Isroil Eronning barcha dronlarini urib tushirdi va yana Eron hududiga zarba berdi

16:49 13 Iyun 2025 Dunyo
235 0

Foto: Reuters

Isroil mudofaa kuchlari Eron dronlarini muvaffaqiyatli tutib olgan. Bu haqda “Ynet” axborot portali xabar bermoqda.

Yahudiy davlati armiyasi 13-iyun, juma kuni Eronga hujum qildi. Isroil armiyasi bu operatsiyani “Eronning yadroviy qurol ishlab chiqarish salohiyatini jilovlash uchun ogohlantiruvchi hujum” dedi.

Hujumlar Natanzdagi uranni boyitish markazi, ballistik raketa infratuzilmasi, olimlar va harbiylar yashayotgan hududlar, qurol omborlari va harbiy laboratoriyalarga qaratilgan.

Eronning IRNA davlat axborot agentligi xabariga koʻra, hujum oqibatida mamlakatning bir qancha yuqori lavozimli qoʻmondonlari va yadro dasturi ustida ishlayotgan olimlari halok boʻlgan. Jumladan, Islom inqilobi qoʻriqchilari korpusi bosh qoʻmondoni Husayn Salomiy, Eron qurolli kuchlari qoʻmondoni oʻrinbosari – “Xatam-al-Anbiya” markaziy shtabi qoʻmondoni, general Gʻulom Ali Rashid hamda yadro dasturi ustida ish olib borayotgan olimlar – fizik Muhammad Mahdiy Tehronchi va atom energetikasi boʻyicha tashkilot rahbari Fariddun Abbos Davoniy hayotdan koʻz yumgan. Faqatgina Tehronda tinch aholi vakillaridan kamida oʻn kishi halok boʻlgan. Bundan tashqari, kamida 50 kishi tan jarohati olgan, ulardan 35 nafarga yaqini ayollar va bolalardir. Bu haqda Eron davlat televideniyesi boshlovchisi jonli efir vaqtida aytib oʻtdi.

Oʻz navbatida, Eron Islom Respublikasi oliy rahnamosi Ali Xomanaiy Isroil qilgan ishi uchun jazolanishini aytdi. Eron qarshi hujum rejasi doirasida yahudiy davlatiga 100 ta “Shahed-136” kamikadze dronlarini uchirdi. Isroil mudofaa kuchlari tomonidan maʼlum qilinishicha, ularning barchasi yoʻq qilingan.

Isroil yana Eron yadroviy inshootiga yana zarba berdi
Isroil Natanzdagi Eron yadroviy inshootiga yana zarba berdi. Bu haqda Eron davlat teleradiokompaniyasi xabar berdi.

“Bir necha daqiqa oldin sionistik rejim Tabriz, Sheroz shaharlari va Natanzdagi yadroviy inshootga zarba berib, yangi hujumlar va tajovuzlarni amalga oshirdi”, deyiladi xabarda.

Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, Isroilning Eronga uyushtirgan zarbalari natijasida Islom inqilobi qoʻriqchilari korpusi Aerokosmik kuchlari qoʻmondoni Ali Hojizoda ham halok boʻlgan.

AQSH Isroilga dunyodagi eng halokatli qurolni bergan
Eron tomonidan javob hujumiga uchragan taqdirda Isroilni himoya qilishga vaʼda bergan AQSH prezidenti Donald Tramp dunyodagi eng halokatli qurol yahudiy davlatida ekanini aytdi. Bu haqda «Regnum» axborot agentligi xabar berdi.

Nashrning yozishicha, Tramp AQSH dunyodagi eng yaxshi va halokatli harbiy texnikani ishlab chiqarayotgani, Isroilda esa ulardan koʻpi borligini aytgan. Oq uy rahbarining qoʻshimcha qilishicha, Eron Isroil bilan kelishuvga erishishi kerak, hozir mamlakatda qutqarib qoladigan narsa bor.

Shu oʻrinda Tramp Eronni Vashington bilan yadroviy bitim imzolashdan bosh tortish oqibatlari haqida ogohlantirdi.

“Men Eronga kelishuvga erishish uchun imkoniyatdan keyin imkoniyat berdim... Lekin ular qanchalik harakat qilishmasin, kelishuvga qanchalik yaqinlashmasinlar, hech qachon buni uddalay olishmadi”, — dedi u Isroil hujumidan keyin. Qoʻshimcha qilishicha, kelishuv rad etilgan taqdirda oqibatlar “ular kutganidan ham yomonroq” boʻladi.

Avvalroq, ham Tramp Eronni imkon qadar tezroq yadroviy bitim imzolashga chaqirgan edi. Shu oʻrinda u “Isroilning keyingi hujumlari yanada shafqatsiz va vayronkor boʻlishiga” ishonchi komilligini ham eslatib oʻtdi.

Isroilning ushbu hujum xalqaro hamjamiyat tomonidan keskin norozilik bilan kutib olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер