu bilan birga, CNN ikki amerikalik rasmiyga tayanib, avvalroq AQSH harbiylari Eronning Isroilga hujumi chogʻida 70 dan ortiq uchuvchisiz uchish apparatlari va kamida uchta ballistik raketani tutib olgani haqida xabar bergan edi. Shu bilan birga, Isroil rasmiylari Eron Suriyadagi konsulligini yoʻq qilish uchun javob operatsiyasida foydalangan raketalar va uchuvchisiz uchish apparatlarining 99 foizdan ortigʻini tutib olganini maʼlum qildi.

Eron Islom inqilobi qoʻriqchilari korpusi yakshanbaga oʻtar kechasi Isroil aviatsiyasi aprel oyi boshida Eronning Suriyadagi konsulligi binosini vayron qilganiga javoban Isroil hududiga hujum uyushtirayotganini maʼlum qildi. Turli manbalarga koʻra, hujumda bir necha oʻndan yuzlab raketalar va uchuvchisiz uchish apparatlari, jumladan Shahed kamikadze dronlari ishtirok etgan.

Isroil Mudofaa kuchlari qurolli kuchlari yuqori shay holatga kelganini aytdi. Pentagon Isroilni qoʻllab-quvvatlashini bildirdi.

Eronning BMTdagi missiyasi esa buni Tehron va Tel-Aviv oʻrtasidagi mojaro deb atadi va Vashingtonni «uzoq turishga» chaqirdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?