Islohotlar izchilligi va ijtimoiy masʼuliyat — farovon kelajak poydevori
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasini katta hayajon bilan tingladik. Murojaatnomada oʻtgan toʻqqiz yilda erishilgan natijalar chuqur tahlil qilinib va erishilgan natijalarga asoslanib, nafaqat 2026-yilga, balki 2030-yilga qadar mamlakatni iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirishning strategik vazifalari belgilab berildi.
Unda ilgari surilgan tashabbuslar davlat boshqaruvida barqarorlik va islohotlarda izchillikni taʼminlashga, shuningdek, jamiyatni ijtimoiy-maʼnaviy rivojlantirishga yoʻnaltirilgan.
Prezident nutqida iqtisodiy oʻsishni taʼminlash masalasi faqat raqamlar yoki koʻrsatkichlar bilan emas, balki uning inson hayotiga, aholi farovonligiga qanday taʼsir koʻrsatishi nuqtayi nazaridan yoritilgani muhim ahamiyat kasb etadi. Iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, sanoat va infratuzilmani modernizatsiyalash, investitsiya muhitini yaxshilash kabi vazifalar milliy iqtisodiyotning tashqi xatarlarga chidamliligini oshirishga qaratilgan boʻlsa, ijtimoiy sohada taʼlim, sogʻliqni saqlash va ijtimoiy himoya masalalariga berilgan ustuvor eʼtibor davlat siyosatining markazida inson turganini yana bir bor tasdiqlaydi.
2026-yil yurtimizda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb eʼlon qilindi. Bu qaror davlat siyosatining markaziga yanada ochiq-oydin tarzda inson, uning kundalik hayoti va jamiyatdagi oʻrni qoʻyilayotganini anglatadi. Mahalla – Oʻzbekiston sharoitida shunchaki maʼmuriy tuzilma emas, balki jamiyatning ijtimoiy tayanchi, odamlar oʻrtasidagi oʻzaro yordam, hamjihatlik va javobgarlikni taʼminlovchi muhim institut hisoblanadi. Shu maʼnoda, butun bir yilni mahallaga bagʻishlash davlatning islohotlarni yuqori darajadagi qarorlar bilan cheklamay, ularni aholining eng quyi boʻgʻinigacha yetkazishga intilayotganini koʻrsatadi. Bu tashabbus orqali jamiyatni rivojlantirish “yuqoridan pastga” emas, balki “pastdan yuqoriga” tamoyili asosida amalga oshirilishiga urgʻu berilayotganini koʻrish mumkin.
Bundan tashqari, mazkur nomlanishda “jamiyatni yuksaltirish” iborasining qoʻllanilishi faqat infratuzilma yoki maishiy muammolar bilan cheklanib qolmasdan, ijtimoiy ong, fuqarolik faolligi va maʼnaviy muhitni ham qamrab olishga qaratilgan keng qamrovli yondashuvni anglatadi. Bu esa mahallaning roli endilikda faqat ijtimoiy yordam taqsimlovchi tizim sifatida emas, balki fuqarolarning tashabbusini qoʻllab-quvvatlaydigan, jamiyatda masʼuliyat va daxldorlik hissini kuchaytiradigan maydon sifatida qayta qaralayotganini koʻrsatadi.
Murojaatnomada oltita ustuvor yoʻnalish belgilandi.
Birinchi ustuvor yoʻnalish – mahalla infratuzilmasini yanada yaxshilash, ularga Yangi Oʻzbekiston qiyofasini olib kirishdan iborat deyildi.
Prezidentimiz mahallalardagi muammolar, yaʼni yoʻl, suv, elektr va transport taʼminoti, bogʻcha, maktab va oilaviy poliklinikadagi shart-sharoitlarga qarab, odamlar islohotlarimizga baho beradi, dedi. Odamlarda ertangi kunga ishonch boʻlishi uchun ham birinchi galda ularga qulay shart- sharoit yaratish kerakligi taʼkidlandi. Bu yoʻnalish OKMK tomonidan ijtimoiy masʼuliyatini yanada oshirishi lozimligini koʻrsatmoqda. Xususan, Olmaliq shahri va unga tutash hududlarda mahalla infratuzilmasini yangilash, yoʻllar, ijtimoiy obyektlar, taʼlim va sogʻliqni saqlash muassasalarini qoʻllab-quvvatlash orqali aholi turmush sifatini oshirish ishlari mutlaqo yangi yondashuv asosida davom ettiriladi.
Joriy yilda Prezidentimizning “Mahallalarda tomorqalardan samarali foydalanishni tashkil etish orqali aholi bandligi va daromadlarini oshirishga qaratilgan ishlarni yanada jadallashtirish toʻgʻrisida”gi farmoyishiga muvofiq kombinat Toshkent viloyati Oʻrta Chirchiq va Chinoz tumanlari, Nurafshon shahri hamda Fargʻona viloyati Oltiariq tumaniga biriktirildi. Bugungi kunda ushbu hududlardagi mahallalarda OKMK xomiyligida koʻchalarga asfalt yotqizildi, aholiga ichimlik suvi yetkazib berish boʻyicha amaliy ishlar bajarilib, artezian quduqlar qazildi, elektr tarmogʻi yaxshilandi. Bundan tashqari, aholining tomorqadan samarali foydalanishiga koʻmaklashish maqsadida 12ta daromadi past oilalar uchun yengil konstruksiyali issiqxonalar qurib berildi.
Shuningdek, Sirdaryoda tumanidagi maxsus maktab-internat toʻliq rekonstruksiya qilinib, yangi qiyofada foydalanishga topshirildi. Ayni paytda Angren shahridagi “Dukent” madaniyat uyi ham jadal rekonstruksiya qilinmoqda.
Ikkinchi ustuvor yoʻnalish – iqtisodiyotni texnologik va innovatsion oʻsish modeliga oʻtkazishdan iborat.
Bugungi kunda kombinatda zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, ishlab chiqarishni raqamlashtirish, yangi konlarni oʻzlashtirish va quvvatlarni modernizatsiya qilish boʻyicha yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Bu jarayonlar nafaqat mahsulot hajmini oshirish, balki yuqori qoʻshilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish, energiya samaradorligini yaxshilash va tashqi bozorlarda raqobatbardoshlikni taʼminlashga xizmat qilmoqda.
Aynan shu yoʻnalishda, yaʼni biznes va texnologik jarayonlarini avtomatlashtirish, boshqaruv va operatsion sohani optimallashtirish doirasida shu yilning oʻzida 20 ta loyiha ishga tushirildi. Shuningdek, Prezidentimizning 2025-yil 16-sentyabrdagi “Respublikaning hudud, soha va tarmoqlarida raqamli texnologiyalar joriy etilishini yanada jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori doirasida yana 7 ta loyiha amalga oshirilmoqda.
Hayotimizning har bir jabhasiga kirib kelayotgan sunʼiy intellekt texnologiyalari kombinatning ishlab chiqarish jarayonlarida ham joriy etilmoqda. Xususan, “Qalmoqqir” va “Yoshlik-1” konlarida kon-transport boshqaruv tizimi ishga tushirildi. Natijada maʼlumotlarni “onlayn” jamlash, qayta ishlash yoʻlga qoʻyildi. “Yoshlik-1” konida “ekskavator – avtosamosval” operativ boshqaruv tizimi ishga tushirilib, avtomatik ravishda avtosamosvallar ekskavatorlarga taqsimlanmoqda.
Sunʼiy intellektga asoslangan maʼdan oʻlchamlarini, ekskavator kovshining tishlarini nazorat qilish hamda haydovchilarning charchoqlarini kuzatish funksionallari ishga tushirildi. Maʼdanni boyitish jarayonida video analitika “Mashina koʻz nazorati” pilot loyihasi sinovdan oʻtmoqda.
Mis boyitish fabrikasida “maʼdan – suv” nisbatlarini avtomatlashtirish maqsadida nazorat va oʻlchov javonlari oʻrnatildi. Flotatsiya jarayonlarini avtomatlashtirish uchun U-flotation intellektual tizimi joriy etilmoqda, u real vaqtda jarayonni tahlil etib, boshqaruv qarorlarini qabul qiladi. Ishlab chiqarish samaradorligini oshirib, yoʻqotish va xarajatlarni kamaytiradi.
Mis boyitish fabrikasida qoʻshimcha 3 ta konsentrator oʻrnatilishi tufayli foydali komponentlarni maʼdandan ajratib olish darajasi 1-3 foizga oshirildi. 2-Mis boyitish fabrikada maydalash-yuvish uchastkasi uskunalarining sozlanishi natijasida avariyaviy toʻxtashlar 30 foizga kamayadi. Mis eritish zavodida avtomatlashtirilgan axborot tizimi tayyor mahsulotni yuklashni nazorat qiladi.
Sulfat kislotasi sexining kislota ombori va Metallurgiya sexining maydalash shixtalash boʻlimi avtomatlashgan dispetcherlik tizimi orqali onlayn tarzda nazorat qilinmoqda.
Metallurgiya sexi pechlariga yuklanuvchi shixta tarkibini kimyoviy va ekspress tahlil natijalarini elektron tarzda toʻldirish yoʻlga qoʻyildi. Natijada qogʻozbozlik 50 foizga qisqartirildi.
Prezident murojaatida iqtisodiy rivojlanish, investitsiya muhitini yaxshilash va ilgʻor texnologiyalarni jalb etishga alohida urgʻu berilgani bu yoʻnalishdagi ishlarni yanada rivojlantirishimiz va jadallashtirishimiz shartligini bildiradi. Shuningdek, ilgʻor texnologiyalarni jalb etishda turli xalqaro tashkilotlar, xorijiy kompaniyalar va AQSH bilan hamkorlik qilish ham dolzarbdir. Hozirda Amerika va Yevropa kompaniyalari bilan qoʻshma loyihalarni kengaytirish, zamonaviy texnologiya va boshqaruv tajribasini jalb qilish orqali milliy iqtisodiyotni modernizatsiya qilish masalalari koʻrib chiqilmoqda. Bu hamkorlik Oʻzbekiston iqtisodiyotining raqobatbardoshligini oshirish, eksport imkoniyatlarini kengaytirish va yuqori qoʻshilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishga xizmat qiladi.
Uchinchi ustuvor yoʻnalish – ichki bozorda talabni rivojlantirish.
Prezidentimiz taʼkidlaganidek, qulay biznes muhiti yaratilishi, ish oʻrinlarining koʻpayishi, mahsulotlar turi oshishi xalqimizning daromadini va farovonligining yuksalishiga xizmat qiladi.
Sanoat kooperatsiyasi doirasida OKMK tomonidan Angren shahridagi “Birinchi rezina texnika zavodi”, Toshkent shahridagi “Apiteks”, Ohangarondagi “Steel Pipe Company”, Olmaliq shahridagi “Carbon Polymer” va “Almalyk Quyuv Mexanika Zavodi” kabi korxonalar bilan hamkorlik qilinmoqda. Bu import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish barobarida, ichki bozorni rivojlantirib, yangi ish oʻrinlarini yaratilishiga zamin yaratyapti.
Ishlab chiqarish zanjirlarini kengaytirish, tadbirkorlikni qoʻllab- quvvatlash orqali ichki bozorda barqaror talab muhitini yaratish mumkin.
Shu bois oldimizda turgan dolzarb vazifalardan biri “sanoat uchburchagi” dasturi doirasidagi ishlarni yanada rivojlantirish deb hisoblaymiz.
Murojaatnomadagi kasblarni rivojlantirish va yangi mehnat bozori arxitekturasini yaratish – kelgusi yil uchun dasturining toʻrtinchi ustuvor yoʻnalishidir.
Prezident murojaatida inson kapitali, taʼlim va yoshlar siyosati ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilandi. Bu jihatdan xorijiy davlatlar bilan bilan taʼlim, fan va innovatsiya sohalaridagi hamkorlik alohida ahamiyat kasb etadi. Akademik almashinuvlar, qoʻshma taʼlim dasturlari va ilmiy loyihalar yosh avlodning bilim va tafakkur salohiyatini oshirish orqali mamlakatning uzoq muddatli taraqqiyoti uchun mustahkam zamin yaratadi.
Bu yoʻnalishda kombinatning Oʻquv markazi, Muhandislik maktabi va 2025-yilda tashkil etilgan Ilgʻor muhandislik maktabi asosiy ijrochilar boʻlib xizmat qiladi. Ushbu maktablardagi zamonaviy uskunalar, yangi texnologik jarayonlarga moslashtirilgan ilgʻor oʻqitish dasturlari orqali professional mutaxassislar qayta tayyorlanadi.
Oliy taʼlim muassasalari va kasb-hunar maktablari oʻquvchi va talabalari uchun doimiy amaliyotlarni tashkil etish orqali, ularni kelgusida ishga qabul qilishning “kafolatlangan koʻprigini” yaratish ham bosh maqsad etib belgilandi.
Shuningdek, ishchilar malakasini oshirish boʻyicha kombinatning yangi investitsiya loyihalari, xususan, yangi Mis boyitish fabrikalari uchun salohiyatli kadrlarni tayyorlash maqsadida xorijiy hamkorlar ishtirokida treninglar va malaka oshirish kurslari ham muntazam ravishda oʻtkazib kelinmoqda.
Bu chora-tadbirlar Oʻzbekistonda zamonaviy, raqobatbardosh va eng muhimi, talabga javob beradigan mehnat bozorini yaratishga qaratilgan.
Beshinchi ustuvor yoʻnalish – ekologik muvozanatni taʼminlash, “yashil” energetika va suv resurslaridan oqilona foydalanish.
Bu yoʻnalish kombinat uchun dolzarb hisoblanadi. 2025-yilda Mis boyitish fabrikalarida havoni chang, gaz va boshqa sanoat chiqindilaridan tozalashga moʻljallangan aspiratsiya tizimlari toʻliq rekonstruksiya qilindi.
Shuningdek, asosiy va yordamchi obyektlardagi 30 ta tizim mukammal va 130 ta eskirgan ventilyatsiya-aspiratsiya qurilmalari joriy taʼmirlandi. Natijada ularning ish samaradorligi 99,5 foizga yetkazildi.
Mis eritish zavodining sulfat kislota sexida chiqindilarni avtomatik tahlil qilish va monitoring qilish uskunalari oʻrnatilib, respublika boʻyicha yagona tizimga integratsiya qilindi.
Shuningdek, Rux zavodida 180 ming tonna quvvatga ega yangi sulfat kislotasi sexini qurish yakunlanmoqda. Sex ishga tushirilgach, oltingugurt gazi atmosferaga chiqarilmasdan toʻliq ushlab qolinadi.
Murojaatnomada taʼkidlanganidek, OKMKda qiymati 2 milliard 700 million dollar, quvvati 300 ming tonna mis katodidan iborat boʻlgan yangi metallurgiya majmuasini barpo etish ishlari boshlanadi. Ushbu strategik loyihamiz amalga oshirilishi natijasida kombinatda mis ishlab chiqarish 148,5 ming tonna quvvatdan 300 ming tonna quvvatgacha yetadi. Yangi metallurgiya majmuasida “Flash Smelting” va “Flash Converting” texnologiyalari asosida ishlaydigan zamonaviy pechlar joriy etiladi. Bu texnologiya tufayli chiqindi oltingugurt gazi toʻliq ushlab qolinadi va qoʻshimcha mahsulot – yiliga 1,8 million tonnagacha sulfat kislotasi olishga yoʻnaltiriladi.
“Yashil energetika”ga oʻtish boʻyicha ham OKMKda bir qator ishlar amalga oshirildi. Bugungi kunda 80 dan ortiq maydonda umumiy quvvati 9 megavatt boʻlgan quyosh panellari ishlab turibdi. Joriy yil yakuni bilan ularda 7 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Ushbu koʻrsatkich toza energiyaga investitsiyalar samaradorligi ortib borayotganini koʻrsatadi.
Dunyoda suv tanqisligi tobora dolzarb boʻlib bormoqda va suvdan oqilona foydalanishni davlat siyosati darajasiga olib chiqmoqda. Shu bois kombinatda ham suv havzalari doimiy ravishda tozalanib, nasos uskunalari va magistral quvurlar germetizatsiyasi nazoratda boʻladi.
Oltinchi ustuvor yoʻnalish – zamonaviy davlat boshqaruvi va adolatli sud-huquq tizimi borasidagi islohotlarni davom ettirish.
Murojaatnomada davlat boshqaruvini raqamlashtirish, byurokratik toʻsiqlarni qisqartirish va korrupsiyaga qarshi kurashni tizimli ravishda kuchaytirish masalalari faqat maʼmuriy islohot sifatida emas, balki jamiyatda adolat va ishonch muhitini shakllantirishning muhim sharti sifatida talqin qilindi.
Aytish joizki, byurokratiyani kamaytirish va korrupsiyaga qarshi kurash masalalarining qatʼiy qoʻyilishi hokimiyat tizimida samaradorlik va shaffoflikni oshirishga qaratilgan. Albatta bu yoʻnalishdagi tashabbuslarning muvaffaqiyati koʻp jihatdan ularning ijrosi, nazorat mexanizmlari va jamoatchilik ishtirokining qay darajada taʼminlanishiga ham bogʻliq boʻladi.
Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha ochiq va shaffof tizim yaratilgan boʻlib, bu respublika va xalqaro forumlarda eʼtirof etilmoqda.
Xususan, “Sustainable Fitch” xalqaro reyting agentligi tomonidan respublikada eng yuqori ball bilan kombinatga ESG 3-reyting darajasi berildi. Oktyabr oyida boʻlib oʻtgan Aksilkorrupsiya forumida kombinatning faoliyati ochiqligi va shaffofligi alohida taʼkidlandi.
Kombinat “ochiqlik indeksi” boʻyicha respublikada birinchi oʻrinni oldi. Joriy yilda aksiyadorlik jamiyatlari ichida ham eng yuqori oʻrinni qoʻlga kiritdi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish menejment tizimi boʻyicha respublika va xalqaro ISO standartlariga mosligi toʻgʻrisida sertifikatlar olindi.
Soʻngsoʻz oʻrnida shuni aytmoqchimanki, 2025-yil 26-dekabrdagi Murojaatnoma Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda olib borilayotgan islohotlar muayyan barqaror bosqichga chiqqanini, endi esa davlat siyosati sifat, samaradorlik va natijaga yoʻnaltirilayotganini koʻrsatadi. Bu hujjatni mamlakatni modernizatsiya qilish, iqtisodiy rivojlanishni ijtimoiy masʼuliyat bilan uygʻunlashtirish va davlat hamda jamiyat oʻrtasidagi oʻzaro ishonchni mustahkamlashga qaratilgan muhim siyosiy bayonot sifatida baholash mumkin.
Abdulla XURSANOV, “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ boshqaruv raisi, Oliy Majlis Senati aʼzosi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻrta Osiyodagi eng baland yangi yil archasi — Namanganda
- Oʻzbekistonda YTT va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar QR-kodsiz faoliyat yuritsa jarimaga tortiladi
- Yaldo tuni: Yerliklar bugun eng uzun tun va eng qisqa kunga guvoh boʻladi
- Hokim yordamchisi kimga yordamchi?
- Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot sovrindorlari maʼlum boʻldi
- “Lavozimim, unvonim bor, menga hech kim tegmaydi”, deganlar adashadi. Qonun oldida hamma teng!»
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring