Ispaniyada tezyurar poyezd relsdan chiqib ketdi. Oʻnlab qurbonlar bor
Kecha, 18-yanvar kuni tunda Ispaniyaning Kordova viloyati yaqinida Malagadan Madrid shahriga harakatlanayotgan tezyurar “Iryo” yoʻlovchi poyezdi relsdan chiqib ketdi. Bu haqida BILD nashri xabar berdi.
Ispaniya ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, fojia oqibatida kamida 39 kishi halok boʻlgan, yana taxminan 75 nafar yoʻlovchi turli darajada tan-jarohatlari olib, shifoxonaga yotqizilgan. Ularning 15 nafari oʻta ogʻir ahvolda ekani aytilmoqda.
Maʼlum boʻlishicha, hodisa Kordova viloyatidagi Adamus shahri yaqinida mahalliy vaqt bilan soat 19:39 atrofida sodir boʻlgan. Poyezdning oxirgi uchta vagoni relsdan chiqib ketgan boʻlib, ulardan biri agʻdarilib, qoʻshni yoʻlga chiqib ketgan. Natijada u qarama-qarshi yoʻnalishda harakatlanayotgan “Renfe” kompaniyasiga tegishli yoʻlovchi poyezdi bilan toʻqnashgan. Toʻqnashuv oqibatida ikkinchi poyezdning ham bir nechta vagoni relsdan chiqib ketgan.
Fojia oqibatida qurbon boʻlganlar orasida mashinistlar ham borligi aytilmoqda. Guvohlarning soʻzlariga koʻra, yoʻlovchilar hodisadan soʻng darhol tibbiy yordam chaqirishga uringan, konduktorlar esa shoshilinch bolgʻalar yordamida vagon oynalarini sindirib, odamlarni evakuatsiya qilishga uringan.
Qutqaruv ishlariga jami 130 nafar qutqaruvchi, tibbiyot xodimlari va politsiya xodimlari jalb etilgan. Ispaniya transport vaziri Oskar Puente hodisa sabablari haqida hozircha aniq maʼlumotlar mavjud emasligini bildirgan. Bildirilishicha, fojia sodir boʻlgan temir yoʻl 2025-yilning may oyida toʻliq taʼmirdan chiqqan boʻlgan. Bu esa koʻplab shubhali savollarni keltirib chiqarmoqda.
Hozirgi vaqtda Madrid va Andalusiya oʻrtasidagi tezyurar poyezd qatnovi vaqtincha toʻxtatilgan. Hodisa yuzasidan tergov ishlari boshlab yuborilgan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Alisher Navoiy – ilm va maʼno ehtiyoji manbai
- Investorlar uchun eng jozibador hudud yoxud investitsiya oqimidagi keskin tafovutning sabab va oqibatlari
- Ilm-fan sohasida xotin-qizlarga yaratilgan imkoniyatlarga bagʻishlangan anjuman
- Oʻzbekistonda inson aʼzolarini 3D bioprinterda chop etish imkoniyati yaratilmoqda
- Bedilni xalqqa tanitgan xattot
- Oʻzlikni anglash sari muhim qadam: “Milliy qadriyatlar atlasi” kitob-albomi taqdimot qilindi (+video)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring